Xose Bordalas: "Barselona" — La Ligada va hatto butun Yevropada eng yaxshi formada bo'lgan jamoalardan biri. Futbolchilar ajoyib holatda. Ular eng yaxshisimi yoki yo'q — buni aytolmayman, har doim solishtiradigan narsa bor, lekin ko'p yillardan buyon aytib kelaman: futbol o'zgardi.
"Barselona"da aqlbovar qilmas texnik darajaga ega o'yinchilar bor, ammo jismoniy jihatdan futbol juda o'zgardi. Menga "Barsa"ning to'p bilan o'yini juda yoqadi, lekin to'psiz harakatlari ham kam emas — bu borada ham ular La Ligadagi eng yaxshi jamoa hisoblanadi.
"Kamp Nou"ga safar qilish har doim o'ta qiyin, buni statistika ham tasdiqlaydi, buni o'zimdan to'qib chiqarayotganim yo'q. Ikki klub o'rtasidagi farq ulkan. Har tomonlama. Bu juda qiyin. Ko'p yillar davomida biz "Barsa"ni mag'lub eta olmadik, chunki bu o'ta murakkab vazifa. Mening jamoam har doim o'yinlarga vazifaning murakkabligini anglagan holda yondashadi, shu bilan birga yaxshi natijaga erishish uchun nima qilishimiz kerakligini ham bilamiz. Biz qiyinchiliklarni tushungan holda, g'alabaga intiluvchan va ambitsiyali kayfiyatni saqlab qolishga harakat qilamiz.
O'yin borishini tushunishimiz, to'qson daqiqa davomida to'liq diqqatni jamlashimiz muhim, qo'pol yoki jiddiy xatolarga yo'l qo'ymaslik, xavfli zonalarda to'pni boy bermaslik kerak. Shubhasiz, o'yinni yaxshi tahlil qilish lozim, chunki "Barsa" xato qilsangiz, sizni "ezib tashlashi" mumkin. Futbolchilar buni tushunib yetishdi, shuning uchun biz kayfiyat va jipslik nuqtai nazaridan ajoyib o'yin ko'rsatamiz. Men optimistman va "Barselona" kabi ajoyib jamoaga qarshi tura olishimizga umid qilaman.
❓Rafinyaning yo'qligi "Barselona" uchun muammomi?
Xose Bordalas: Uning yo'qligi muammo bo'lishi shart emas. U ajoyib formadagi futbolchi, 12 ta gol urdi, mavsumdagi starti va o'yinga ta'siri kishini hayratda qoldiradi, ammo "Barsa"da dahshatli tarkib bor. Bu jahon darajasi, ularning barchasi milliy terma jamoa o'yinchilari.
"Barsa"da turli pozitsiyalarda o'yinchilarni almashtirish mumkin bo'lgan ajoyib tarkib bor. O'yin davomida o'zgarishlar qilinganda jamoa sifatini aslo yo'qotmaydi. Ularda haqiqatan ham yuqori darajadagi futbolchilar bor. Ularni to'xtatish juda qiyin bo'ladi, lekin biz ajoyib o'yin o'tkazishga, unga bor jiddiylik bilan yondashishga va hech qanday komplekslarsiz o'ynashga harakat qilamiz.
Lamin — buyuk futbolchi, u buni isbotlamoqda, qolaversa, u hali juda yosh. U dunyodagi eng yaxshisi deb bo'lmaydi — ko'plab iqtidorli futbolchilar bor, uning oldida esa juda uzoq karyera turibdi. U o'z salohiyati bilan bunga shubhasiz erisha oladi. ❤️
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!