Fernando Polo (🌖): «Barselona» yozda markaziy himoyachi sotib olmaganining asosiy sababi shundaki, murabbiylar shtabi va sport bo'limi o'rtasida bir to'xtamga kelingan nomzodni qo'lga kiritishning imkoni bo'lmadi, qolgan variantlar esa kerakli konsensusni hosil qila olmadi.
Shu bilan birga, Xansi Flikka u qoniqmaydigan futbolchini olib kelmasliklari aniq edi. Murabbiy chap oyoqda o'ynaydigan va qanotda ham harakatlana oladigan markaziy himoyachini xohlagan, sport bo'limi esa shu asosda bir qator hisobotlar tayyorlagan.
Eng universal nomzod va Flikka yoqqan futbolchi Yoshko Gvardiol edi. Biroq, surishtiruvlardan so'ng xorvatiyalik futbolchi Manchesterda qolishni afzal ko'rishi ma'lum bo'ldi. Yakunda u shartnomasini uzaytirdi.
Talablarga javob beradigan va ro'yxatda yuqori o'rinlarda turgan yana bir futbolchi Alessandro Bastoni edi, ammo Flik uning nomzodiga to'liq ishonch bildirmadi, chunki u unchalik tezkor emas. Murabbiyga Jerar Martin ko'proq yoqardi.
Bundan tashqari, o'tgan mavsum yakunida murabbiy Andreas Kristensen bilan shartnomani uzaytirishni so'radi va klub bunga rozi bo'ldi. Flik Kristensenga uning texnik mahorati va tajribasi tufayli juda ishonadi, futbolchi esa maoshini kamaytirishga rozi bo'lib, yana 2 mavsumga shartnoma imzoladi.
Iyun oyida «Barsa» Xorxe Salinas transferi imkoniyatini ko'rib chiqqan. «Barsa» u uchun 5-6 million atrofida to'lashga tayyor edi, ammo «Rasing» uning narxi 16 millionga ko'tarilganini ma'lum qildi. Shundan so'ng «Barsa» Salinasni umuman ko'rib chiqmadi, chunki uni hali o'zini ko'rsatishi kerak bo'lgan istiqbolli o'yinchi deb hisoblashdi.
Shlotterbek, Konate, Senesi va Van de Ven bo'yicha jiddiy gap bo'lmadi, chunki ular yo nemis va golland kabi ustuvor nomzodlar emasdi, yoki fransuz va argentinalik kabi talab qilingan profilga mos kelmasdi. Bir necha oy oldin Gehi varianti ham rad etilgandi.
Iyul oyida klubga Laport taklif qilindi. Biroq «Barsa» JCH natijalariga tayanib ish ko'rishni istamadi, chunki bu juda qisqa turnir. Bundan tashqari, «Atletik» uni «Barsa»ga sotmasligiga oid shubhalar bor edi.
Avgust oyida Kuti Romero muhokama qilindi, ammo u chap oyoqli bo'lmagani uchun Flikni oxirigacha ishontira olmadi.
Transfer oynasi oxiriga kelib markaziy himoyachi uchun ko'p mablag' qolmagandi. Pini Zaxavi Lukebani taklif qildi, ammo bundan hech narsa chiqmadi.
Avgust oyining oxirida Rud Neystadni sotib olishga urinib ko'rishga qaror qilindi. Futbolchi rozi edi, ammo «Tvente» juda katta pul talab qilgani uchun transfer transfer oynasining so'nggi kunida bekor qilindi.
Keyinchalik Jyul Kunde markazda tez-tez o'ynashi kerakligi haqida qaror qabul qilindi. Biroq hozircha u bu pozitsiyada kamdan-kam ishlatildi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!