Bissek: «Chempionlar ligasi finalidagi jarohat va 0:5 hisobidagi mag'lubiyat — haqiqiy dahshat»
Bissek Chempionlar ligasi finalidagi jarohati va «PSJ»ga qarshi o'yindagi og'ir mag'lubiyat haqida gapirib berdi.
Bissek, 0:5 S «PSJ» va Chempionlar ligasi finalidagi jarohat
Qo'rqinchli tush — o'ylayman-ki, hammasini ta'riflash uchun eng aniq so'z shu. Avvaliga marraga qanchalik yaqin ekanligingni, kubokni qo'lga kiritish haqida o'ylaysan va oldingi bosqichlarni eslaysan, o'shanda hech kim bizni «Bavariya» yoki «Barselona»ni mag'lub eta olishimizga ishonmagandi. Shaxsiy darajada men asosiy tarkibda maydonga tushishga umid qilgandim, lekin sen sabr bilan o'z imkoniyatingni kutasan. Bu zaxira o'rindig'ida haqiqatan ham asabiylashgan kam sonli o'yinlardan biri edi. Tanaffusda, hisob 0:2 bo'lib turganida, Indzagi menga maydonga tushishim mumkinligini bildirdi. Yon chiziq ortida qizib olar ekanman, o'zimga shunday dedim: «Qasam ichaman, men bu o'yinni yolg'iz o'zim o'zgartiraman».
Men o'yinga yaxshi qo'shilib ketgandim va o'sha jarohat olgan epizodda gol urishga tayyor edim — bunga 100 foiz aminman. Keyin esa sonimda o'tkir og'riq sezdim. Yon chiziq yonida fizioterapevtlar bosh chayqashardi, men sinov tariqasida yugurib ko'rmoqchi bo'ldim, lekin birinchi qadamdayoq hammasini tushunib yetdim. Maydon chetidan chiqib ketayotganimda, do'stlarim va oilam o'tirgan sektor ostidan o'tayotgan edim. Ular to'g'ridan-to'g'ri tepamda edi, men esa ularga qaray olmasdim, chunki onam yoki singlimning ko'zlariga qarasam, shunchaki yig'lab yuborardim. O'zimni tutishga harakat qildim, lekin ko'z yoshlar baribir oqdi. Futbolkani yuzimga tortdim va oqsab chiqib ketdim: boshqa iloj yo'q edi.
Keyin uchinchi gol kiritildi, yakuniy mag'lubiyat va bu 0:5 hisobi qancha gap-so'zlarga sabab bo'lishini anglash... Bularning hammasi bir vaqtning o'zida ustimga keldi, bu juda og'ir edi. Yagona yorqin lahza — o'yindan keyin oilam va do'stlarim mehmonxonaga kelishdi: biz chalg'ituvchi mavzularda gaplashdik va bir muncha vaqt o'tgach, oxir-oqibat bu shunchaki futbol ekanligini tushunasan. Og'riqli bo'ldimi? Shubhasiz. Lekin bu obsesiyaga aylanib qolgani yo'q. Ikki finalda o'ynashimizga imkon bergan yo'lga nazar tashlasang, bunday imkoniyatlar qanchalik kam bo'lishini tushunasan — va mana shu narsa hamon ich-ichimni yondiradi. Lekin oldinga qarash kerak.