Emiliano Martinez «Chelsi» futbolchisi sifatidagi ilk intervyusini berdi. Asosiy fikrlar:
«Chelsi» bilan bog'liqlik haqida:
«Chelsi» tarixidagi eng yaxshi darvozabonlardan biri Petr Chex bilan ishlaganman. Klub afsonalaridan biri Jon Terri bilan gaplashganman. Albatta, ular «Chelsi» haqida doimo iliq fikrlar bildirishgan. Men ushbu klubning bir qismi, uning tarixining bir bo'lagi bo'lishni istayman».
Xarakteri haqida:
«Hozirgi futbolda odamlar doimiy ravishda kelib-ketishadi. Men esa boshqalar bilan oson til topishadigan insonman. Shuning uchun men uchun hamma bilan muloqot qilish va imkon qadar tezroq munosabatlarni yo'lga qo'yish muhim».
Motivatsiya haqida:
«Hammasi bolalikdan boshlanadi. Ota-onam meni va akamni ta'minlash uchun juda ko'p ishlashgan. Ularning stolimizda ovqat bo'lishi uchun kuniga 12-13 soatlab ishlaganini ko'rganman. Aynan ular menga hayotda nimagadir erishish istagini singdirishgan.
Futbolchi bo'lganimda, asosiy maqsadim oilamga yordam berish, ularga yaxshiroq hayot taqdim etish va qashshoqlikdan chiqarish edi. Bu intilish hali ham meni harakatga keltirmoqda. Futbolda nimaga erishganimdan qat'i nazar, doimo ko'proq narsani xohlayman. Ularning men bilan faxrlanishlarini istayman.
Endi esa farzandlarim bor ekan, ularga hayotda hech narsa shunchaki berilmasligini ko'rsatmoqchiman. Shu bois, erishgan yutuqlarim bilan to'xtab qolmoqchi emasman».
Yosh futbolchilar bilan ishlash haqida:
«Futbolda barchamiz yoshmiz. Yosh bu yerda unchalik muhim emas. Asosiysi – to'g'ri muhit va ahil jamoa yaratish.
Yosh, tajribali yoki o'rtada bo'lishingiz mumkin, lekin agar har kim faqat o'zini o'ylasa va biz jamoa sifatida birlashmasak, ko'p narsaga erisha olmaymiz.
Birinchi navbatda, biz barcha bir-birini qo'llab-quvvatlaydigan chinakam jamoaga aylanishimiz kerak. Aynan shu narsa chempionlikni qo'lga kiritishimizga yordam berishi mumkin».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!