Bruno Genesio: «Oxirgi 15 daqiqadagi o'yinimizdan xavotirdaman»
Bruno Jenezyo «Marsel»ning so'nggi o'yinlari, jamoaning ruhiy holati va o'yinchilarning rivojlanishi haqida gapirdi.
🎙️ Bruno Jenezyo matbuot anjumanida o'yin borasida o'z fikrlarini bildirib o'tdi:
«Nazarimda, men o'z umrimni biroz qisqartirdim. Futbol — bu xuddi hayot kabi, bu yerda kamtarlik kerak. «Renn»da ishlaganimda klub egasi futbolni hayotga, faqat tezlashtirilgan shakldagi hayotga o'xshatardi. Qachonki cho'qqiga chiqdim deb o'ylasangiz, atrofingizda hamma narsa ideal deb ishontiradigan musiqa yangrasa, o'z talablaringizni qo'ya boshlasangiz, shunday holat yuz beradi… Shunga qaramay, biz oson qutulib qoldik, hammamiz titrab ketdik. Bu ogohlantirish, ammo dastlabki 80 daqiqadagi yaxshi o'yinimizni unutmaslik kerak. Lekin oxirgi chorak soatda sodir bo'lgan voqealarni ham yaxshi eslab qolish zarur.»
— Sizda jamoaning zaxira kuchi yetishmayotgandek tuyulmayaptimi?
«Bu haqda gapirishni istamayman, yetarlicha gapirdim. Hatto noliydigan murabbiy deb hisoblanish xavfi bo'lsa ham. Ambitsiyalaringiz bo'lsa, nimagadir da'vogarlik qilsangiz, buni maydonda isbotlashingiz kerak. Juda achinarli, chunki bu o'yinda ko'plab yaxshi jihatlar, jumladan o'yinchilarning harakati ham bor edi. Ammo futbolda hammasini oxirgi akkord — so'nggi o'n besh daqiqa hal qiladi. Agar bu biz uchun oqibatsiz yakunlangan ogohlantirish bo'lsa, foydamizga ishlaydi. Ammo buni yodda tutish kerak.»
— Siz ilk bor barcha futbolchilarni birga maydonga tushirdingiz…
«Jamoamiz dinamikasi, yuqori pressing qilishga intilishimiz, agressivligimiz menga yoqdi. Shuningdek, qanotlardan foydalanish, ikki tomonlama yorib o'tishlar, chiroyli kombinatsiyalar va gollar. Burchak zarbasidan keyin gol urdik, bu ijobiy holat. Yaxshi jihatlar ko'p, jamoa bir-birini yaxshi to'ldiryapti. Ammo o'yinning bunday yakuni bilan qanoatlanib bo'lmaydi.»
— Yarim himoyadagi eng maqbul tarkibni topdingizmi?
««Anje»ga qarshi o'yindan keyin ham shunga o'xshash savol berishgandi, o'shanda Kamissoko o'ynagandi. Bunda shubhalanganlar uchun Per (Xoybyerg) bu jamoa uchun qanchalik muhim ekanligi oydinlashdi. U maydonda bo'lganida va bo'lmaganida…»
— Jamoangiz ruhiy jihatdan hali ham juda zaif deb hisoblaysizmi?
«Ba'zilar boshqalarga qaraganda ko'proq shubhalanishi mumkin… Ammo men hali hech kim taslim bo'lganini sezmadim. Bizdan bu o'yinlar seriyasida ko'p narsa kutishgandi va natijalar bo'yicha kutganlarni oqladik. «Gavrl» — o'z o'rniga loyiq bo'lmagan munosib jamoa. Bizda «Tuluza»ga qarshi o'yinga tayyorgarlik ko'rish va kuch tiklash uchun bir hafta bor. Ammo jamoa ruhiy tushkunlikka tushganini sezmadim, hatto biz hali chiqib ketmagan bu murakkab davrda ham.»
— Kleman Tyurpen penalti belgilashini kutganmidingiz?
«Zaxira o'rindig'imizdan ko'rinish unchalik aniq emas, nazarimda to'p ko'krakka tekkan. Ammo bu holat shunchalik uzoq davom etsa, hakam videotakrorga borsa… demak, vaziyat ancha noaniq. Biz bunga yaqin edik, agar bu qo'l bilan o'ynash bo'lib, hisob 4:4 bo'lganida nima deyishimizni tasavvur ham qila olmayman.»
— Liga 1da ketma-ket uchinchi g'alaba. Bu o'yinda nimalarni ijobiy deb bilasiz?
«80 daqiqa davomida ko'rganlarim menga juda yoqdi, hatto o'tkazib yuborilgan penaltiga qaramay — bunday holatlar bo'lib turadi. «Anje»ga qarshi o'yinning davomi bo'lgan, ammo undan ham yaxshiroq o'tgan bu uchrashuvdan juda mamnunman. Jamoam gol urayotgani yoqadi, ammo biz juda ko'p gol o'tkazib yuboryapmiz. Agar rivojlanishni va chempionatni dastlabki besh turga qaraganda xotirjamroq o'tkazishni istasak, o'zimizga nisbatan talabchan bo'lishimiz kerak.»
— Jamoangiz yetarlicha tez rivojlanyaptimi?
«Jamoa men istaganchalik tez rivojlanmayapti, aks holda 4:0 yoki 4:1 hisobida g'alaba qozongan bo'lardik. O'yinchilarning rivojlanishini ko'ryapman: jumladan, «Renn»dagi o'yinlari orqali taniganim darajasiga qaytayotgan Agerd, kuchayib borayotgan Imad, Per va Timoti, gol urayotgan Igor… Yaxshi jihatlar ko'p edi. Hammasini o'n daqiqa ichida biroz buzib qo'yganimiz achinarli. Agar bundan saboq olsak, kelajakda foydasi tegadi.»