Ertaga, 20-avgust kuni 2027-yilgi FIFA ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati qit’alararo pley-off turnirining dastlabki bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Dastlabki bosqich 2026-yilning noyabr–dekabr oylarida markazlashtirilgan bitta manzilda tashkil etiladi. Unda quyidagi 6 ta terma jamoa ishtirok etadi:
O‘zbekiston
Xitoy Taypeyi
Papua-Yangi Gvineya
Ekvador
Janubiy Afrika
Gana
Ushbu bosqichning o‘tkazilish formati keyinroq tasdiqlanadi. Dastlabki bosqich yakuniga ko‘ra 2 ta terma jamoa final pley-off bosqichiga yo‘l oladi.
Hal qiluvchi pley-off bosqichi 2027-yil fevral oyida markazlashgan holda o‘tkaziladi. Unda dastlabki bosqichdan chiqqan ikki jamoaga CONCACAFdan 2 ta, CONMEBOL va UEFAdan bittadan terma jamoa qo‘shiladi.
Jami 6 ta terma jamoa qur’a orqali 3 ta yo‘nalishga taqsimlanadi. Har bir yo‘nalishda bittadan hal qiluvchi pley-off uchrashuvi o‘tkaziladi. Ushbu uchrashuvlarda g‘alaba qozongan 3 ta terma jamoa Braziliyada o‘tadigan 2027-yilgi FIFA ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
Qur’a jarayonida bir konfederatsiyaga mansub terma jamoalarning bir yo‘nalishga tushishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi ham ertangi qur’a natijasida dastlabki pley-off bosqichidagi raqiblarini bilib oladi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!