Joze Mourinyo: "Atletiko"dan uchralgan mag'lubiyatdan keyin loyihamiz barbod bo'lmoqda deb o'ylamadik"
"Qirollik klubi" ustozi o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Futbolchilar fantastik o'yin o'tkazishdi. Biz yaxshi himoyalandik, to'pga ko'p egalik qildik va o'yindan faqat ijobiy taassurotlar qoldi. Biz ideal o'yin ko'rsatdik. "Valensiya" ustidan qozonilgan g'alaba — futbolchilarning xizmati.
Jamoaning barcha futbolchilari motivatsiyaga ega va xursand, hatto kam o'yin amaliyotiga ega bo'lganlar ham. Kimdir asosiy tarkibga tushsa, qolganlar ular uchun chin dildan xursand bo'lishadi. Har kim jamoada o'z o'rni borligini tushunadi.
AEK bilan o'yindan keyin dam olish uchun juda kam vaqt berilgani? Umid qilamanki, bunday holat boshqa takrorlanmaydi. Umid qilamanki, keyingi safar La Liga boshqa bir jamoa bilan shunday yo'l tutadi. Bu Tebas va Primera rahbariyatiga yo'llagan xabarimmi? Yo'q, hech qanday xabar emas. Men kamtar bo'lishim kerak, chunki barcha hokimiyat ularning qo'lida.
Men ulardan shunchaki bizni bunday sharoitga solmasliklarini so'rayman: biz yakshanba, keyin chorshanba va shanba kunlari o'ynadik... Bunda hech qanday mantiq yo'q, bu shunchaki hazil.
"Barselona" va "Atletiko" seshanba kuni o'ynashdi va yakshanba kuni o'ynashadi. Nega biz chorshanba va shanba kunlari o'ynashimiz, Afinadan qaytgach, tungi soat uchda Valdebebas bazasida tunashimiz kerak?! Men ulardan shunchaki bizni tinch qo'yishlarini so'rayman.
Hozir "Madrid" futbolchilari dam olishlari kerak, ammo buning o'rniga ular terma jamoalar ixtiyoriga jo'nab ketishlari kerak. Bunga esa men hech qanday ta'sir o'tkaza olmayman.
La Liga tarixida 100 dan ortiq o'yin o'tkazgan murabbiylar orasida eng yaxshi g'alabalar foiziga egamanmi? Men shunchaki keyingi o'yinda g'alaba qozonishimiz kerakligini aytaman. O'tmishning ahamiyati yo'q. Odamlar o'tmishni unutishadi, hech kimga uning qizig'i yo'q. Faqat bugungi kun muhim.
Menga jamoam yoqadi. Undan nimadir o'zgacha narsa ufurib turibdi. Tajribamdan kelib chiqib sizlarga, jurnalistlarga ayta olamanki: bu jamoa borasida yaxshi gumondaman, bu "Madrid" borasida yaxshi gumondaman.
Jamoani birlashtira oldimmi? Yo'q, barcha xizmat futbolchilarga tegishli. Kiyinish xonasida birlikni aynan ular o'zlari hosil qilishdi. Rostini aytsam, jamoani birlashtirish uchun aynan nima qilganimni ham bilmayman. Hech qanday o'zgacha narsa emas — shunchaki o'z ishimni bajaryapman.
Aynan o'yinchilar — har biri alohida va butun jamoa sifatida — qattiq kurashishmoqda va bir-biriga hamda jamoaga yordam berish uchun qo'llaridan kelganini qilishmoqda.
Bugungi o'yinda to'pni yo'qotgan vaqtimizda Gyuler o'z pozitsiyasida bo'lmay qoldi va Mbappe uni sug'urtalash uchun juda tez o'sha zonaga yugurdi. Ushbu epizodning o'ziyoq jamoamiz qanchalik jipslashganini ko'rsatib turibdi.
"Valensiya" o'yinchilari tomonidan tajovuzkorlik? Bunday stadionlarda muxlislar haqiqatan ham o'yin ishtirokchisiga aylanishadi. Ular hakamning har bir qarorida norozilik bildirishadi va baqirishadi. Balki "Bernabeu"da hammasi boshqachadir: bizning muxlislarimiz tribunada xotirjam o'tirib, o'yinni kuzatishadi.
Mbappening sariq kartochkasi? Bilmayman. Balki o'sha epizodda Kilian gol urishi mumkin edi. Balki hakam o'sha vaziyatni oxirigacha o'ynashga ruxsat berishi kerak edi. Qanday bo'lmasin, mening nazarimda, bosh hakam ajoyib o'yin o'tkazdi.
Xalqaro tanaffus? O'yinchilar juda charchashgan, ammo men terma jamoa murabbiylarini hurmat qilaman. Agar qachondir biror terma jamoa murabbiyi bo'lsam, chidab bo'lmas odamga aylanaman. Klub murabbiylarini tinimsiz bezovta qilaman, chunki faqat o'z manfaatlarimni o'ylayman.
"Atletiko"dan uchralgan mag'lubiyatdan keyin bir soniya ham loyihamiz barbod bo'lmoqda deb o'ylamadik. O'sha o'yinda nega mag'lub bo'lganimizni aniq bilardik, nimani yaxshilash va qanday qilib g'alabalarga erishish kerakligini tushunardik. Xotirjamlikni saqlab qoldik va kuchaydik. Hammasi shu. Ammo "Madrid"da g'alabadan keyin eyforiyaga berilib bo'lmaydi. Bu yerda g'alabalar — odatiy hol.
Biz to'liq xotirjamlikni saqlab qolyapmiz. Men juda baxtli jamoani ko'ryapman. Juda, juda dahshatli musiqa tinglaydigan (kuladi), ammo shu bilan birga baxtli va a'lo holatda bo'lgan jamoani.
Men charchadim, haroratim bor. Agar ertagacha tirik qolsam, "Bernabeu"da o'tadigan NFL o'yinini tomosha qilaman.
Agar Anchelotti xalqaro tanaffus vaqtida Endrikka amaliyot bersa, xursand bo'laman. Uning o'ynashini xohlayman.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!