Aleksey Batrakovning «Galatasaroy»ga o'tishi bo'yicha kelishuv shartlaridan biri – 25 million yevro va qo'shimcha 4 million yevroni bo'lib-bo'lib to'lash. Turkiya klubi uchun har bir yevro muhim, shu bois tomonlar 2027-yil oxirigacha hisob-kitob qilishga kelishib olishdi. Vaholanki, bir yil avval klub faqat Osimxen uchun 75 million yevro sarflagan, umumiy transfer xarajatlari esa 158 million yevroni tashkil etgandi.
«Galatasaroy»ning moliyaviy ahvoli haqiqatan ham barqarormi?
Bu hali ham Yevropaning eng boy klublaridan biri:
● 2024/25-yilgi mavsumda klubning operatsion daromadi (transferlarsiz) 280 million yevroni tashkil etdi (Yevropada 23-o'rin) – bu «Zenit»dan (275 mln) ko'p, ammo «Zalsburg»dan (282 mln) biroz kamroq.
● Tijoriy faoliyat «Galatasaroy»ga 159 million yevro keltirdi (13 foizga o'sish) – Yevropada 13-o'rin. Umumiy daromad tarkibida tijoriy daromad ulushi (57 foiz) bo'yicha «Galatasaroy» Yevropaning top-25 klubi orasida yaqqol yetakchi. Ular «Fenerbaxche» (55 foiz), «Beshiktosh» (53 foiz) va «Manchester Siti» (50 foiz)dan oldinda. Klub eng ko'p daromadni futbolkalar va atributika sotuvidan oladi – yiliga 99 million yevro (16 foizga o'sish). Bu «PSJ» va «Chelsi» ko'rsatkichlaridan ham yuqori!
● Shuningdek, o'yin kunlaridagi daromad ham yuqori – 81 million yevro (37 foizga o'sish). Bu «Milan», «Atletiko» (har biri 80 mln) va Dortmundning «Borussiya»si (55 mln) ko'rsatkichlaridan yaxshiroq.
Umuman olganda, «Galatasaroy»ning daromadlari bilan bog'liq ishlar joyida. Aprel oyida klub prezidenti Dursun O'zbek daromadlar 400 million yevro darajasiga yetishini prognoz qilgandi.
Nega unda Batrakov uchun bir yo'la to'lab qo'ya qolishmaydi? Klubda erkin mablag' deyarli yo'q:
● UEFA uchun «Galatasaroy» to'lovni qanday amalga oshirishi muhim emas. Buxgalteriya nuqtayi nazaridan Aleksey Batrakov turklar uchun yiliga atigi 5 million yevro amortizatsiya xarajatini tashkil etadi (25 mln / 5 yil). Bu borada muammo yo'q.
● «Galatasaroy» kreditlarga juda bog'lanib qolgan, ustiga-ustak muddatlar ham yaqinlashmoqda. Fevral oyi oxiridagi hisobotga ko'ra, klubning umumiy qarzi 661,6 million yevrodan 494,2 million yevrogacha qisqargan (25 foizga). Biroq, bir yil ichida yopilishi kerak bo'lgan qisqa muddatli majburiyatlar ulushi keskin oshgan. Ya'ni, umumiy qarz kamaygan bo'lsa-da, uning tarkibi yomonlashgan.
● Sof aktivlar biznes hisobiga o'smagan. Sof aktivlar 307,17 million yevrogacha ko'tarildi (143,8 foizga), bunga asosan nomoddiy aktivlarning ikki baravarga o'sishi (209,5 mln yevro) sabab bo'ldi. Shu bilan birga, hisob raqamlardagi naqd pul 7,6 million yevrodan 0,6 million yevrogacha tushib ketdi.
● Aksiyalar chiqarish orqali pul ishlash mumkin, ammo bu bir martalik chora. 2025-yil iyulida «Galatasaroy» yangi aksiyalar chiqarish hisobiga kapitalni 150 foizga oshirdi. Bu kassaga qariyb 200 million yevro olib keldi va u o'tgan yilgi transfer kampaniyasiga sarflandi. Ammo aksiyalarni cheksiz miqdorda chiqaraverib bo'lmaydi.
● Turkiyadagi giperinflyatsiya vaziyatni murakkablashtirmoqda. Uch yil ichida mamlakatdagi umumiy inflyatsiya 100 foizlik chegaradan oshib ketdi. Lira bir yil ichida qariyb 17 foizga qadrsizlandi. Bunday sharoitda balansdagi har qanday valyuta krediti lira ko'rinishida o'z-o'zidan qimmatlashadi, bu esa klubning «boshqa operatsion xarajatlari»ni ikki baravardan ko'proqqa oshirdi (16,9 mln yevrodan 36,7 mln yevrogacha). Transferlar uchun bir yo'la ko'p valyuta sarflash foydali emas. Aynan shu sababli Batrakov uchun 25+4 million yevro bir necha yilga taqsimlab chiqildi.
● Foyda aldamchi bo'lishi mumkin. 2025/26-yilgi mavsumning dastlabki to'qqiz oyida sof foyda 14,14 million yevrogacha qisqardi (17 foizga), garchi daromad 48 foizga o'sgan bo'lsa ham. Futbolchilarni qayta sotishdan tushgan daromadlar qariyb olti baravarga kamaydi, valyuta majburiyatlari bo'yicha kurs farqlari esa qolgan foydaning deyarli hammasini «yeb qo'ymoqda».
🤔 Xullas, «Galatasaroy» Batrakovni xarid qilishga qodir – tarkib bo'yicha limitda zaxira bor. Ammo hisob raqamlarida naqd pul unchalik ko'p emas, shu bois vaziyatdan chiqish yo'llarini izlashga to'g'ri kelmoqda.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!