Jovanni Reyna va Ugo Oliveyra «Trua»ga qarshi o'yin oldidan fikrlarini bildirdi
Jovanni Reyna va bosh murabbiy Ugo Oliveyra «Trua»ga qarshi bo'lajak o'yin oldidan o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Jovanni Reyna «Trua»ga qarshi o'yin oldidan o'tkazilgan matbuot anjumanida:
«Strasbur»ga o'tganimdan va moslashuv jarayoni qanday ketayotganidan juda xursandman. Men so'nggi bir necha mavsum davomida klubning rivojlanishini kuzatib bordim, shuning uchun muzokaralar chog'ida ham juda ijobiy hislarni tuyg'andim. «Lans» va «Marsel»ga qarshi dastlabki o'yinlardan so'ng Liga 1ning yuqori saviyasini ayniqsa his qildim. Fransiya chempionati o'zining yuqori tezligi, intensivligi va energiyasi bilan Germaniyanikiga o'xshaydi, ammo nazarimda, bu yerda individual va jamoaviy iqtidor ko'proq. Hozircha bu yerda ko'p o'yin o'tkazmadim va ligani o'rganishda davom etyapman, lekin bu yerda oson o'yinlar bo'lmasligi allaqachon tushunarli.
Jismonan hali yana kuchaya olaman, lekin umuman olganda, holatimdan va jamoada hamma narsa qanday kechayotganidan juda mamnunman. Menga ushbu tizimda va bu futbolchilar bilan o'ynash yoqadi. Asosiy maqsadim — shaxsiy ko'rsatkichlarni birinchi o'ringa qo'ymasdan, jamoaga yordam berish. Men universal futbolchi bo'lishni, ham hujumda, ham himoyada yordam berishni va turli pozitsiyalarda harakat qilishga tayyor turishni istayman. Biz jadvalda imkon qadar yuqoriroq ko'tarilishni va har bir raqib uchun o'ynash qiyin bo'lgan jamoaga aylanishni maqsad qilganmiz.
Men o'zimni birinchi navbatda amerikalik deb his qilaman va argentinalik hamda portugaliyalik ildizlarimdan faxrlanaman. Rivojlanishimda ota-onamning o'rni katta: otam menga aynan futbol tomonlama ko'p yordam bergan, onam esa tiklanish, ovqatlanish va kundalik hayot masalalarida qo'llab-quvvatlagan. Shuningdek, Nyu-Yorkda Patrik Vieyra bilan ishlash tajribasini juda qadrlayman, David Trezege bilan taqqoslashni esa katta kompliment sifatida qabul qilaman. Hozir vazifamiz — har kuni yaxshilanish, yosh futbolchilarga yordam berish va jamoa bilan birgalikda imkon qadar uzoqqa borish. Oldinda hali ko'p ish bor, lekin bizda sifat, ambitsiya va katta natijalarga erishish istagi mavjud».
Ugo Oliveyra «Trua»ga qarshi o'yin oldidan o'tkazilgan matbuot anjumanida:
«Transfer oynasi yopilganidan va tarkib barqarorligini saqlab qolganimizdan juda xursandman. Endi biz o'yin g'oyamiz, o'zaro tushunish va yangi futbolchilarni integratsiya qilish ustida xotirjam ishlashimiz mumkin. Bizda iqtidor, ambitsiya va xarakter bor, lekin eng muhimi — jamoa uchun ishlashga tayyorlik. Tarkibdagi o'rinni hech kim shunchaki olmaydi: hammasi mashg'ulotlar, raqobat va o'yinlardagi chiqishlar orqali belgilanadi. Men har bir futbolchiga nisbatan adolatli bo'lishim va qarorlarni uning mehnati hamda rivojlanishiga asoslanib qabul qilishim kerak. Biz yangi siklni boshlayapmiz va «Strasbur»ning kuchli madaniyatini yaratmoqchimiz, unda jamoa har doim individuallikdan ustun turadi.
Ismayel Dukure yana biz bilan mashg'ulot o'tkazayotganidan juda xursandman. Bu muhim futbolchi va jamoaning haqiqiy yetakchisi, u klubni va uning madaniyatini yaxshi biladi. Uning o'yinda ishtirok etishiga kelsak, hozir bu taxminan 50 ga 50. U mashg'ulot o'tkazadi va mashg'ulotdan so'ng yakuniy qarorni qabul qilamiz. Marsyal Godoga kelsak, vaziyat murakkabroq — gap bir necha haftalik tiklanish jarayoni haqida bormoqda. Uning jarohati xarakteri va og'irligi haqida tafsilotlarga to'xtalmoqchi emasman, lekin hozir eng muhimi — unga to'liq tiklanishi uchun vaqt berish.
Bizni «Trua»ga qarshi qiyin o'yin kutib turibdi — bu sifatli murabbiy va tushunarli o'yin g'oyalariga ega yaxshi tashkil etilgan jamoa. Lekin bizda katta ambitsiyalar bor va g'alaba qozonishni istaymiz. Shu bilan birga, yo'limizning boshida ekanligimizni tushunamiz. Vazifamiz — rivojlanishda davom etish, o'zaro tushunishni yaxshilash va bosim ostida hamda eng murakkab o'yin vaziyatlarida ham jamoaviy g'oyani saqlab qolishni o'rganish. Bizda iqtidorli futbolchilar ko'p, lekin individual sifat jamoa uchun ishlashi kerak. Har bir mashg'ulot — yaxshilanish uchun imkoniyat, raqobat esa butun jamoani kuchliroq qiladi. Biz moslashuvchan bo'lishimiz, turli tizimlarda o'ynay olishimiz va doimo yangi yechimlar izlashimiz kerak. Yakunda hamma narsa oddiy: ishlash, raqobatlashish va har kuni yaxshilanish».