Mattis Ablin: «Tezroq bu o'yinni unutib, payshanba kuni vaziyatni o'nglashimiz kerak».
«Monako» hujumchisi klub safidagi ilk golini urdi, ammo «Tuluza» bilan durangdan (2:2) so'ng natijadan norozi bo'ldi. O'yindan so'ng fransiyalik futbolchi mikst-zonada jurnalistlarning savollariga javob berdi.
🔴 Yaxshi oqshom, Mattis. Sen ajoyib gol urding, lekin jamoa g'alaba qozona olmadi. Qanday his-tuyg'ularni boshdan kechirmoqdasan?
«Bugun biz hafsalamiz pir bo'ldi, chunki tanaffusdan keyin bizga konsentratsiya yetishmadi. O'yin boshi va ikkinchi bo'lim starti qanchalik muhimligini bilamiz, shuning uchun, ayniqsa 2:0 hisobida oldinda borib va yaxshi o'ynayotganimizda, maydonga bunday kayfiyatda qaytmasligimiz kerak edi. Ishlashda davom etish va «SSKA Sofiya»ga qarshi o'yinni iloji boricha yaxshiroq boshlash uchun nimalar yetishmaganini tushunib olishimiz kerak».
🔴 Bugungi golingni o'tgan mavsum «Parij» darvozasiga urgan gulingdan chiroyliroq deb hisoblaysanmi?
«Bugun gol urganimdan juda xursandman. Men bu gollarni bir darajaga qo'ygan bo'lardim. Bunday tarzda gol urish — o'zgacha tuyg'u, ayniqsa bugun o'g'limning tug'ilgan kuni edi. Men instinktlarimga tayanib o'ynayman va noodatiy narsalarni sinab ko'rishni yaxshi ko'raman, shuning uchun ba'zida bunday harakatlarga qo'l uraman. Ammo, afsuski, men gol urmasdan g'alaba qozonishni afzal ko'rgan bo'lardim».
🔴 «Monako» safidagi ilk goldan so'ng yengillik his qildingmi yoki hali gol urmaganing uchun umuman xavotirda emasmiding?
«Yo'q, men umuman xavotirda emasdim. Kecha matbuot anjumanida aytganimdek, vaziyatlar yaratish va turli variantlarni sinab ko'rish kerak. Bugun bu ish berdi. Ammo takrorlayman: bu eng muhimi emas, chunki barchamiz g'alaba qozonishni istagandik».
🔴 Ikkinchi bo'lim boshidagi jamoaviy muvaffaqiyatsizlikni nima bilan izohlaysan?
«O'ylaymanki, butun jamoaga konsentratsiya yetishmadi. Tanaffusda biz aynan maydonga to'g'ri qaytish va diqqatni saqlab qolish qanchalik muhimligi haqida gaplashgandik. Afsuski, tezda ikkita gol o'tkazib yubordik va bu bizni sindirdi. Keyin «Tuluza» himoyada juda ixcham va chuqur o'ynay boshladi. Bu yerda alohida izohlar yo'q: ishlashda davom etish va videolarni tahlil qilish kerak. Bu o'yinni tezroq unutish muhim — payshanba kuni bizda vaziyatni o'nglash imkoniyati bo'ladi».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!