❓18 yoshda JCHda o'ynading, endi esa "Barselona" bilan yangi shartnoma imzolading. Zaxira jamoasidagi ro'yxatdan o'tishni saqlab qoldingmi va zaxirada yana o'yin o'tkazishing mumkinligini tasavvur qila olasanmi yoki bu bosqich yakunlandi deb hisoblaysanmi?
🗣 Hamza Abdelkarim: "Avvalo, zaxira jamoasida o'ynash imkoniyatini butunlay istisno qilmayman. Maydondagi daqiqalar rivojlanish uchun juda muhim, bunda uyaladigan hech narsa yo'q. Har kuni asosiy tarkib bilan mashg'ulot o'tkazib, shu orqali o'sayotganingda, bunga ijobiy qarash kerak. Gap shundaki, bu mehnatni maydonda ko'rsata olish kerak — xoh asosiy tarkibda, xoh zaxirada, xoh terma jamoada yoki boshqa joyda. Shunchaki har kuni ustida ishlagan narsangni maydonda ko'rsatishni xohlaysan".
❓Hamza hozir futbolda nimalarni orzu qiladi? Uxlashga yotganingda nimalar haqida o'ylaysan?
🗣 Hamza Abdelkarim: "Buni orzu deb atarmidim, bilmadim. Ko'proq maqsadlar desam to'g'riroq bo'ladi. Maqsading bo'lsa, unga erishish uchun ishlaysan va nimalar qilish kerakligi haqida o'ylaysan. Bu mavsumdagi maqsad, albatta, barcha sovrinlarni yutish, eng avvalo esa Chempionlar ligasi. O'zimga kelsak, jamoaga qo'limdan kelgancha yordam berishni xohlayman".
❓Ilgari senga o'rnak bo'ladigan futbolchilar haqida so'rashgan. "Barselona"dagi debyutingdan so'ng, ko'plab muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda seni Erling Xoland bilan solishtirishdi va hatto "Nil daryosi Xolandi" degan laqab ham paydo bo'ldi. Bu laqab haqida nima deb o'ylaysan va Xoland rivojlanish uchun kuzatib boradigan hujumchilaringdan birimi?
🗣 Hamza Abdelkarim: "Mendan kimga o'xshashga intilishimni so'rashganda, Xoland ham ajoyib hujumchi deb o'ylayman. Uning kuchli tomonlari ko'p va har safar unga qaraganimda, o'rganish va o'z o'yinimni yaxshilash uchun nimadir topaman. Barchamiz uning qanchalik buyuk to'purar ekanligini bilamiz. U doimo kerakli joyda paydo bo'ladi. Bu, shubhasiz, undan o'rganish kerak bo'lgan jihat. "Nil daryosi Xolandi" haqidagi gaplaringizni esa tushunaman (kuladi)".
❓"Barselona" bilan bog'liq eng birinchi xotirang qanday? Bu klub haqidagi ilk taassuroting qanday bo'lgan va "Barselona" seni sotib olmoqchi ekanligini bilganingda qanday munosabatda bo'lgansan?
🗣 Hamza Abdelkarim: "O'ylaymanki, birinchi xotiram "Barselona"ning PSJga qarshi o'yini, o'sha barchamiz eslaydigan aqlbovar qilmas "remontada" edi. Uni akam bilan birga tomosha qilganman va nimalar bo'layotganiga ishona olmaganmiz. "Barselona" bilan shartnoma imzolashim haqidagi xabar esa... buni so'z bilan ifodalab bo'lmaydi. Buni oxirigacha tushuntirib berishning iloji yo'q".
❓Flik ham sen jamoadagi boshqa hujumchilardan farqli sifatlarga ega ekanligingni aytdi. Seningcha, qaysi o'yinlarda jamoa bu sifatlardan eng ko'p foyda olishi mumkin?
🗣 Hamza Abdelkarim: "Men har qanday o'yinga tayyorman. Murabbiy aytganidek, bu mening kuchli tomonlarimdan biri va jamoa bundan foydalanishi mumkin. Men istalgan vaqtda tayyorman".
❓Lamin, Pedri, Rodri, Fermin va Rafinya kabi futbolchilar bilan yonma-yon ishlashdan nimalarni o'rganding?
🗣 Hamza Abdelkarim: "Gap faqat mavsumoldi tayyorgarligi haqida emas. Klubdagi har bir kun, har bir mashg'ulot va har bir o'yin — bu tajriba orttirish va o'rganish imkoniyati. Rostini aytsam, bu tajriba tufayli juda ko'p narsaga ega bo'ldim va shu bilan birga hali ko'p narsani o'rganishim kerakligini bilaman".
❓Bu jamoa bilan yanada ko'proq narsaga erishmoqchi ekanligingni aytganding. Misrlik muxlislar seni har bir o'yinda kutishmoqda, xuddi butun arab dunyosi muxlislari kabi. O'zingning sobiq klubing "Al-Ahli" o'yinlarini kuzatishda davom etyapsanmi?
🗣 Hamza Abdelkarim: "Har bir o'yinni ko'raman. Albatta, barcha o'yinlarni kuzataman. Bu men o'sib-ulg'aygan va menga juda ko'p narsani o'rgatgan klub. Misrga kelsak, sen aytganingdek, butun mamlakat va barcha insonlar meni qo'llab-quvvatlashmoqda. Rostini aytsam, meni butun Misr va butun arab dunyosi qo'llab-quvvatlaydi. Buning uchun ulardan juda minnatdorman. Umid qilamanki, ularni uyaltirmayman va bu mas'uliyatni oqlay olaman".
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!