Amin Arit «Renn»ga qarshi o'yin oldidan o'z pozitsiyasi, jamoadoshlari, Yevropa Ligasi va klubdagi vaziyat haqida gapirdi.
🎙️ Amin Aritning «Renn»ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumani
— O'z pozitsiyasi haqida:
Moslashish kerak. Faoliyatim davomida markazda ham, qanotlarda ham ko'p o'ynaganman. Men bunga qattiq bog'lanib qolmayman — deyarli istalgan pozitsiyada o'ynay olaman. Umid qilamanki, pozitsiyadan qat'i nazar, har bir o'yinda hal qiluvchi rol o'ynay olaman va bor kuchimni beraman.
— Vea haqida:
Mashg'ulotlarda ba'zi jihatlarni ishlab chiqyapmiz. Uning energiya zaxirasi juda katta. Biz yaxshi chiqishib ketganmiz.
— Guiri haqida:
Bir nechta vaziyatda unga tanbeh berdim (jilmayadi). Bu konstruktiv edi. Biz hal qiluvchi rol o'ynashni istaymiz. Hech qanday maxsus suhbatlar bo'lmadi. Biz futbolni yaxshi ko'ramiz, umumiy til topishish biz uchun oson. U futbolni his qiladi. U doim gollar urgan. Hozir u yana o'ziga bo'lgan ishonchni qaytarib oldi. Biz bir xil futbol tilida gaplashamiz. U har doim jamoadoshlariga yordam berishga tayyor. Bu tabiiy hol.
— Yevropa Ligasi haqida:
Menga Yevropa Kubogi yarim finallarida o'ynash nasib qilgan. Yevropa Ligasiga kelsak, bu mavsumda har bir o'yinga alohida yondashamiz. Ammo avvalo chempionatga e'tibor qaratishimiz kerak.
— Tribunalardagi Yevropa muhiti haqida:
Turkiyadagi tribunalardagi muhit — bu boshqacha narsa! Bu yerda bizning muxlislarimiz hech narsada turklardan qolishmaydi! Marselda bizni ajoyib tarzda qo'llab-quvvatlashadi.
— Mavsum boshlanishi haqida:
Barcha o'yinlar qiyin. Biz 100 foiz formada bo'lish uchun ishlayapmiz. Bu yil hech narsa tekinga berilmayapti. Haftalik mashg'ulotlarga qaraganimda, tushkun jamoani ko'rmayapman. Biz diqqatimizni jamlaganmiz.
— Abdalla haqida:
U endi Liga 1 bilan tanishmoqda, asta-sekin o'yin vaqti olmoqda. Jamoa tarkibi unchalik katta emasligini hisobga olsak, uning bu mavsumda muhim o'yinchiga aylanishi uchun barcha sifatlari bor. U to'g'ri yo'nalishda harakatlanmoqda.
— Klubdagi «katta maoshlar» haqida:
Klub bilan muzokaralar bo'lgandi. Klubga bo'lgan hurmatim yuzasidan bu yerda to'xtalib o'tirmayman. Bu borada aytadigan gapim yo'q. Shartnomam yakunlanishiga bir yil qoldi va men bu yerda ekanligimdan juda xursandman. Shartnomalarga kelsak, bu haqda keyinroq gaplashamiz.
— Jamoadagi o'rni haqida:
Murabbiy bilan ishlash — haqiqiy zavq. U bizga katta erkinlik beradi.
So'nggi transfer yangiliklari: Marsel Noa Atubolu, Xaysem Xassan va Hillarion Gurga qiziqish bildirmoqda, Amin Guiri esa Komo nishonida.
So'nggi kunlardagi transfer yangiliklari (asosan L'Equipe ma'lumotiga ko'ra):
— Noa Atubolu Rulli o'rniga ko'rib chiqilayotgan ikkinchi darvozabon hisoblanadi. Avvalroq futbolchi A Seriyaga o'tishga moyilligini bildirgani haqida xabar berilgandi, ammo Bild nashrining yozishicha, Marsel klubi qiziqishni yo'qotgani yo'q. Futbolchining Frayburg bilan shartnomasi yakuniga yetishiga bir yil qoldi va bahordayoq yosh darvozabon faoliyatida o'sishga erishishi kutilayotgan edi.
— Amin Guiri Komo klubi qiziqishiga sabab bo'lmoqda.
— Marsel klubi misrlik qanot hujumchisi Xaysem Xassan (Oviedo) va ivuarlik qanot hujumchisi Hillarion Gur (Gent) harakatlarini kuzatib bormoqda.
Bruno Jenezyo transfer oynasi yakunlari, «Olimpik» tarkibi va Amin Guirining o'yini haqida fikr bildirdi.
🎙️ Bruno Jenezyoning «Parij»ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumani
— Transfer oynasi yopilganidan keyin qanday kayfiyatdasiz?
«Avvalo, hammasi yakunlanganidan yengillik his qilyapman, garchi ayrim mamlakatlarda transfer oynasi hali ham ochiq bo'lsa-da. Bu uzoq va murakkab davr bo'ldi. Biz transfer oynasining so'nggi kunlarida asosiy o'yinchilarni saqlab qolish va «OM»da bo'lishi kerak bo'lganidek, jipslashgan tarkibni shakllantirishga muvaffaq bo'ldik.»
— «Olimpik» tarkibi bu mavsumda uchta turnirda ishtirok etish uchun yetarlicha butlangan deb o'ylaysizmi?
«Murabbiylar shtabim bilan birga tarkibda Liga 1 tajribasiga ega o'yinchilar ko'proq bo'lishini istardik. Ammo vaziyat shunday bo'ldiki, bunga erishib bo'lmadi. Biz buni bilardik. Yakunda hammasi men o'n kun avval qo'rqqanimdek yomon bo'lib chiqmadi. Hozir tarkibimiz shakllangan, ayrim o'yinchilarda o'zlarini ko'rsatish imkoniyati paydo bo'ladi, agar tarkibimiz kengroq bo'lganida bu sodir bo'lmasligi ham mumkin edi. Ishda shunday kayfiyat va fidoyilikni saqlab qolish kerak. Shuningdek, ketishni istagan yoki biz ketishini xohlagan tajribali o'yinchilar hamda yosh o'yinchilarning o'sishiga hissa qo'shish uchun ushbu tarkibdan ham individual, ham jamoaviy jihatdan 100 foiz foydalanishimiz lozim.»
— Transfer oynasidan keyin klub oldiga qo'yilgan maqsadlar haqida nimalar deya olasiz?
«(Kuladi) Men maqsadni aynan o'zim qo'yishim shart emasligini aytganman! Chempionlar ligasi haqida gapirish mas'uliyatsizlik bo'lardi — bu birinchi navbatda muxlislarimizni, shuningdek, futbolni tushunadigan odamlarni aldash bo'lib chiqadi. Ammo biz — «OM»miz va ambitsiyali bo'lishga majburmiz. Birinchi navbatda maqsadimiz — o'yinda barqarorlikka erishish. Ishonchim komilki, agar o'yin davomida shunday barqarorlik bo'lsa, natijalar ham o'zini uzoq kuttirmaydi. O'yinlarning o'ziga kelsak… Biz shunday injiq sport turi bilan shug'ullanamizki — buni kecha ham ko'rdingiz (mezbonlarning yaqqol ustunligiga qaramay, «Lill»ning «Tuluza» ustidan qozongan g'alabasi), natijani oldindan aytib bo'lmaydi. Bir qarashda xayoliy bo'lib ko'rinadigan maqsadlarni qo'yish men uchun mas'uliyatsizlik bo'lardi. Ammo biz o'zimizni orzudan mahrum qilmaymiz, nega endi yo'q? Bugun ehtiyotkor bo'lishni afzal ko'raman. Biz shakllanish bosqichidamiz: o'tgan mavsumda jamoada bo'lgan o'yinchilar, ijaradan qaytganlar va yosh futbolchilar bor. Balki bunga vaqt kerak bo'lar, balki yo'q.»
— Amin Guiri oldiga qanday maqsadlar qo'ygansiz?
«Jamoa uchun o'yinda barqarorlik haqida gapirganman. Bu Amin uchun ham tegishli. U — to'purar, katta iqtidor egasi, gol urish yoki golli vaziyatlar yaratish qobiliyatiga ega. Nazarimda, u alohida o'yinlar yoki o'yinlar seriyasida barqarorlik borasida o'sishga erishdi. Ammo bu borada hali ham rivojlanishi kerak. Biz har kuni mashg'ulotlarda uni shunday vaziyatlarga solish ustida ishlayapmizki, bu uni maqsadga yetaklasin. Men uning oldiga qo'ygan maqsad: butun mavsum davomida barqarorroq bo'lish. Uning gol ketidan gol uradigan davrlari ham, omadi kelmaydigan vaqtlari ham bo'ladi. Psixologik jihatdan u bunday davrlardan tezroq o'tib ketishni o'rganishi kerak.»