Futbolda shunchaki o'rin yo'q narsalar bor. Va buning hech qanday oqlovi yo'q. Kecha "Koventri" muxlislaridan biri "Sanderlend" muxlislarini xafa qilish uchun Bredli Louri suratidan foydalandi, hatto ko'zlarimga ishonmadim. Buni navbatdagi sun'iy intellekt ishi deb o'yladim. Nahotki inson shunchalik pastkashlikka qodir bo'lsa? Ammo bugun ertalab videoni ko'rdim. Va, afsuski, bu haqiqat bo'lib chiqdi…
Bahslashish, bir-birini hazil bilan chimchilash, haqoratli qo'shiqlarni kuylash, g'alabalardan quvonish va mag'lubiyatlardan so'ng g'azablanish mumkin. Futbol hissiyotlari shunda. Ammo o'tib bo'lmaydigan chegaralar bor. Insoniy fojia esa shulardan biridir.
Quyida Bredlining onasi bayonoti keltirilgan, bu kadrlar unga ham yetib borgan.
"Mening go'zal o'g'lim nafrat bilan emas, balki mehr bilan eslanishga loyiq".
Kecha "Koventri" muxlislaridan biri "Sanderlend" muxlislarini haqorat qilish uchun Bredlining suratidan foydalandi.
Bredlining onasi sifatida buni juda og'ir qabul qilyapman. Ayniqsa, bu o'g'limning eng sevimli suratlaridan biri bo'lgani uchun. Bir qarang, qanday tabassum!
O'sha kunni xuddi kechagidek eslayman. U juda baxtli edi, unga juda qiziqarli edi. Bu lahzalar bebaho edi, chunki hayotimizda ular juda kam bo'lgan.
Bredli qisqa umrining katta qismini saraton bilan kurashda o'tkazdi hamda hech bir bola boshdan kechirmasligi kerak bo'lgan muolaja va jarayonlarni boshidan o'tkazdi.
Shunday go'zal xotirani shunchalik shafqatsiz tarzda ishlatilayotganini ko'rish, rostdan ham qalbimni parchalaydi.
Biz futbolni juda sevadigan va ham uyda, ham safarda "Sanderlend"ni qo'llab-quvvatlaydigan oilamiz. Futbol hazillari va pichinglariga qarshi emasman, lekin saraton sabab vafot etgan bolakay ustidan kulish ham futbol hazili hisoblanadimi?
Umid qilamanki, klub tegishli choralarni ko'radi va bu yosh muxlisning oilasi unga o'z qilmishi bilan qanchalik og'riq berganini tushunishiga yordam beradi.
Men unga nafrat to'lqini yog'ilishini istamayman. Iltimos, juda iltimos qilaman, buni qilish kerak emas. Men shunchaki u o'z xatosini anglab yetishini va undan saboq olishini istayman.
Bu surat ortida cheksiz sevilgan kichkina bola va uni har kuni sog'inadigan oila turibdi.
Bredlini himoya qilgan va oilamizni shunday mehr hamda qo'llab-quvvatlash bilan o'rab olgan barchaga rahmat. Biz uchun bu siz tasavvur qilganingizdan ham ko'proq narsani anglatadi.
Ko'pchilik Bredli hikoyasi uning hayoti to'xtagan kunda tugamaganini tushunmaydi.
Bredli tufayli bugun bolalar hayoti saqlab qolinmoqda, yuzlab oilalar hayotiy muhim yordam olmoqda, og'ir sinovlarni boshdan kechirayotgan bolalar esa umid topmoqda.
Super Brad’s Pad loyihasi tufayli oilalar hech bo'lmasa qisqa muddatga kasalxona devorlaridan chiqib, birga bo'lishlari, bir-birlari yonida qadrli vaqt o'tkazishlari hamda umrbod qoladigan xotiralar yaratishlari mumkin.
Mana Bredlining haqiqiy merosi. Mana mening kichkina o'g'lim bu dunyoga keltirishda davom etayotgan ezgulik.
Va hech qanday shafqatsizlik buni tortib ololmaydi.
Shuning uchun, bu surat odamlar xotirasida nafrat ramzi bo'lib qolishiga yo'l qo'yish o'rniga, uni butunlay boshqacha eslashlarini istayman.
Hayotidagi eng baxtli kunlardan biridan zavqlanayotgan, yuzida eng samimiy va keng tabassumi bo'lgan mening go'zal kichkina o'g'lim.
Butun dunyo uni aynan shunday eslab qolishini istayman".
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!