Ionuts Radu: «Bolonyadagi xato meni butunlay o'zgartirdi. Men bu tajriba tufayli ulg'aydim»
«Inter»ning sobiq darvozaboni Ionuts Radu Milan klubidagi davri, Samir Xandanovichning vorisi bo'lish imkoniyati hamda faoliyatiga katta ta'sir ko'rsatgan «Bolonya»ga qarshi o'yindagi halokatli xato haqida gapirib berdi.
«Inter»ning asosiy darvozaboni bo'lish orzusi haqida
«Inter»da men Xandanovichning vorisi bo'lishni orzu qilardim va shu maqsad yo'lida ishladim. Bunga erisha olmadim, lekin bu dunyoning oxiri emas.
Yagona afsuslanadigan narsam shundaki, o'sha davrni eslasam, o'zimni bola kabi tasavvur qilaman. Men juda ko'p harakat qildim, ammo ba'zida mayda detallarga yetarlicha e'tibor bermaganman. Yakunda o'sha xato yuz berdi. Bu og'ir edi, lekin shu bilan birga menga ko'p narsani o'rgatdi.
«Bolonya»ga qarshi o'yindagi xato haqida
Bu xato meni butunlay o'zgartirdi. Minglab odamlarni xafa qilganimni tushunaman, lekin o'zim shu tajriba tufayli ulg'aydim.
Darvozabonning xatosi — eng jiddiy xatolardan biri: agar u xato qilsa, jamoa gol o'tkazib yuboradi. Bunga chidashni va to'g'ri muvozanatni topishni o'rganish kerak.
Hozirgi «Inter» va Pepo Martines haqida
Men hamon «Inter»ni diqqat bilan kuzatib boraman. Bu klub darvozasini qo'riqlash nimani anglatishini va qanday bosim ostida ekanligingni bilaman.
Rahbariyat Peponi tanladimi? Demak, sabrli bo'lish, uning xatolariga tushunish bilan qarash va eng muhimi, u jamoani muhim seyvlar bilan qutqargan barcha holatlarni eslash kerak.
Menga ishoning, bu juda yuqori saviyadagi darvozabon va u buni hali isbotlaydi.
Darvozabonlar rotatsiyasi haqida
Kivuni tushunaman. Futbol rivojlanmoqda va hozir shunchaki o'n bitta kuchli futbolchiga ega bo'lishning o'zi yetarli emas. Rotatsiya — bu to'g'ri yondashuv.
Biroq, tarixan jamoada doimo bitta asosiy darvozabon bo'lgan, uning o'rinbosarlari esa maydonga juda kam tushishgan. Barqarorlikka erishish va o'ziga ishonchni his qilish uchun muntazam o'ynash kerak.
Kristian Kivu bilan munosabatlar haqida
Biz tez-tez gaplashib turamiz, garchi birinchi jamoada u bilan ishlash nasib qilmagan bo'lsa ham.
Uni «Interello»da birinchi marta ko'rganimda, tanishish uchun oldiga bordim va biz birga vaqt o'tkazdik. Ruminiyada tug'ilgan inson uchun Kristian — haqiqiy kumir.
U aqlbovar qilmas energiyaga ega, ajoyib inson va jamoa muhitiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Bunday murabbiy bilan «Inter» ishonchli qo'llarda.
Gazzetta_it xabariga ko'ra.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!