Joze Mourinyu «Real»ning g'alabasi va tarkibdagi raqobat haqida
Real Madrid CF ↗ ●●●●● Matbuot 👁 17

Joze Mourinyu «Real»ning g'alabasi va tarkibdagi raqobat haqida

Joze Mourinyuning o'yindan keyingi matbuot anjumani:

«Real»ning kambeklari haqida:

Bizda bunday g'alabalar uchun hamma narsa bor. Agar biz buni uddalayotgan bo'lsak, demak, jamoadagi barcha o'zida shunday kuchni his qilmoqda. Futbolchilarda jasorat bor. Qo'l ostimda bunday saviyadagi futbolchilar borligidan omadliman.

O'yin haqida:

Men juda mamnunman. Biz juda murakkab jamoaga qarshi o'ynadik, ular balki mavsumdagi eng yaxshi o'yinini o'tkazishdi. Uchrashuv boshidan ular ixcham harakat qilib, to'g'ridan-to'g'ri futbol uslubidan foydalanishdi. Ularda tezkor, jismonan baquvvat o'yinchilar va yuqori intensivlik bor edi. Ular ajoyib o'ynashdi va biz o'yinni mukammal darajada o'tkaza olmaganimizga sababchi bo'lishdi.

Biz esa barcha qiyinchiliklarga qaramay, doimo o'yin ichida qoldik va ikkita muhim vaziyatda to'g'ri reaksiya bildira oldik. Hisobda ortda borayotgan bo'lsak ham, xarakter ko'rsatdik. O'yin ochilib ketgan va har ikki jamoa g'alaba uchun intilgan so'nggi daqiqalarda esa individual mahorati yuqoriroq bo'lgan tomon yutib chiqdi.

Endrikning o'yin vaqti haqida:

O'ynamayotganlarning barchasi maydonga tushishga loyiq. Gapim quruq emasligining isboti – odatda asosiy tarkibda chiqmaydigan futbolchilarning o'yini.

Militao ajoyib o'yin o'tkazdi. Unga o'yin ritmini ushlab olish uchun vaqt kerak edi, ammo keyin u o'yinni barqarorlashtirdi.

Endrik – qanot himoyachisi uchun haqiqiy dahshat... Bir soatlik o'yindan so'ng sifatli futbolchiga qarshi kurashgan himoyachi, ustiga-ustak Endrik bilan ham to'qnash keladi!

Ko'plab murabbiylar zaxira o'rindig'imga havas bilan qarashadi. Muammolar yuzaga kelganda, zaxiraga qarayman va ko'plab variantlarni ko'raman. Qo'l ostimda aqlbovar qilmas saviyadagi tarkib bor. Futbolchilar shaxsiy manfaatlarni unutib, jamoa uchun ishlashga tayyor ekan, jamoamiz juda kuchli bo'ladi. Bizda 12 ochko bor, o'ylayman-ki, biz allaqachon saralashdan o'tdik. Endi vazifa – pley-off bosqichidan qochish, taqvimimiz shundoq ham tig'iz. Qolgan 7-8 ochkoni yig'ishimiz kerak.

O'zgarishlar haqida:

Shubhasiz, bunday ochiq o'yinda o'zgarishlar qilish vaqti kelganda, men natija haqida, shuningdek, bo'lajak o'yin haqida ham o'ylashim kerak. Aynan shuning uchun Vinisiusni emas, Diomandeni, yoki Kamavingani emas, Bernarduni almashtirdim. Ayrim almashtirishlar bo'yicha qaror qabul qilayotganimda, allaqachon shanba kungi o'yinni o'ylayotgan edim.

Yakshanba kungi o'yinga nisbatan 5 nafar futbolchini o'zgartirdik va shanba kuni yana rotatsiya qilamiz... 4 yoki 5 nafar futbolchi bo'ladimi, bilmayman. Din, Konate, Chuameni, Arda... Chunki atigi 2 kunlik interval bilan, ustiga-ustak safardan keyin o'ynash juda og'ir. Ammo... vaziyat shunday.

Bellingemning formasi haqida:

Men kelganimdan beri u yaxshi formada. Bu noyob futbolchi. Dunyoda o'yinning barcha jabhalarida bunchalik universal bo'lgan boshqa yarim himoyachi yo'q. Hatto so'z topa olmayapman, chunki men uchun u mutlaqo ajoyib futbolchi. Hatto hamma hayratda qolmaydigan o'yin o'tkazgan kunlarida ham, u doimo jamoa uchun ishlaydi. Bu aqlbovar qilmas o'yinchi.

Nadalning klub rahbariyatiga kirishi haqida:

«Real» va buyuk Rafael Nadal oldida bosh egaman. U «Real»ning katta muxlisi, Direktorlar kengashiga kirish uchun esa, albatta, madridista bo'lish kerak. Murabbiy sifatida, u endi biz bilan ekanligidan cheksiz g'ururlanaman. O'ylayman-ki, har bir «Real» muxlisi ham xuddi shunday his qilmoqda. Umid qilamanki, boshqa klub muxlislari Nadal «Real»ga muxlislik qilgani uchun uni sevishdan to'xtashmaydi.

Raqib va stadiondagi muhit haqida:

Atmosfera aqlbovar qilmas edi. Bunday stadionlar o'z-o'zidan o'ynaydi va aynan shuning uchun ular bizga shunday ajoyib o'yin taqdim etishdi. AEK futbolchilariga kelsak, o'yin davomida alohida futbolchilarni kuzatishga vaqtim yo'q. Ammo kimnidir alohida ta'kidlash kerak bo'lsa, bu ularning murabbiyi. Jamoa odatdagidek o'ynamadi. Ular boshqacha sxemani tanlashdi. Yaxshi himoyanishdi, xavfli qarshi hujumlar uyushtirishdi, qo'rqmasdan o'ynashdi.

Fede Valverde haqida:

Fede shunday qobiliyatga ega. U o'ng qanot himoyachisi pozitsiyasida o'ynaganda, buni amalga oshirish qiyinroq. Bugun men undan tez-tez zarba berishni so'ramadim. Unga o'yin ochilib ketganini va endi yuqori tezlikda harakat qilish kerakligini aytdim, chunki har ikki jamoa charchagan edi. Men unga u kabi yangi kuchga ega, yuqori tezlikda katta masofalarni bosib o'tish qobiliyatiga ega futbolchi bo'sh zonalarga hujum qilishi va xavfli pozitsiyalarga chiqishi kerakligini tushuntirdim.
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!