Hansi Flik: "Himoyadagi o'yinimizdan mamnunman"
Barca Family News ↗ ●●●●● Matbuot 👁 25

Hansi Flik: "Himoyadagi o'yinimizdan mamnunman"

Hansi Flikning "Aston Villa"ga qarshi o'yindan keyingi matbuot anjumani:

❓Sizga ketma-ket o'tkazib yuborilgan gollardan so'ng bugun darvozani "quruq" saqlab qolish nasib etdi. Joan Garsiya va markaziy himoyachilar juftligi ajoyib o'yin ko'rsatdi. Himoya chizig'idagi harakatlarni qanday baholaysiz?

🗣 Hansi Flik: "Eng muhimi, bugun biz jamoaviy himoyalandik, ixcham harakat qildik. Himoya chizig'i ajoyib darajada o'ynadi. Har bir hujumni yaxshi qaytardi. Bu juda ajoyib. Shuningdek, darvozadagi Joan Garsiya ham. Agar bu o'yinchilar qanchalik yosh ekanligiga va Chempionlar ligasi guruh bosqichida qanday o'ynayotganiga qarasangiz... Men bundan juda mamnunman".

❓Rodri o'zini qanday his qilyapti va "Metropolitano"ga safar oldidan uning holati qanday? Boshqa almashtirishlar ham sog'liq bilan bog'liqmidi?

🗣 Hansi Flik: "Yo'q. Rodri bizga biroz noqulaylik sezayotganini aytdi. Ertagacha kutishimiz kerak. Qolganlarga kelsak... Brayan o'yin oxiriga kelib charchab qolgandi, shuning uchun uni almashtirmoqchi bo'ldik. U fantastik o'yin ko'rsatdi. Qolganlari esa odatdagidek... Oddiy almashtirishlar, ortiqcha narsa yo'q. Rafinyada sariq kartochka bor edi".

❓Odatda "Barsa" g'alaba qozonganda juda chiroyli o'yin ko'rsatadi. Bugun jamoangiz tomoshaboplikdan ko'ra samaradorlikka urg'u berdimi?

🗣 Hansi Flik: "Men kecha juda kuchli jamoaga qarshi o'ynashimizni aytgandim. Ular buni birinchi bo'limda ko'rsatib berishdi. Biz ularni odatdagidek yuqori pressing bilan siqmoqchi edik. Biroz boshqacha uslubda, lekin g'oya o'sha-o'sha. Biz ularni xato qilishga majburlamoqchi edik va ular xato qilishdi. Shu boisdan ham gol urdik. Bu g'alaba uchun juda muhim edi. Men uchun himoyadagi harakatlarimiz muhimroq edi. To'p bilan ham, to'psiz ham qanchalik ishonch bilan harakat qilayotganimiz ko'rinib turardi. Buni ko'rish yoqimli".

❓Rafinyaning almashtirilishi haqida gapirdingiz. U bilan biror muammo bormi yoki bu sof futbol qarorimi? U bilan gaplashdingizmi?

🗣 Hansi Flik: "O'ylaymanki, Tenerifedagi voqea unga juda qattiq ta'sir qildi. Xuddi har birimizga ta'sir qilgani kabi. Biz klubga, do'stlariga, oilasiga, barchaga chuqur hamdardlik bildiramiz... Bu ulkan fojia va o'ylaymanki, bu unga kuchli ta'sir qilgan bo'lishi mumkin. Hamma uning almashtirilganidan xafa deb o'ylaydi, lekin men buni his qilyapman... Har doim ham oson bo'lmaydi. Biz rejalarimizga muvofiq harakat qilamiz, lekin barchamiz insonmiz".

❓"Real" va PSJdan uchralgan og'riqli mag'lubiyatlardan so'ng jamoa yaxshi o'yinlar o'tkazdi. Jamoaning reaksiyasidan va shubhalarni yo'qqa chiqargan natijalardan mamnunmisiz?

🗣 Hansi Flik: "Albatta, o'ylaymanki, bu nafaqat futbolda, balki hayotda ham eng muhim narsa. Agar xato qilsangiz, mag'lub bo'lsangiz, yakunda qanday reaksiya bildirishingiz muhim. Reaksiya har doim muhim. Bugun biz uchun bu hal qiluvchi lahza edi. Biz doimo keyingi vaziyatga o'tamiz. Men bundan xursandman, chunki Chempionlar ligasida shunday raqiblarga qarshi o'ynash muhim... Xotirjamlikni saqlash va rejaga e'tibor qaratish kerak. Va albatta, imkoniyatlardan foydalanish... Birinchi golda qilganimizdek: agar gol urish imkoniyati bo'lsa, uni ishlatishing kerak. Bu ajoyib edi".

❓Rafinya 13 ta o'yinda 19 ta gol urdi. Biz odatiy bo'lmagan holatni me'yor deb qabul qilyapmiz. O'ylaysizmi, u bunday yuqori sur'atni saqlab qola oladimi? Axir unda "Oltin butsa" uchun barcha imkoniyatlar bor...

🗣 Hansi Flik: "Menda bu borada hech qanday shubha yo'q. U yaxshi davrni, yaxshi formani boshdan kechirmoqda... Agar u sog'lom bo'lsa va... Terma jamoalar tanaffusidan sog'-salomat qaytsa, bu ham biz uchun, ham u uchun ajoyib bo'ladi. Men bundan juda xursandman, u fantastik futbolchi. Unga barcha ezgu tilaklarni tilayman, shu jumladan jamoamiz kontekstida ham... Orzulari ushalsin!".
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!