Ser Aleks Fergyuson miya qon quyilishi va muxlislar mehnati haqida
Ser Aleks Fergyuson miyasiga qon quyilishi va sog'ayib qaytganida «Old Trafford» muxlislari ko'rsatgan yuksak hurmat haqida xotiralari bilan o'rtoqlashdi.
Ser Aleks Fergyuson qanday qilib miyasiga qon quyilgani va uni kim qutqarib qolgani haqida so'zlab berdi.
Men rafiqam Keti o'sha paytda bir qavat pastda bo'lgani va poyabzal javonidan etiklar yog'och polga to'kilganini eshitgani uchun tirik qoldim. Agar u o'sha yerda bo'lmaganida, osmon sudyasi men uchun yakuniy hushtagini chalgan bo'lishi mumkin edi.
O'sha kuni «Old Trafford»da muxlislar menga ko'rsatgan qabul hayotimdagi eng muhim voqea bo'ldi – bu hatto Kubok egalari kubogidagi g'alabamizdan so'ng Aberdinga qaytishimdan, «Yunayted»da murabbiy bo'lgan vaqtimdagi bayram paradlaridan yoki faoliyatim yakunida futbol bilan xayrlashuvimdan ham muhimroq edi. Go'yoki narigi dunyodan qaytgandek his qildim – aslida bu haqiqatdan unchalik uzoq emasdi, chunki miyamdagi jarohat haqidagi xabarlardan so'ng chiqqan ko'plab maqolalar erta yozilgan nekrologlarni eslatardi.
Bu g'ayrioddiy tuyg'u edi – Govan kambag'al mahallalarida yashagan vaqtimdan tortib, Bukingem saroyiga tushgunimga qadar o'tgan yillar davomida bunday narsani his qilmaganman. Bu meni unutishmaganining tasdig'i edi – axir ko'pchilik odamlar nafaqaga chiqayotganda aynan shundan qo'rqishadi, deb o'ylayman.
Bu ahmoqona eshitilishi mumkin, axir «Old Trafford» tribunalaridan biri mening nomim bilan ataladi, stadion oldida haykalim bor, yaqin atrofdagi ko'chalardan biri esa mening nomimni olgan. Ammo kasalxona karavotida yolg'iz yotganingda, qolgan dunyo sening borligingdan bexabar deb o'ylash juda oson.
O'shanda tomoshabinlardan o'yin boshlanishidan 15 daqiqa oldin o'z joylarini egallashlari so'ralganini bilmasdim – shu tufayli stadionda odatiy bo'sh qizil plastik o'rindiqlar ko'rinmasdi. Men faxriy mehmonlar lojasi tomon kirganimda, Alan Kigan karnay orqali qaytganimni e'lon qildi va butun stadion olqishlar hamda hayqiriqlar bilan portladi. Hatto dovdirab qoldim: ta'zim qilish kerakmi yoki hamma bilan birga qarsak chalish kerakmi. Biroq, bu endi muhim emasdi.