Elche 0:5 Barcelona: Xansi Flik matbuot anjumanida o'yinni tahlil qildi
Barca Family News ↗ ●●●●● Matbuot 👁 17

Elche 0:5 Barcelona: Xansi Flik matbuot anjumanida o'yinni tahlil qildi

🎙⚽️ Xansi Flikning «Elche»ga qarshi o'yindan keyingi matbuot anjumani:

❓Bugun «quruq» o'yin, beshta gol, vaholanki, «Barsa»ga «to'qqizlik» kerakligi haqida gapirilmoqda. Hammasi ajoyib ko'rindi, lekin birinchi bo'limda biroz xavotirda ko'rindingiz...

🗣 Xansi Flik: «Men xavotirda edim, chunki to'pni juda ko'p yo'qotdik, qolaversa, oddiy vaziyatlarda. Odatda biz bunday o'ynamaymiz. To'pni biroz yaxshiroq nazorat qilishimiz kerak va jamoadan aynan shuni kutaman. Yakunda esa darvozamiz daxlsizligini saqlab qoldik, bu shunchaki fantastik, chunki biz juda yaxshi himoyalandik. Bunday jamoaga beshta gol urish ham juda yaxshi natija. «Elche» fantastik futbol o'ynaydi. Ularning o'yinini, himoyadan to'pni olib chiqishlarini kuzatish menga haqiqatan ham yoqadi. Ular juda dadil o'ynashadi va buni tomosha qilish yoqimli. Biz, albatta, ular qoldirgan bo'shliqlardan foydalanmoqchi edik va ayniqsa, o'zgarishlardan keyin bu bizda juda yaxshi chiqdi».

❓Hujumchi transferiga ehtiyoj yo'q, degan fikrga qo'shilasizmi yoki baribir «to'qqizlik» sotib olish kerakmi?

🗣 Xansi Flik: «Bu haqda o'yindan keyin gaplashib olamiz. Deku bilan juda tez-tez muloqot qilamiz. Nima muhimligini bilamiz va buni kelasi hafta ham muhokama qilamiz. Hozircha kutamiz. 5:0 hisobida g'alaba qozonib, uch ochkoni qo'lga kiritganimizdan juda xursandmiz, chunki bu biz uchun fantastik boshlanish. Biz aynan shuni xohlagan edik va bu natija keyingi o'yinlar oldidan bizga kerakli ishonchni ham beradi».

❓Mavsum boshidayoq jamoangizdan bunday darajadagi o'yinni kutganmidingiz?

🗣 Xansi Flik: «Mashg'ulotlarda juda yuqori darajani ko'ryapman va har kuni aynan shuni kutaman. Men uchun mashg'ulot — rivojlanish uchun eng muhim joy. Agar mashg'ulotlarda shunday o'yin ko'rsatsak, keyinchalik buni o'yinlarga ham ko'chira olamiz. Jamoadan aynan shuni xohlayman. Bir jamoa bo'lib o'ynashimiz juda muhim. Birgalikda himoyalanishimiz va birgalikda hujum qilishimiz kerak. Bugun katta salohiyatni ham ko'rdim. Hali ustida ishlashimiz kerak bo'lgan jihatlar bor, lekin ayni paytda ko'plab elementlarni allaqachon juda yaxshi bajaryapmiz».

❓Xavi Espart chap qanot himoyachisi pozitsiyasida juda yaxshi o'ynadi. Bu o'yinchi yoz davomida va mavsumoldi tayyorgarlikda qanday rivojlangani sizni ajablantirdimi?

🗣 Xansi Flik: «U U-19 turnirida ham qatnashdi va jismonan 100 foiz tayyor. Uning hozirgi darajasi haqiqatan ham juda yuqori. Bu menga juda yoqadi. Bizda yana «La Masiya»dan shunday darajani ko'rsatayotgan o'yinchi paydo bo'ldi. Bu ajoyib. U uchun qanotda, «sakkizlik», «beshlik» yoki chap qanotda o'ynashining farqi yo'q. U nima qilish kerakligini shunchaki biladi. Bu yerda ko'p gapirish shart emas. U o'z rolini juda yaxshi tushunadi, to'p bilan esa shunchaki dahshatli».

❓Rafinya qaysi pozitsiyada kerak bo'lishidan qat'i nazar, istalgan vaqtda jamoaga yordam berishga tayyorligini ko'rsatdi. Uning jamoa uchun o'ynashga doimiy tayyorligini qanday baholaysiz va uning kayfiyati qanchalik muhim deb hisoblaysiz?

🗣 Xansi Flik: «Bu barchaga tegishli. Psixologik kayfiyat juda muhim va biz buni har kuni ko'rsatishimiz kerak. 60 yoki 90 foiz kuch bilan o'ynab bo'lmaydi. 100 foiz kuch sarflash kerak. Eng muhimi shu. Agar buni mashg'ulotlarda ko'rsatsak, bu juda soz. Rafinya men uchun juda yaxshi namuna. Intensivlik, doimiy rivojlanish namunasi, shuningdek, pressingni boshlab beradigan o'yinchi. U pressingni boshlaganda, qolgan futbolchilar ham unga ergashadi. Bu ajoyib va mening fikrimcha, sardor aynan shunday harakat qilishi kerak».

🔚 Matbuot anjumani yakunlandi.

Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!