🎙️ «Sturm»ga qarshi o'yin oldidan Bruno Jenezyo matbuot anjumani
— «OM» Yevropa ligasida allaqachon chiqish yo'lini yo'qotganmi?
Bu turnirda biz yomon start oldik, ikki bor mag'lubiyatga uchradik. Turnirning yangi formatida hali tajribamiz kam, ammo oxirgi ikki mavsumga nazar solsak, eng yaxshi 24 talikka kirish uchun to'qqizdan o'n ochkogacha to'plash kerak, ba'zida esa to'plar nisbati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi — bu jami uch yoki to'rt g'alaba degani. Hozircha turnirdagi maqsadimiz shu. Bundan tashqari, Anjerdagi chiroyli g'alabadan keyin muvaffaqiyatli seriyani davom ettirib, barqarorlikni saqlab qolmoqchimiz. Jismonan «Anje»dan qolishmadik, ish hajmi, yuqori intensivlikdagi yugurishlar yoki sprintlar bo'yicha ham ortda qolmadik, demak, o'sish bor, o'yinchilar formaga kirib bormoqda.
— Jamoaning hozirgi tarkibini, yoshlarni qanday baholaysiz?
Bu menga tanlov uchun ko'proq imkoniyat beradi va raqobatni kuchaytiradi, jamoada bu juda muhim. Yosh o'yinchilar kutganimizdan ham tezroq o'zini oqlayotganini ko'rish — juda yaxshi yangilik. Jamoaga jarohat olgan va endi 100 foiz tayyor bo'lgan asosiy o'yinchilar qaytmoqda: men Nayef (Agerd), Pyer-Emil (Xoybyerg) hamda yaqinda sog'lig'ida kichik muammolar bo'lgan Si Jey (Igan-Rayli)ni nazarda tutyapman. Shuningdek, tarkibga Antuan Valeroni ham kiritdik, u zaxirada yaxshi o'yin ko'rsatmoqda va biz har doim yaxshi intizomni rag'batlantirishga harakat qilamiz.
— Bu payshanba kuni qaysi o'yinni intizorlik bilan kutyapsiz?
Biz ularni diqqat bilan o'rgandik. Bu juda baquvvat jamoa, ular kuchli pressing uyushtiradi va o'yinda vertikal uzatmalardan tez-tez foydalanadi. Bizni juda qattiq kurashlar kutib turibdi — raqib katta fidoyilik bilan o'ynaydi. Biz bor kuchimizni ishga solishimiz kerak — axir bu yevrokubok o'yini.
— Xoybyerg shu payshanba kuni safga qaytishga tayyormi?
Pyer-Emilga kelsak, ertaga u asosiy tarkibda maydonga tushishga tayyormi yoki yo'q, oydinlashadi. U bizning tizimimizda juda muhim o'yinchi, katta tajriba va yuqori mahoratga ega. Jamoada shunday yetakchilar kerak. «Almashinmas» — bu atama menga yoqmaydi, ammo u shubhasiz asosiy o'yinchilar qatoriga kiradi.
— Trua va Anjerdagi g'alabalar burilish nuqtasi bo'lishi mumkinmi?
Chempionatdagi o'ta salbiy seriyani to'xtatishimiz kerak edi — bunga qadar ketma-ket to'rtta mag'lubiyatga uchragandik. Bu mavsum boshida unchalik katta ahamiyatga ega bo'lmagan turnir jadvalidagi o'rnimzdan ham muhimroq edi. Ammo o'yinda qiziqarli jihatlar bor edi, afsuski, ular natijada aks etmadi. Truadagi birinchi g'alaba eng chiroylisi bo'lmagandir, ammo o'sha o'yinda yutish juda muhim edi. Yakshanba kuni Anjerda biz natijani chiroyli o'yin bilan uyg'unlashtirdik, garchi raqib foydasiga 1:0 hisobida o'yinni o'zgartirib yuborishi mumkin bo'lgan vaziyat yuzaga kelgan bo'lsa ham. Aynan shunday pallalarda g'alaba, mag'lubiyat va durang o'rtasidagi chegara juda nozik ekanligiga amin bo'lamiz. Yevropa ligasini omadsiz boshladik va bu g'alaba o'zimizga bo'lgan ishonchni mustahkamlashga yordam beradi.
— Jamoangiz nihoyat o'ziga bo'lgan ishonchni qaytarib oldimi?
Mavsum boshlanishi biz uchun biroz g'alati kechdi, masalan, «Renn» yoki «Pari Sen-Jermen»ga qarshi o'yinlardan keyin ko'proq narsaga loyiq edik, deb hisoblasak-da, nol ochko bilan qaytgandik. Ammo mag'lub bo'lingan o'yin — baribir mag'lubiyat, natijalar esa jamoa va o'yinchilarning ishonchiga ta'sir qiladi. G'alabalar barchaga foyda keltirdi. Anjerda ikkinchi bo'limda tabassumlarni ko'rdik, hisob o'zgarganda o'yinchilar qanday erkinlashganini kuzatdik. Deyarli barcha hujumchilarimiz gol urdi, yosh o'yinchilarimiz ularga tayanish mumkinligini isbotlashdi... Biroq, har uch kunda o'ynaganda, hamma narsa boshidan boshlanadi: ertagayoq (payshanba) maydonga tushib, yaxshi o'yin ko'rsatish kerak.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!