🎙🔍 "Barselona" skauting bo'limi rahbari Joau Amaral bilan intervyu:
❓Skautingga qiziqishingiz qanday boshlangan va "Barselona"ga qadar faoliyatingiz qanday kechgan?
🗣 Joau Amaral: "O'qish davrida "Koimbroynsh" klubida yoshlar jamoasi murabbiyi sifatida ish boshlaganman. U yerda qiziqarli loyiha bor edi, parallel ravishda Portugaliya shimolida "Benfika" akademiyasi skautingida ishladim. Biz yosh futbolchilarni saralab olardik. "Benfika" akademiyasiga darhol olinmaganlarni raqobatbardosh jamoalar shakllantirish uchun yana bir yil "Koimbroynsh"da qoldirardik. "Benfika"dagi tajriba va murabbiylikdan so'ng professional darajaga o'tdim — "Atalanta"ga yo'l oldim. Portugaliya bo'yicha skaut sifatida ishlash imkoniyati tug'ildi. Bu Italiyaning sport direktorlari afsonasi Jovanni Sartori loyihasi boshlanishiga to'g'ri keldi. Biz fantastik loyihani boshladik: kam tanilgan o'yinchilarni juda arzon narxda topardik. Keyinchalik "Atalanta" avval Yevropa ligasiga, so'ngra Chempionlar ligasiga chiqib, bu o'yinchilarni sotishdan katta mablag' ishlab topdi. Besh yillik bu tajriba skaut sifatida o'sishimga juda yordam berdi. Italiyada skauting tarixan boshqa davlatlardan bir qadam oldinda. "Atalanta"da ishlagan vaqtimda Deku bilan o'yinchilaridan birining transferini muhokama qilish jarayonida tanishganman. Shunday qilib, agentlik biznesida ishlash taklifi paydo bo'ldi. Bu menga futbol biznesiga yangicha nazar bilan qarash imkonini berdi. Keyinroq "Riu Ave"da sport direktori bo'lish imkoniyatiga ega bo'ldim, bu esa futbolning boshqa sohalaridagi tajribamni boyitdi. Mening yo'lim odatiy yo'ldan farq qiladi, ammo aynan shu narsa meni tayyor mutaxassisga aylantiradi".
❓O'yinchilarni boshqarish agentligidagi ish bilan klub skauting bo'limi rahbari sifatidagi ishning asosiy farqlari nimada?
🗣 Joau Amaral: "Bular mutlaqo boshqa narsalar. Menga shaxsan klubdagi ish har doim ko'proq yoqqan. Agentlikda ishlaganingizda va yoshlarni rivojlantirishni yaxshi ko'rsangiz, aniq o'yinchilarga e'tibor qaratasiz, ularga deyarli o'z farzandlaringizdek munosabatda bo'lasiz va muvaffaqiyatidan quvonasiz. Klubda esa sizda 1-2 o'yinchi emas, asosiy jamoada "25 nafar farzand", "Barselona"da esa "Barsa Atletik" jamoasi ham bor. Siz individual jarayonlarga jalb qilingansiz, lekin ancha globalroq fikrlaysiz".
❓Skauting bo'limi rahbari qanday asosiy ko'nikmalarga ega bo'lishi kerak?
🗣 Joau Amaral: "Munosabat o'rnatish va empatiya nafaqat skaut uchun, balki hayotda ham asosiy omil deb hisoblayman. Bu eshiklarni ochadi va klubdagi ichki jarayonlarni soddalashtiradi. Ikkinchi jihat — tajriba. Bugun skautingda biz juda robotlashib qolish xavfi ostidamiz. Biz raqamlar va ma'lumotlar dengiziga qarab, eng muhim narsani — sezgimizni yo'qotamiz. Kecha skautlar jamoasi bilan yig'ilishda shunday dedim: agar o'yinchini ko'rsangiz va unda nimadir borligini his qilsangiz — bu haqda yozing. Ko'zga tashlanadigan o'yinchilarni robotlar ham, ma'lumotlar ham oson topadi. Ammo o'z sezging orqali o'yinchini topish — eng qiyini".
❓"Botafogo"ning sobiq skauting rahbari o'yinchi xatolarga qanday munosabatda bo'lishini va maydon tashqarisida o'zini qanday tutishini ko'rish uchun o'yinlarni jonli tomosha qilish muhimligini ta'kidlagan. Bu siz uchun qanchalik muhim?
🗣 Joau Amaral: "Men uchun bu muhokama qilinmaydigan masala. Mening bo'limim juda ko'p sayohat qiladi, rahbar sifatida o'zim ham. Yakuniy qarorni faqat o'yinchini jonli ko'rgandan keyingina qabul qilish mumkinligiga ishonchim komil. Video yoki hisobotlar orqali ko'plab detallarni payqab bo'lmaydi. Bundan tashqari, saralashning yakuniy bosqichida o'yinchining psixologik profilini baholash uchun uning o'zi, oilasi va atrofidagilar bilan muloqot qilish juda muhim".
❓Skauting hisobotini qanday tashkil qilasiz? Taktika, texnika, xulq-atvor...
🗣 Joau Amaral: "Klubga kelib, o'z yondashuvimni joriy etishga harakat qildim. Hisobotlardan raqamli baholarni olib tashladim. Masalan, "pas 10 balldan 0", chunki buni raqam bilan xolis baholash juda qiyin. Bizning hisobotlarimiz — matnli. Ularda jismoniy, texnik profil va qisqacha xulosa tasvirlanadi. Skautlardan maksimal darajada lo'nda yozishlarini so'rayman, shunda men bir necha soniya ichida o'yinchi qiziqmi yoki yo'q, tushunib olaman".
❓O'yinchining ijtimoiy tarmoqlarini tahlil qilasizmi?
🗣 Joau Amaral: "Ha, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar tahlili jarayonimizning bir qismi. Biz nafaqat maydon uchun futbolchini, balki insonni ham shartnoma imzolaymiz".
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!