Hansi Flik matbuot anjumanida Rafinya, Lamin Yamal va tarkibdagi o'zgarishlar haqida gapirdi
Barca Family News ↗ ●●●●○ Matbuot 👁 18

Hansi Flik matbuot anjumanida Rafinya, Lamin Yamal va tarkibdagi o'zgarishlar haqida gapirdi

Rafinya hujum chizig'ida o'zini ko'rsatmoqda. Jamoangizda Adeyemi, Gordon, Lamin Yamal kabi futbolchilar bor. Nega aynan Rafinyani tanladingiz?

Hansi Flik: To'qqizinchi raqam pozitsiyasida o'ynab, pressingni boshlash kerak va u buni juda yaxshi bajaradi. U bizning yetakchimiz. Hamma uning qanchalik intensivlik va dinamika namoyish etayotganini biladi. Shunda hamma o'yinga jalb qilinadi. U raqib darvozasi oldida ajoyib harakat qiladi. Aynan shuning uchun men unga ishonch bildirdim. U bu pozitsiyada o'ynay oladi, bu uning uchun muammo emas, lekin bizda bu yerda o'ynay oladigan boshqa futbolchilar ham bor. Jumladan, Fermin ham bu pozitsiyada o'ynab, gol urdi. Bu juda yaxshi.

Hamza Abdelkarim oldingi ikki o'yinda maydonga tushmadi. Bunga biror sabab bormi? Ertaga u qaydnomaga kiritilishi va Barselonadagi ilk rasmiy daqiqalarini o'tkazishini kutish mumkinmi?

Hansi Flik: Bu har doim ham oson emas. Biz futbolchilarga ular munosib bo'lganda imkoniyat beramiz va albatta, u bunga munosib. U mavsumoldi tayyorgarligida fantastik o'ynadi, men uning mashg'ulotlarda o'sib borayotganini ko'ryapman. Uning kayfiyati va mentaliteti to'g'ri. U maydonga tushishga loyiq va tushadi ham. Biz unga o'yin vaqti berib, o'zini ko'rsatishiga imkon yaratishimiz kerak.

Brayan Farinyas ertangi o'yin qaydnomasida bo'ladimi va Rodri asosiy tarkibda chiqadimi?

Hansi Flik: Rodri so'nggi kunlarda biroz muammolarga duch keldi, lekin u mashg'ulotlarga qaytdi. Albatta, u asosiy tarkibda chiqishga tayyor, lekin ko'ramiz. Brayanga kelsak, vaziyat Hamzaniki bilan bir xil. U meni mavsumoldi tayyorgarligida hayron qoldirdi, bu katta iqtidor, u turli pozitsiyalarda o'ynay oladi. Albatta, unga o'yin daqiqalari kerak, lekin unga oson emas, chunki bu pozitsiyalarda ajoyib futbolchilarimiz bor.

Alvaro Kortesning ketishi haqida nima deya olasiz? Bu transfer oynasi oxirida faolroq bo'lishingizga majbur qiladimi?

Hansi Flik: Bu aynan matbuot anjumanining boshida aytgan gapim. Biz har doim variantlarni ko'rib chiqamiz. Albatta, Alvaro oldinga qadam tashladi, lekin biz vaziyatni baholashimiz kerak. O'ylaymanki, u uchun bu bosqichda boshqa ligada yuqori saviyada o'ynash yaxshi qadam. U bunga tayyor deb o'ylayman. Bu yerda unga o'yin vaqti olish va bir vaqtning o'zida rivojlanish qiyin bo'lardi. Biz uning rivojlanishi uchun boshqa klubga o'tib, u yerda o'ynashi yaxshiroq deb qaror qildik, keyin esa ko'ramiz.

Transfer oynasi uch turdan keyin yopilishi haqida nima deb o'ylaysiz?

Hansi Flik: Mavsum boshlanishiga hamma narsa hal bo'lishini istardim, lekin bunga ta'sir o'tkaza olmayman.

Lamin Yamalni biroz g'amgin ko'rdik. Bugun mashg'ulotda u tabassum bilan shug'ullandi. Lamin odatiy holiga qaytyaptimi? Jamoa uchun Laminning yaxshi kayfiyatda qaytishi foydalimi?

Hansi Flik: Albatta, futbolchi tabassum qilishi har doim yaxshi. Har bir kun bir xil emas, men ham har kuni kulib yurmayman. Bilaman, hamma Lamin uchun xavotirda. Eshitib qo'ying, u Jahon chempionatida o'ynadi, endi uch haftalik ta'tildan qaytdi, mashg'ulot o'tkazmoqda. Balki, dastlabki o'yinlarda u eng yaxshi formada bo'lmagandir, lekin men uning o'ynayotganidan, jamoa uchun mehnat qilayotganidan xursandman. U bizga ko'p narsa beradi. U Atletikga qarshi 90 daqiqa o'ynadi. Bir nechta epizodda biz uning eng yuqori saviyasini ko'rdik. Hamma Laminni yaxshi ko'radi, biz uni qo'llab-quvvatlashimiz kerak.
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!