"Manchester Siti"dan ochko olib tashlanishi (yoki umuman jazo qo'llanilmasligi) borasida taxminlar davom etar ekan, raqib klublarda o'ziga xos savol tug'ilmoqda: boy berilgan sovrinlar va pullarni kim qaytarib beradi? To'rtta klub allaqachon sudlashishga tayyor, ingliz futbolida esa bunday pretsedentlar mavjud.
Quyi ligaga tushib ketganlarga tovon puli – 234 million funt sterling
APLdan chiqib ketish qimmatga tushadi va "Byornli"ning "Everton"ga qarshi yaqinda bo'lib o'tgan ishi buni yaqqol ko'rsatib berdi. 2021/22 yilgi mavsumda liverpulliklar APLning foyda va barqarorlik qoidalarini (PSR) buzishgan, ammo ulardan ochko olib tashlash jarayoni ikki yilga cho'zilib ketdi (dastlab 10 ochko, apellyatsiyadan so'ng 6 ochkoga tushirildi). 2022-yilning may oyida "Byornli" quyi ligaga tushib ketgan edi, ammo keyinchalik jazo o'z vaqtida berilganida, aynan "Everton" pastga ravona bo'lishini isbotlab berdi.
2026-yilning iyun oyida APL komissiyasi bunga rozi bo'ldi va tovon puli miqdorini belgiladi. Eng qizig'i – summani hisoblash usuli. Komissiya jon saqlab qolish imkoniyatlarini baholab o'tirmadi, balki "Byornli"ning quyi ligaga tushib ketganidan keyingi real moliyaviy holatini APLda qolgan taqdiridagi holati bilan solishtirdi. Farq 26 million funtni tashkil etdi: 24,6 million funt boy berilgan operatsion daromadlar va 1,4 million funt futbolchilar sotuvidagi yo'qotishlar. Foizlar bilan birga 35 million funt chiqdi. Holbuki, "Byornli" 51,7 million funt talab qilgan edi.
Bu raqam quyi ligaga tushib ketish qiymati haqida gap ketganda aytiladigan taxminlardan kamroq. Komissiya "parashyut" to'lovlarini, quyi ligaga tushgach maoshlarning qisqarishini va klubning APLga tezda qaytganini hisobga oldi. Ya'ni, 26 million funt – bu yo'qotilgan daromad emas, balki barcha yumshatuvchi omillardan keyingi sof zarar.
"Siti" qoidabuzarliklari holatida autsayderlar sabab-oqibat bog'liqligini isbotlashlari kerak bo'ladi, shuning uchun ularning suddagi imkoniyatlari "Tottenxem" yoki "MYu"nikiga qaraganda ancha past. 2022-yilda "Everton" "Byornli"ning jon saqlash yo'lidagi to'g'ridan-to'g'ri raqibi edi, "Siti" esa quyi ligaga tushib ketganlar bilan raqobatlashmagan. Top-klubning qoidabuzarligi aynan sizga ta'sir qilganini, jadvalning 17-pog'onasidagi qo'shningizga emasligini isbotlash – bu hali katta masala.
Taxminiy hisob-kitoblar uchun "Siti"ni tegishli jadvallardan chiqarib tashlash usulini qo'llaymiz. To'qqiz mavsum davomida "Siti" sxemasi tufayli APLdan Chempionshipga klublar 27 marta tushib ketishgan: "Birmingem" va "Blekpul"dan tortib "Nyukasl" va "Sanderlend"gacha. Ammo biz jadvalni faqat bir qatorga suramiz – ya'ni tovon pulini har bir mavsum natijalariga ko'ra faqat bitta quyi ligaga tushgan klub uchun hisoblaymiz.
Shu tariqa taxminiy 234 million funt yig'iladi. Yakunda "Siti" sxemasidan ko'rilgan potensial zarar 1 milliard funtdan oshib ketadi. To'g'ri, bir shart bilan: hisob-kitoblar dastlabki hisoblanadi, yakuniy summani oldindan aytib bo'lmaydi.
Eng kamida inflyatsiyani hisobga olmaganimiz uchun. Britaniya huquqida pul qadrining yo'qolishi boshqacha formula bilan qoplanadi – zarar ko'rilgan vaqtdan to to'lov kunigacha foizlar hisoblanadi.
Masalan, "Byornli" ishida klub kredit olgan stavka – yillik 10,5–11,8% atrofida hisoblab chiqilgan. Natijada "Byornli" 26 million funtlik to'g'ridan-to'g'ri zarardan tashqari qo'shimcha 9,1 million funt oldi. Bunday stavka Britaniya inflyatsiyasidan sezilarli darajada yuqori, shuning uchun bu usul bilan da'vogarlar oddiy indeksatsiyaga qaraganda ko'proq mablag' olishadi.
🤔 "Siti" holatida bu foizlar yakuniy tovon puli summasini sezilarli darajada oshirishi mumkin: hatto ikki baravargacha. Gap ikki-uch yil haqida emas, balki o'n-o'n besh yil haqida ketmoqda.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!