Gasperini DAZN intervyusida jamoasining o'yinidan qoniqish hosil qilganini ta'kidladi.
"Juda ham mamnunman. Ayniqsa, ko'plab futbolchilar terma jamoalarga ketib, so'nggi daqiqalarda qaytishganda, ma'lum bir noaniqlik bo'ladi. Eng avvalo, avvalgi o'yinni yaxshi o'tkazganimiz uchun, o'sha sur'atni saqlab qola olamizmi, degan savol bor edi. Bugungi hisob o'yin qanchalik qiyin kechganini to'liq aks ettirmaydi. Biz juda motivatsiyaga ega, a'lo jismoniy holatdagi va o'yinni katta energiya bilan boshlagan "Parma"ga qarshi o'ynadik. Biroq 90 daqiqa davomida o'yin xarakteri o'zgardi. Maydonda yakuniy natijadan ko'ra ancha muvozanatli vaziyatlar yuzaga keldi", - dedi murabbiy.
Andrea Stramachchoni "Roma"ning 12 turdan so'ng A Seriya tarixidagi eng sermahsul jamoaga aylanganini qayd etdi.
"Shubhasiz, jamoa barcha jabhalarda, jumladan, qiyin vaziyatlarda ham o'smoqda. Biz ustunlikni mustahkamlamoqchi bo'lganimizda noxush gol o'tkazib yubordik. Bu ruhiy jihatdan ta'sir qilishi mumkin edi, ammo jamoa yanada kuchliroq munosabat bildirdi. Bu jamoaning hozirda o'z kuchiga ishonayotganidan va gol ura olishiga ko'zi yetayotganidan dalolat beradi. Shuning uchun muvaffaqiyatsiz epizoddan keyin ham biz qiyinchiliklarni yengib o'tishimizga va o'z futbolimizni o'ynashda davom etishimizga ishonchimiz komil", - deya qo'shimcha qildi Gasperini.
Malenning o'yini haqida gapirar ekan, Gasperini shunday dedi:
"U Niderlandiyada, Dortmundning "Borussiya"sida va "Aston Villa"da katta yo'lni bosib o'tdi. Bunday klublarga hech narsaga erishmagan va yuqori sifatlarga ega bo'lmagan futbolchilar tushmaydi. Balki, men uni o'zini eng yaxshi ko'rsata oladigan pozitsiyaga qo'ygandirman. Ammo bu boshqa jamoalarda yomon o'ynaganini anglatmaydi".
Murabbiy hujumchi haqida fikr bildirar ekan, shunday xulosa qildi:
"Malen hozirda o'z sifatlari va eng muhimi, jamoamiz bilan o'zaro hamkorligi tufayli ajoyib futbolchiga aylandi. Bizning o'yin modelimiz aynan shunday xususiyatlarga ega hujumchini ochib berishga yordam beradi".
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!