Sobiq hakam Oliva: «Negreyra va Arminio kompyuter tizimini o'chirishni istashgandi»
Sobiq hakam Oliva 2004-yildagi shov-shuvli penalti va Negreyra ishi fonidagi hakamlar qo'mitasining ichki jarayonlari haqida gapirib berdi.
Sobiq ispan hakami Oliva o'z intervyusida 2004-yilda «Real Madrid» va «Valensiya» o'rtasidagi o'yinda belgilagan penaltisi hamda undan keyingi voqealar haqida so'zlab berdi:
2004-yilda men «Real Madrid» foydasiga 91-daqiqada penalti belgilaganman. Men uchun bu yaqqol penalti edi: Marchena Raulni jarima maydonchasi ichida qo'li va oyog'i bilan to'sib qo'ygandi.
O'yinni o'z ishimdan mamnun holda yakunlagandim, lekin uyga qo'ng'iroq qilganimda, hamma bu penalti atrofida ulkan janjal ko'tarilganini aytdi. Sport dasturlari aynan shu epizod bilan boshlanardi. Ilgari hech qachon bunday bo'lmagan. Menga juda qiyin bo'ldi.
Men Texnik hakamlar qo'mitasi (CTA) tomonidan hech qanday qo'llab-quvvatlashni his qilmadim. Boshqa hakamlar qo'llab-quvvatlanardi, men esa yo'q. Mavsum oxirida meni Segundaga tushirib yuborishdi va boshqa hech qachon La Liga o'yinlarini boshqarishga ruxsat berishmadi.
O'sha o'yindan ikki kun o'tib bizda jismoniy testlar bo'lib o'tdi. Mashg'ulot maydoniga ketayotganimda, Hakamlar qo'mitasi raisi Arminio va vitse-prezident Negreyraning suhbatini bo'lib qo'ygandek bo'ldim. Ular o'sha penaltini muhokama qilishayotgandi. Meni ko'rib: «Bo'ldi, tinchlan, buni unut va shunchaki testlarni topshir», deyishdi.
Lekin uzoqlashayotganimda Negreyraning Arminioga: «Kompyuterning muammosi mana shunda. Uni o'chirish kerak», deganini eshitdim. Buni eshitib, o'zimga: «Tamom, senga xotima. Sendan aybdor yasashadi», deb o'yladim.
Ularga kompyuter tizimi yoqmasdi, chunki u hakamlar tayinlovini mustaqil boshqarishga imkon bermasdi. «Valensiya» norozilik bildirdi va ko'tarilgan shov-shuv fonida kompyuter tizimini bekor qilishdi. Aynan ular shuni xohlashgandi.
Menda shunday taassurot qoldiki, boshqa hakamlarga yaqqol xatolari uchun... shunchaki hech narsa bo'lmasdi, aksincha, ular ulkan qo'llab-quvvatlashga ega bo'lishardi. Ular Ispaniya Kubogi finallarini boshqarishardi, xalqaro uchrashuvlarga tayinlanishardi... Meni esa uyga jo'natishdi.
Hakam Rodriges Santyago 2007-yilda Messining qo'l bilan urgan yaqqol golini hisobga olgan, bir hafta o'tib esa uni Qirol Kubogi finaliga tayinlashganmi? Men sodda odam, agar shunday muhim o'yinda qo'l bilan urilgan golni hisobga olsam, o'z o'rnimni saqlab qolish juda qiyin bo'ladi deb o'ylardim.
Bizga har doim qo'l bilan urilgan golni hakamlar qo'mitasi hech qachon kechirmaydigan xato namunasi sifatida ko'rsatishardi. Bu qandaydir ahamiyatsiz qoida buzarlik emasdi.
Bizga: «Asosiysi — qo'l bilan urilgan golni hisobga olmaslik, shunda hammasi joyida bo'ladi», deyishardi. Eshitib qo'ying, men Rodriges Santyago uchun xursandman, chunki sobiq hamkasblarimga qarshi hech narsam yo'q. Lekin unga Qirol Kubogi finalini ishonib topshirishlarini hech o'ylamagandim. Bu meni butunlay dovdiratib qo'ydi. Keyin esa ikki tomonlama standartlarni ko'rasan — xuddi mening holatimdagidek.