🎙️ Mishel Kang:
Agar men aniq bir maqsadni aytsam, bu Mixael va Matyoga juda katta bosim bo'lardi. Shubhasiz, barchamiz qaysidir sovrinni yutishga umid qilamiz. Men futbol bilan ancha vaqtdan beri shug'ullanaman va o'z tajribamdan shuni tushundimki, bir yarim yil ichida birinchi o'ringa chiqish juda qiyin.
Futbolda natijalarni va'da qilib bo'lmaydi.
Yagona va'da bera oladigan narsamiz — bu sa'y-harakatlar va belgilangan standartlarga rioya qilish. Albatta, biz har bir sovrinni yutishga umid qilamiz, lekin menimcha, eng birinchi vazifa — barqarorlikka erishishdir.
Bir yili birinchi o'rinni olib, keyingi yili to'qqizinchi bo'lib qolish — men uchun har yili uchinchi o'rinni olishdan ko'ra yomonroq. Biz haqiqatan ham barqarorlikka erishmoqchimiz va aynan shu narsa bizning asosiy ustuvor vazifamizga aylandi.
Futbolda natijalarni va'da qilish qiyin, lekin bizda reja borligini, bor kuchimizni ishga solishimizni, yuqori standartlarga amal qilishimizni va maqsadlarimizga imkon qadar yaqinlashish uchun qo'limizdan kelganini qilishimizni kafolatlay olamiz.
🎙️ Mixael Gerlinger:
Chempionatda bir necha mavsum davomida erishish mumkin bo'lgan narsalar, masalan, muntazam ravishda kuchli to'rtlik, beshlik yoki uchlikka kirish hamda chempionlikni qo'lga kiritish o'rtasida katta farq bor. Bular mutlaqo boshqa narsalar.
O'tgan yili biz Mishel bilan buni Yevropa ligasi nuqtai nazaridan ko'p muhokama qilganmiz. O'ylaymanki, qaysidir pallada barchamiz ushbu turnirdagi g'alaba haqidagi orzularga biroz haddan tashqari berilib ketdik.
Pley-off bosqichidagi kubok bahslari har doim murakkab: avval uy va safar o'yinlari, keyin esa bir uchrashuvdan iborat final.
Men „Bavariya“da bo'lganimda bunga juda ko'p duch kelganman, u yerda asosiy maqsad UEFA Chempionlar ligasida g'alaba qozonish edi. Klubdagi 18 yil davomida uni ikki marta yutishga muvaffaq bo'ldim. Biz harakat qilamiz, yana urinib ko'ramiz, lekin har doim nimadir kichik narsa topiladiki, natijada hech narsa chiqmaydi. Agar biroz omad kulib boqsa, oxir-oqibat g'alaba qozonish nasib qiladi.
Biz qo'lga kiritishimiz mumkin bo'lgan barcha sovrinlar uchun kurashamiz, lekin Mishel tushuntirganidek, birinchi navbatda barqarorlik ustida ishlaymiz. Balki, shundan keyin sovrinlar ham kelar.
Va shuni alohida ta'kidlash kerakki, mening va „Koko“ (Korenten Tolisso)ning umumiy orzuimiz bor. U bilan shartnomani uzaytirganimizda, birgalikda yana bir sovrin yutishni xohlashimizni, lekin bu safar „Lion“ uchun ekanligini aytgan edik. Va Matyo bilan birgalikda ushbu maqsadga erishish uchun tinmay mehnat qilamiz.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!