Amad Diallo o'z orzulari va «Manchester United» tarixida o'z izini qoldirish istagi haqida gapirdi:
«Manchester United» safida ilk o'yinimni o'tkazish orzuyimning ushalishi edi. Ammo endi oldimda yangi maqsadlar turibdi. Biz sovrinlar uchun kurashishni va bir kun kelib Premer-liga chempioni bo'lishni istaymiz.
Men shunday meros qoldirmoqchimanki, yillar o'tib muxlislar meni eslashsin va shunday deyishsin: «O'sha yigitni eslaysizmi? U shunchaki aqlbovar qilmas darajada edi! U maydonda aqldan ozdiradigan ishlar qilardi».
Men klubni tark etayotib, salohiyatimni to'liq ochib bera olmaganim, iqtidorim bo'lsa-da, qo'limdan kelgan barcha ishni qilmaganim haqida gap-so'zlarni eshitishni istamasdim.
«Manchester United» libosini kiyish qanday katta sharaf ekanini juda yaxshi tushunaman. Millionlab odamlar mening o'rnimda bo'lishni orzu qilishadi, menga esa shunday imkoniyat nasib etdi. Shuning uchun men bu ishonchni oqlashni, klubga qo'limdan kelgan barcha narsani berishni va ortimdan haqiqatan ham ahamiyatli narsa qoldirishni istayman. Men uchun bu juda muhim».
Mavsumdagi shaxsiy maqsadlari haqida:
Bu mavsumda samaradorligimni oshirmoqchiman. Ko'proq gol urishni va ko'proq golli uzatmalarni amalga oshirishni xohlayman. Aynan o'yinimning shu jihati ustida astoydil ishlash niyatidaman.
Ruben Amorim bilan ishlash haqida:
Ruben Amorim qo'l ostida qanot himoyachisi pozitsiyasida to'p surish menga katta foyda keltirdi. Bu rol tufayli men ancha faollashdim, intensivligimni oshirdim va himoyada yaxshiroq harakat qilishni o'rgandim.
Bu tajribani olganimdan xursandman, chunki u futbolchi sifatida rivojlanishimga yordam berdi.
Brunu Fernandeshning qo'llab-quvvatlashi haqida:
Kimdir bilan gaplashishim, kichik qiyinchiliklarni muhokama qilishim yoki maslahat olishim kerak bo'lsa, ko'pincha Brunu bilan bog'lanaman. U italyan tilini biladi, shuning uchun bizga muloqot qilish oson va men har doim uning fikrini ochiq so'ray olaman.
Brunu jamoada menga eng katta yordam bergan inson deb hisoblayman. Ilgari Erik Bayi bu yerda o'ynagan paytda u bilan juda yaqin edim. Ammo u ketganidan keyin aynan Brunu moslashishimga va klubda o'zimni qulay his qilishimga ko'proq yordam bergan inson bo'ldi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!