❓Frenki de Yong va Pedrining tanqidiy fikrlarini eshitdik. Ular jamoaga ritm yetishmaganini va odatdagidan ko'proq xato qilishganini aytishdi. Siz esa jamoaga biroz energiya yetishmaganini ta'kidladingiz. Bu nimaga bog'liq? Jamoa so'nggi haftalarda charchab qoldimi?
🗣 Xansi Flik: "Siz faqat o'yinlarni ko'rayotganingizni bilaman. Ba'zida o'yinlar orasida atigi ikki kun tanaffus bo'ladi, Sevilyada samolyotda uch soat kutdik, keyin mehmonxonaga qaytishga qaror qildik. Dushanba kuni to'g'ridan-to'g'ri Parijga uchib ketdik. Ammo mag'lub bo'lganimizda bu haqda gapirishni istamayman. G'alabalarimizdan keyin gapirmoqchiman, hali yaxshi damlar ham keladi. Menda bahonalar yo'q, men hech qanday bahonani qabul qilmayman. Men buni ko'rib turibman va tasdiqlay olaman, bugun bizga tetiklik yetishmadi, buni o'zgartirishimiz kerak. Terma jamoalarda bo'lgan futbolchilarga ikki kunlik dam beriladi, ba'zilari Londondagi marosimga ham uchib ketishadi. Qolganlar ertaga mashg'ulot o'tkazadi, seshanba kuni esa dam olamiz, keyin navbatdagi o'yinga tayyorgarlik ko'rish uchun uch kunimiz bo'ladi va biz buni kerakli darajada bajarishimiz shart. Terma jamoalar o'yinlari uchun tanaffusgacha yana uchta uchrashuv qoldi. Men har bir sovrinni, har bir o'yinni yutmoqchiman. Biz tetik bo'lishimiz, tiklanish borasida to'g'ri qarorlar qabul qilishimiz, to'g'ri ovqatlanishimiz va yaxshi uxlashimiz kerak. Bu futbolchilarning ishi va ular buni bajarishlari shart".
❓O'tgan mavsumda "Bernabeu"da mag'lub bo'lgandingiz. O'shanda chempionatdagi vaziyat yomonroq edi, "Real"dan ochkolar bo'yicha ortda qolayotgandingiz. Siz vaziyatni o'nglab, La Ligada g'olib chiqqandingiz, shuning uchun o'sha mag'lubiyat jamoaning ruhiy holatiga bunchalik kuchli ta'sir qilmagan bo'lishi mumkin. Sizningcha, jamoa bu ikki mag'lubiyatni, ayniqsa bugungisini qanday qabul qiladi? Himoyadagi navbatdagi jarohatlar bo'lajak o'yinlarga qanday ta'sir qiladi?
🗣 Xansi Flik: "Jarohatlar — eng muhim masala. Agar jarohatlanganlar ro'yxatiga qarasangiz, gap "mushak jarohatlari" haqida ketmayotgani ayon bo'ladi. Erik zarba oldi, Jyul va Dani ham. Ularning barchasi yakkama-yakka vaziyatlarda zarba qabul qilishdi. Biz bunga chidashimiz kerak, hozir himoyada variantlarimiz ko'p emas. Bizda "Barsa Atletik" va La Masiyada futbolchilar bor, balki ulardan foydalanishimizga to'g'ri kelar. Kelgusi haftalar davomida Kristensen, Erik va Jyul qaytishadi. Ularning tiklanishi qanday kechishini va yoshlardan kimdir "Atletiko"ga qarshi o'yinga tayyor bo'lishini ko'ramiz".
❓Ikkinchi bo'limda de Yong hujumkor yarim himoyachi pozitsiyasida o'ynadi. Siz uni qaysi pozitsiyada ko'ryapsiz?
🗣 Xansi Flik: "Bu borada juda ko'p g'oyalarimiz bor edi. Rafinya "o'nlik" pozitsiyasida va Jezus "to'qqizlik"da... Rafa almashtirishni so'radi, shuning uchun uni almashtirishga majbur bo'ldik, Olmo esa jarohatlangan. Gavi "o'nlik" pozitsiyasi uchun variantlardan biri, ammo biz Frenkiga tikdik, chunki u mashg'ulotlarda yaxshi ko'rindi va ritmni ushlab oldi — u to'p bilan bo'lganida bizga katta foyda keltiradi. Frenki qaytdi va uning bugun maydonga tushgani juda muhim".
🔚 Flikning matbuot anjumani yakunlandi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!