🎙️ Emersonning «Tuluza»ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumani
— «Gavrl»ga qarshi o'yin yakuni haqida:
Bu 70 daqiqa davomida yaxshi o'ynagan o'yinimiz edi. So'nggi 15 daqiqada esa hamma narsa o'zgardi. Futbolda ko'p narsani ko'rganman, ammo bu oxirgi o'yin — aqlga sig'maydigan va tushunarsiz holat. Biz o'yinni qayta ko'rib chiqdik va jamoa sifatida 90 daqiqa davomida kamtar bo'lib, o'yinga jiddiy yondashishimiz kerakligini tushundik.
— Yaqinlashib kelayotgan o'yinlar haqida:
Bu hafta bizni juda muhim uchta o'yin kutib turganini bilamiz. Ammo hozir faqat yakshanba kungi «Tuluza»ga qarshi o'yin haqida o'ylash kerak. Keyin esa «Bayer» haqida o'ylash mumkin bo'ladi. Yakshanba kuni uyda o'ynaymiz, yana bir g'alabaga erishish imkoniyatimiz bor. Biz g'alaba haqida o'ylashimiz va aynan shu o'yinga diqqatni qaratishimiz kerak.
— Yaqindagi golli uzatmalari haqida:
Hammaga ma'lumki, maydondagi asosiy vazifam — ishonchli o'ynash va jamoaga gol o'tkazib yubormaslikda yordam berish. Ammo hujumda yordam berish imkoniyati tug'ilsa, buni bajaryapman. Ustuvor vazifam — jamoaga g'alaba qozonishda yordam berish, shaxsiy yutuqlar haqida o'ylamayman.
— Payshao bilan munosabatlari haqida:
Igor va men yaxshi do'stlarmiz, maydonning bir tomonida o'ynay olishimiz biz uchun katta omad. Bu katta plyus. Unga hujumda yordam berishga harakat qilaman, u esa mudofaada menga juda katta yordam beradi. Tajribam undan biroz ko'proq, shuning uchun unga yordam berishga urinaman. Mavsum boshlanishi uning uchun biroz qiyin kechdi, ammo endi biz yana o'zimiz bilgan o'yinchini ko'ryapmiz. U bundan buyon faqat o'sishda davom etishini kutgandik.
— «OM»ning boshlang'ich tarkibi haqida:
Kamissoko va Nnadi bilan o'ynaganda, ularning xarakteristikalari masalan, Abdelli yoki Xoybyergnikidan farq qilishini ko'ryapmiz. Ular jismonan baquvvatroq. Murabbiy o'yinchilarni optimal pozitsiyalarga joylashtirish yo'lini topmoqda va biz ularning mahoratini ko'ryapmiz. Yarim himoyada tanlovimiz yaxshi, u yerda yana Kondogbiya ham bor.
— Mavsum boshlanishi haqida:
Men har doim bir xil ishlaganman. Ba'zida yomon o'yin o'tkazasan, uch kundan keyin esa yana maydonga tushasan. Menda har doim shunday ruhiy kuch bo'lgan. Mavsum boshida bir nechta yaxshi o'yin o'tkazdim deb o'ylayman, ammo g'alaba qozonmasang, tanqidlar boshlanadi va qiyinlashadi. Bu haqda o'ylamaslikka va bor kuchimni berishga harakat qilaman. G'alaba qozonganingda maqtash osonroq va hamma yaxshi so'zlar topadi. Mening rolim — jamoaga g'alaba qozonishda yordam berish va muxlislarimizga quvonch ulashish.
— Burchak zarbalarini ijro etish roli haqida:
Burchak va jarima zarbalarini har doim ijro etganman, ammo qarorni murabbiy qabul qiladi. Bu yil buning uchun ko'proq imkoniyatga ega bo'ldim. Buni kuchli jihatlarimdan biri deb bilaman va burchak zarbalarim bilan jamoaga yordam berishga umid qilaman.
— O'yin haqida:
Bu muhim o'yin, chunki chempionatda ketma-ket uchta g'alabaga erishdik. Bu muhim o'yin, chunki u uyda o'tadi va undan keyin tanaffusgacha ikkita safar o'yini kutib turibdi. «Tuluza» — turnir jadvalida bizga yaqin turgan jamoa, o'yin qiyin bo'ladi, xuddi ularga qarshi oxirgi ikki o'yinimiz kabi. Ushbu uch ochkoni qo'lga kiritish juda muhim.
— Terma jamoa haqida:
Italiya terma jamoasi uchun o'ynashga har doim tayyor bo'laman. U bilan ajoyib damlarni o'tkazdim, Yevropa chempionligini yutdim. Hozir «OM»dagi ishimga diqqatni qaratganman, agar yana chaqirishsa, juda xursand bo'laman. Ammo boshqa tomondan, uchta jahon chempionatini o'tkazib yuborgandan keyin o'zgarishlarni xohlash — bu tabiiy hol. Agar yana chaqirishsa, juda xursand bo'laman.
— Jenezioning jamoa bilan ishlash yondashuvi haqida:
Men kelganimdan beri bu yerda De Dzerbi bor edi, u bilan ishlash juda tig'iz edi. Jenezio bilan esa hamma narsa boshqacha. Bu De Dzerbi yomon murabbiy degani emas, shunchaki yondashuvlari har xil. Jenezio xotirjamroq, muvozanatli va balki katta murabbiylik tajribasiga egadir. Mavsum boshida o'yinlarda yutqazganimizda ham u bizga bo'lgan ishonchini yo'qotmadi, bu juda muhim. Albatta, futbolda natijalar katta ahamiyatga ega ekanligini bilamiz, ammo muvozanatni saqlash yanada muhimroq deb hisoblayman. Hozir chempionatda uchta g'alabaga erishdik va bu ham murabbiy xotirjamlikni saqlab, bizni boshqargani tufaylidir.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!