David Raya: "Bo'yim pastligi faoliyatimga to'sqinlik qilmaydi"
We Are The Arsenal ↗ ●●●●○ Matbuot 👁 33

David Raya: "Bo'yim pastligi faoliyatimga to'sqinlik qilmaydi"

David Raya "Beyond The Box" nashriga bergan intervyusida bo'yi darvozabon uchun unchalik baland emasligi faoliyatiga qanday ta'sir qilgani haqida gapirib o'tdi.

"Blackburn bilan shartnoma imzolaganimda, hozirgidek baland bo'yli emasdim. Hozir bo'yim 186 sm, o'shanda esa taxminan 178 sm atrofida edi. Klubdagilar shubhalanishib, bo'yim yetarli darajada emasligini aytishgandi. Lekin bir qiziq voqea bo'lgan. Kornelyadan bir inson ularga: 'Qo'llariga qaranglar. Uning kaftlari katta. U hali o'sadi', degan. Yakunda meni jamoaga qabul qilishdi, biroq butun faoliyatim davomida doim bir gapni eshitib kelganman: 'Bo'ying yetarli darajada emas'.
Lekin bu borada nima ham qila olardim? Bo'yimni o'zgartira olmayman-ku. Angliyada, ayniqsa, bo'yi ikki metrga yaqin darvozabonlarga o'rganib qolishgan. Ha, ular juda baland, lekin ba'zida hatto uzatmalarga ham chiqishmaydi. Men bo'yim va qomatim o'yin uslubimga ideal darajada mos keladi deb hisoblayman. Men uzatmalarga chiqaman, zarbalarni qaytaraman va barcha kerakli ishlarni bajaraman. Men atletik, tezkor va jismonan kuchliman.
Qaysidir ma'noda, bo'yim ikki metr bo'lishidan ko'ra, hozirgidek bo'lishimni afzal ko'raman. Chunki bunday bo'y bilan ham nimadandir yutqazasan. Balki bo'yim ma'lum cheklovlar qo'yar, lekin o'yinimdan to'liq qoniqish hosil qilaman.
O'ylashimcha, bu bo'yi tufayli avvalroq baholanmagan boshqa darvozabonlar uchun ham muhim. Ular past bo'yli darvozabonlar eng yuqori darajada o'ynayotganini ko'rishganda, agar hamma narsani to'g'ri bajarsang, bo'y to'siq bo'lmasligini tushunishadi. Iker Casillasga qarang. Uning bo'yi 183 sm, Valdesniki 182 sm, Sommerniki 183 sm, Pickfordniki 186–187 sm. U mendan unchalik baland emas. Bo'yi unchalik baland bo'lmagan, lekin shunga qaramay eng yuqori darajada o'ynayotgan ko'plab darvozabonlar bor".
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!