Rafinya: "Maqsadim — 2030-yilgacha "Barselona" bilan barcha sovrinlarni yutish"
Barca Family News ↗ ●●●●○ Matbuot 👁 29

Rafinya: "Maqsadim — 2030-yilgacha "Barselona" bilan barcha sovrinlarni yutish"

❓Sen "Barselona" bilan shartnoma imzolaganingda karyerang aynan shunday rivojlanishini tasavvur qilganmiding? Va eng muhimi, Rivaldo, Ronaldinyo, Romario kabi nomlar qatorida muxlislar qalbidan joy olganingni his qilyapsanmi? Sen o'zingni "Barselona" muxlislari qalbidagi o'sha darajada deb hisoblaysanmi yoki bunga erisha olaman deb o'ylaysanmi?

🗣 Rafinya: "Shaxsan men boshqa o'yinchilar bilan solishtirishlarini yoqtirmayman. Ular klub tarixini yozishgan va "Barsa" muxlislari qalbidan o'z o'rinlarini egallashgan. Men esa har doim klub uchun borimni berib, muxlislar qalbidan joy olishni istaganman va o'ylaymanki, yaxshi ish qilyapman.

Ammo men endi kelganimda — ayniqsa dastlabki ikki yilda — o'zimni hozirgi holatda ko'rishimni tasavvur qila olmasdim. Ko'pchiligingiz ham meni bu yerda tasavvur qila olmagansiz, chunki meni tanqid qilgandingiz. Lekin men qayerga yetib bora olishimni bilardim. Men bu klub uchun maydonda nimalar bera olishimni bilardim, o'z ishimga ishondim, o'z qobiliyatlarimni va bu libosda katta natijalarga erishish uchun bo'lgan ulkan xohishimni bilardim".

❓Sen 2022-yilda kelganding, avvaliga tanqidlar sabab oson bo'lmadi, lekin hozir sen sardorsan va tarkibning ajralmas o'yinchisisan. "Barsa"dagi shartnomang yakunlanganda qanday meros qoldirmoqchisan — shaxsiy va jamoaviy darajada, balki Chempionlar ligasimi? Seni qanday eslashlarini xohlarding?

🗣 Rafinya: "Barcha futbolchilar ularni klub bilan qo'lga kiritgan sovrinlari orqali eslashlarini xohlashadi. Mening maqsadim har doim ushbu libosda barcha imkonli sovrinlarni yutish bo'lgan. Hozirgi vaqtda sovrinlar bo'yicha ko'rsatkichlarimiz juda ijobiy va xudo xohlasa, shu ruhda davom etamiz. Bir turnir borki, uni yutish shaxsan men uchun, xuddi boshqa o'yinchilar kabi, ulkan maqsad. Lekin men faqat o'sha sovrinni emas, balki 2030-yilgacha bu libosda barcha imkonli sovrinlarni yutishni istayman".

❓Bu mavsumdagi natijalaring bilan o'zingni hayron qoldirdingmi? O'zingdan bunday o'yin kutganmiding?

🗣 Rafinya: "Rostini aytsam, ha, bu meni hayron qoldirdi. Shubhasiz, mavsumning bu bosqichiga bunchalik ko'p gollar bilan kelishimni tasavvur qila olmasdim. Lekin men qayerda bo'lsam va qaysi pozitsiyada o'ynamayin, har doim bor kuchimni berishga intiladigan insonman. Oxir-oqibat, sheriklarimga, murabbiyga va klubga maksimal foyda keltirish uchun klubda ko'p pozitsiyalarni o'zgartirdim, juda tez moslashishga harakat qildim.

Murabbiy mendan "to'qqizlik" pozitsiyasida o'ynashni so'raganida, imkon qadar tezroq moslashish uchun borimni berdim. Men gollar ura olishimni bilardim, chunki bu menga yoqadi, qolaversa, darvozaga yaqinroq joyda buni amalga oshirish osonroq — ayniqsa jamoamizdagi sifat bilan. Raqamlar meni biroz hayron qoldirdi, lekin hozirgi vaqtda men bundan ham uzoqroqqa bora olishimga ishonaman".

❓"Atletiko"ga qarshi o'yin oldidan kiyinish xonasi o'zini qanday his qilyapti, ayniqsa o'tgan mavsum Simeone jamoasiga qarshi ro'y bergan voqealardan keyin?

🗣 Rafinya: "Bu sport, bu yerda 11 ga 11 o'ynashadi, ikkita jamoa, har biri o'zi uchun eng yaxshisini qidiradi. Biz uch ochkoni olishni istaymiz, ular ham. O'tgan mavsumga kelsak — ha, biz Chempionlar ligasidan chiqib ketgandik, lekin agar to'g'ri eslasam, u yerdagi oxirgi o'yinimizda g'alaba qozongandik. Men kelganimdan beri u yerda o'ynagan o'yinlarimizdan bizda salbiydan ko'ra ijobiy lahzalar ko'proq.

Shu bilan birga, "Atletiko"ga har doim katta hurmat bilan qarayman — men uchun bu hozirgi vaqtda eng yaxshi jamoalardan biri. Lekin biz o'z kuchimizni bilamiz, bir maqsad yo'lida yaxshi jamlangan va birlashganimizda qanday jamoa ekanligimizni bilamiz. Uch ochkoni olish uchun nima qilishimiz kerakligini bilamiz".
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!