Hansi Flik «Sevilya» bilan o'yindan keyin: «Biz o'z standartimizda o'ynamadik»
Barca Family News ↗ ●●●●● Matbuot 👁 6

Hansi Flik «Sevilya» bilan o'yindan keyin: «Biz o'z standartimizda o'ynamadik»

Hansi Flik «Sevilya» bilan o'yindan keyin matbuot anjumanida ishtirok etdi:

❓Bugun birinchi taym, ehtimol, bu mavsumda o'tkazganlaringiz ichida eng qiyini bo'ldi. Biroq ikkinchi taymda jamoa o'yinni o'z nazoratiga oldi. Tanaffusda ularga nima dedingiz?

🗣 Hansi Flik: «Qiyin bo'ldi, ayniqsa birinchi taymda. Ammo bizda bir qancha yengil vaziyatlar ham bo'ldi. Bu bizning odatiy darajamiz emas, standartimiz emas va biz ancha yaxshiroq o'ynashimiz kerak — ikkinchi taymda shunday bo'ldi ham».

❓Rafinya navbatdagi xet-trikni qayd etdi. Kecha u intervyuda mavsum boshida «to'qqizlik» pozitsiyasida o'ynash u uchun ham kutilmagan hol bo'lganini aytdi. Uni bu pozitsiyaga qo'yish kimning g'oyasi edi? Uning statistikasi haqida nima deb o'ylaysiz va undan nimalar kutyapsiz, axir uning darajasi juda yuqori.

🗣 Hansi Flik: «Ha, daraja yuqori. Biz Rafinya nimalarga qodirligini bilamiz va men undan juda mamnunman. U bizga juda katta yordam bermoqda. U ajoyib dinamikaga ega, shuningdek, to'psiz ham yaxshi harakat qiladi. Bugun jamoa unga yakuniy paslarni uzatdi va u, bizning baxtimizga, ularni golga aylantirdi. Bu har doim murabbiylar qarori, biz kim o'ynashi mumkinligini muhokama qilamiz, men har doim futbolchilar bilan gaplashaman… Bunday ko'rsatkichlarni hisobga olsak, u «to'qqizlik» pozitsiyasida o'ynab, juda baxtli».

❓Rafinya shartnomasini 2030-yilgacha uzaytirishi kerak. Deku bugun bu haqda e'lon qildi. U har doim siz uning hayotini o'zgartirganingizni aytgan. Uning qolishi haqidagi bu yangilikni qanday baholaysiz?

🗣 Hansi Flik: «Klub uchun bu eng yaxshi qaror. U muxlislar bilan, jamoa bilan qanchalik bog'langanini ko'rganingizda... U bu jamoa uchun, bu klub uchun ideal sardor. U borini beradi. Ayniqsa, bu mavsum shunchaki ajoyib, ammo shuni aytishim kerakki, ikkinchi taymda o'yin biz uchun a'lo darajada kechdi. Biz o'yin borishini nazorat qildik. Men ancha xotirjam edim».

❓Nega oxir-oqibat Livakovichni tanladingiz?

🗣 Hansi Flik: «Ba'zida gap faqat hamma narsani tahlil qilishda emas, ba'zida gap ichki sezgilarda ham bo'ladi. Bugun menda shunday sezgi bor edi. Murabbiylarim bilan gaplashdim va biz qaror qabul qildik. Bu yerda tahlil qiladigan narsa yo'q, gap Tekka ishonmasligimizda yoki shunga o'xshash narsada emas, shunchaki men uchun bugun bu to'g'ri qaror edi».

❓Rodrining to'p bilan va to'psiz o'yinini qanday ta'riflagan bo'lardingiz?

🗣 Hansi Flik: «Men uchun u — ajoyib futbolchi. U biz uchun juda muhim, to'p bilan hamma narsani qanday nazorat qilishi... Ba'zida o'yin tempini biroz pasaytirish foydali, shuning uchun u bizning pozitsion hujumkor futbolimizga ko'proq xotirjamlik olib kiradi. Shunday bo'ldi ham, jumladan Pedri va markaziy himoyachilar bilan, u ular bilan juda yaxshi hamkorlik qiladi».

❓Siz Shensni ikkinchi darvozabon ekanligini aytgandingiz. Bugun vaziyat o'zgarganini tushuntirib qo'ydingizmi? Livakovichning bugungi o'yinini qanday baholaysiz?

🗣 Hansi Flik: «Yaxshi, ammo bu mening qarorim. Avvalroq aytganimdek, ba'zida shunday bo'ladiki, sen futbolchini bu pozitsiyada birinchi raqamli deb hisoblashing mumkin, keyin esa boshqacha qaror qabul qilasan. Yuz bergan voqea — unchalik katta muammo emas, bu faqat shu o'yinga tegishli. Men uchun, rostini aytsam, bu hozir eng qiyin vaziyat. Bilaman, hamma xursand bo'lishi mumkin, chunki jamoamizda ulkan salohiyat bor. Ammo men uchun zaxira o'rindig'iga qarab Gavi, Xavi Espart, Kunde maydonga tushmasligini ko'rish oson emas... Bu oson emas, chunki men barchani qo'llab-quvvatlayman, lekin qaror qabul qilishim kerak. Bu mening ishim, garchi bu oson bo'lmasa ham».
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!