Hansi Flikning «Valensiya»ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumani:
Gabriel haqida:
«Menga Gabrielning mashg'ulotlardagi harakatlari juda yoqdi. U bir necha daqiqa o'ynashga tayyor. O'yinning ikkinchi bo'limi qanday kechishiga qarab ko'ramiz.
U ham to'p bilan ishlashda, ham hujumlarni yakunlashda juda xotirjam».
Jamoa sardorlari haqida:
«Biz murabbiylar shtabi bilan bu yerda ikki yildan buyon ishlayapmiz va endi jamoa ichida nimalar bo'layotganini ancha yaxshiroq tushunamiz.
Men uchun ikki nafar sardorni shaxsan tanlash muhim edi, qolgan uchtasini esa jamoa aniqladi. Birinchi sardor — Rafinya, ikkinchisi — Pedri, undan keyin Erik Garsiya, Frenki de Yong va Lamin Yamal keladi.
Rafinya va Pedri jamoaga katta ta'sir o'tkazadi, shuning uchun tanlovim aniq edi. O'ylaymanki, bu besh futbolchi ajoyib yetakchilar guruhini tashkil qiladi va men bundan juda mamnunman».
Jamoaning hozirgi darajasi haqida:
«Mashg'ulotlar sifati juda yuqori. Pressing, paslar, o'yin uslubi va futbolchilar o'rtasidagi raqobat — hammasi a'lo darajada.
Ammo «Barselona»da yakunda g'alabalar va sovrinlar muhim ahamiyatga ega. Shu sababli, faqat mavsum oxirida bu jamoa avvalgisidan kuchliroq bo'lganini ayta olamiz».
Jyul Kunde haqida:
«Jyul — haqiqiy professional. U mavsum boshida asosiy tarkibga kira olmadi va bu uning uchun yangi sinov.
Men u bilan gaplashdim va u markaziy himoyada o'ynashni xohlashini bilaman. Biz uning o'sishi ustida ishlaymiz. U astoydil shug'ullanmoqda, ammo qarorlarimiz har doim jamoa uchun nima yaxshiroq ekanligidan kelib chiqadi».
Tarkibdagi o'zgarishlar va «La Masiya» tarbiyalanuvchilari haqida:
«Bir nechta o'yinchi ketganidan keyin yangi futbolchilarni taklif qilishga majbur bo'ldik.
«La Masiya»ning har bir tarbiyalanuvchisi «Barselona»da o'ynashni orzu qilishini bilaman, ammo vaziyatni real baholash kerak. O'zgarishlar — futbolning bir qismi va biz qabul qilinayotgan qarorlarga yuz foiz ishonishimiz kerak».
Rafinyaning markaziy hujumchi pozitsiyasidagi o'yini haqida:
«Rafinya har doim o'yinga jalb qilingan bo'lishi kerak. U doimo pressingni boshlaydi, yuqori intensivlik va tezlikka ega.
Hozirgi vaqtda, mening fikrimcha, u to'qqizinchi raqam pozitsiyasi uchun eng yaxshi variant».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!