Hansi Flikning "Atletiko"ga qarshi o'yindan keyingi matbuot anjumani:
❓Frenki de Yongning ikkinchi bo'limdagi harakatlari, xususan, o'ng qanot himoyasi va markazdagi o'yini haqida nima deya olasiz? U bugungi g'alabaga qanday hissa qo'shdi?
🗣 Hansi Flik: "Biz tanaffusda taktikani o'zgartirdik. Birinchi bo'limda o'zimizga o'xshamagandik. Intensivlik va pressing yetishmayotgandi. Men Frenkidan bu pozitsiyada o'ynay olishi haqida so'radim. Oldingi o'yin oldidan ham gaplashgandik, u jamoaga kerak bo'lsa, yordam berishini aytdi. Rejamiz shunday edi: u 15 daqiqa o'ng qanotda o'ynaydi, Bernal charchaganida esa uning o'rnini egallaydi — aynan shunday bo'ldi. Menimcha, to'g'ri qaror qabul qildik".
❓Tanaffusda pressing taktikasini qanday o'zgartirdingiz? Qiyin o'yinda g'alaba qozonishning kaliti nimada edi?
🗣 Hansi Flik: "Birinchidan, tanaffus arafasida urilgan 1:1 hisobidagi gol juda muhim bo'ldi. Bundan tashqari, biz raqibdan juda uzoqda edik, shu bois pressing qilish qiyin edi. Raqiblar hujum qanotlarini doimiy o'zgartirib turishdi, ikkinchi bo'limda esa buni yaxshiroq uddaladik. O'yin 90 daqiqa davom etadi. Birinchi bo'lim ideal bo'lmadi, ammo ikkinchisi yaxshiroq chiqdi va menimcha, g'alabaga to'liq loyiq edik. Men xursandman: yana uch ochko — biz uchun ideal natija".
❓Terma jamoalar tanaffusiga turnir jadvali peshqadami sifatida chiqish qanchalik muhim? 1 dan 10 gacha baholang.
🗣 Hansi Flik: "10".
❓Bu "Barselona" hali birorta yirik o'yinda g'alaba qozonmagan deganlarga javob bo'ldimi? Bugun siz "Atletiko"ni safarda mag'lub etdingiz.
🗣 Hansi Flik: "Ha, bizda bunday o'yinlarda g'alaba qozonish uchun barcha imkoniyatlar bor. Men jamoaga yuz foiz ishonaman va bugun, ayniqsa ikkinchi bo'limda, ajoyib ish qildik. Bu yerda, "Atletiko"ga qarshi g'alaba qozonish oson emas. Men uchun bu fantastik natija. Biroq, oldinda hali uzoq yo'l borligini bilamiz. Doim aytaman, mavsum yakuniga hali ancha bor. Biz har kuni sovrinlar yutish va muvaffaqiyatga erishish uchun ishlayapmiz. Aynan shuni xohlaymiz".
❓Mavsum juda uzun. O'yinchilar charchab qolmasligi va mavsum oxirigacha yuqori saviyani saqlab qolish uchun yuklamani qanday taqsimlayapsiz?
🗣 Hansi Flik: "Bu ishimizning bir qismi. Hozir terma jamoalar tanaffusi, eng yaxshi o'yinchilarimiz, agar jarohati bo'lmasa, ketib yana ikkita o'yin o'tkazishadi. Bu ular uchun juda qiyin. Ammo yakunda bu ularning kasbi, ular o'z ishini sevishadi va bunday vaziyatlarni yengish uchun ehtiros kerak. O'yin vaqtini to'g'ri taqsimlash muhim va umid qilamanki, terma jamoalarda ham shunday qilishadi. Biz futbolchilarga g'amxo'rlik qilishimiz kerak".
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!