🎙️ Bruno Jenezyoning «Parij»ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumani
— Transfer oynasi yopilganidan keyin qanday kayfiyatdasiz?
«Avvalo, hammasi yakunlanganidan yengillik his qilyapman, garchi ayrim mamlakatlarda transfer oynasi hali ham ochiq bo'lsa-da. Bu uzoq va murakkab davr bo'ldi. Biz transfer oynasining so'nggi kunlarida asosiy o'yinchilarni saqlab qolish va «OM»da bo'lishi kerak bo'lganidek, jipslashgan tarkibni shakllantirishga muvaffaq bo'ldik.»
— «Olimpik» tarkibi bu mavsumda uchta turnirda ishtirok etish uchun yetarlicha butlangan deb o'ylaysizmi?
«Murabbiylar shtabim bilan birga tarkibda Liga 1 tajribasiga ega o'yinchilar ko'proq bo'lishini istardik. Ammo vaziyat shunday bo'ldiki, bunga erishib bo'lmadi. Biz buni bilardik. Yakunda hammasi men o'n kun avval qo'rqqanimdek yomon bo'lib chiqmadi. Hozir tarkibimiz shakllangan, ayrim o'yinchilarda o'zlarini ko'rsatish imkoniyati paydo bo'ladi, agar tarkibimiz kengroq bo'lganida bu sodir bo'lmasligi ham mumkin edi. Ishda shunday kayfiyat va fidoyilikni saqlab qolish kerak. Shuningdek, ketishni istagan yoki biz ketishini xohlagan tajribali o'yinchilar hamda yosh o'yinchilarning o'sishiga hissa qo'shish uchun ushbu tarkibdan ham individual, ham jamoaviy jihatdan 100 foiz foydalanishimiz lozim.»
— Transfer oynasidan keyin klub oldiga qo'yilgan maqsadlar haqida nimalar deya olasiz?
«(Kuladi) Men maqsadni aynan o'zim qo'yishim shart emasligini aytganman! Chempionlar ligasi haqida gapirish mas'uliyatsizlik bo'lardi — bu birinchi navbatda muxlislarimizni, shuningdek, futbolni tushunadigan odamlarni aldash bo'lib chiqadi. Ammo biz — «OM»miz va ambitsiyali bo'lishga majburmiz. Birinchi navbatda maqsadimiz — o'yinda barqarorlikka erishish. Ishonchim komilki, agar o'yin davomida shunday barqarorlik bo'lsa, natijalar ham o'zini uzoq kuttirmaydi. O'yinlarning o'ziga kelsak… Biz shunday injiq sport turi bilan shug'ullanamizki — buni kecha ham ko'rdingiz (mezbonlarning yaqqol ustunligiga qaramay, «Lill»ning «Tuluza» ustidan qozongan g'alabasi), natijani oldindan aytib bo'lmaydi. Bir qarashda xayoliy bo'lib ko'rinadigan maqsadlarni qo'yish men uchun mas'uliyatsizlik bo'lardi. Ammo biz o'zimizni orzudan mahrum qilmaymiz, nega endi yo'q? Bugun ehtiyotkor bo'lishni afzal ko'raman. Biz shakllanish bosqichidamiz: o'tgan mavsumda jamoada bo'lgan o'yinchilar, ijaradan qaytganlar va yosh futbolchilar bor. Balki bunga vaqt kerak bo'lar, balki yo'q.»
— Amin Guiri oldiga qanday maqsadlar qo'ygansiz?
«Jamoa uchun o'yinda barqarorlik haqida gapirganman. Bu Amin uchun ham tegishli. U — to'purar, katta iqtidor egasi, gol urish yoki golli vaziyatlar yaratish qobiliyatiga ega. Nazarimda, u alohida o'yinlar yoki o'yinlar seriyasida barqarorlik borasida o'sishga erishdi. Ammo bu borada hali ham rivojlanishi kerak. Biz har kuni mashg'ulotlarda uni shunday vaziyatlarga solish ustida ishlayapmizki, bu uni maqsadga yetaklasin. Men uning oldiga qo'ygan maqsad: butun mavsum davomida barqarorroq bo'lish. Uning gol ketidan gol uradigan davrlari ham, omadi kelmaydigan vaqtlari ham bo'ladi. Psixologik jihatdan u bunday davrlardan tezroq o'tib ketishni o'rganishi kerak.»
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!