Karlos Visens «Olimpik Lion»ning «Lill»ga qarshi safar o'yini oldidan payshanba kuni Groupama OL Training Center mashg'ulotlar bazasida matbuot anjumanida ishtirok etdi.
«Lion»ning yangi bosh murabbiyi klubdagi dastlabki kunlari, taktik yondashuvi va muhim o'yinga tayyorgarlik haqida gapirib o'tdi. U, shuningdek, jamoa oldidagi ambitsiyalari, tarkibdagi o'yinchilar holati va yaqin haftalardagi vazifalar bilan o'rtoqlashdi.
«Bu juda tig'iz kunlar, ko'plab omillarni hisobga olish kerak. Klub bilan tanishish, o'yinchilarni bilish va terma jamoalardan qaytgan futbolchilar qanday holatda ekanligini tushunish lozim. Birinchi bosqich — bir-birimizni yaqindan bilish va mashg'ulotlar davomida ko'rinadigan jihatlarni aniqlash. Hozir biz o'zaro tanishuv bosqichidamiz. Har bir o'yinchi bilan shaxsan gaplashib, ularning holatini bilishga harakat qilyapman, shunda «Lill»ga qarshi o'yinga eng yaxshi tarzda tayyorgarlik ko'ramiz», — dedi Visens.
Taktik yondashuv haqida:
«Avvalo, jamoa uchun umumiy elementlarni aniqlash kerak. Biz radikal o'zgarishlarga qo'l urmasdan, kundalik ishga nimalar olib kira olishimizni tushunishimiz kerak, chunki bunga vaqtimiz yo'q. Gap ko'proq jamoa uchun foydali bo'lishi mumkin bo'lgan detallarni sayqallash haqida bormoqda. Vazifamiz — o'yinchilarga «Lill»ga qarshi tayyorgarlik uchun qolgan vaqtga qarab, ma'lumotlarni dozalangan holda yetkazish».
Jamoaga mavsum o'rtasida kelish haqida:
«Korenten va boshqa o'yinchilar bilan gaplashdim. Murabbiyning mavsum o'rtasida ketishi o'ziga xos vaziyatni yuzaga keltiradi, lekin men Paulu bilan bog'liq vaziyat haqida gapirmayman. Mening vazifam — oldimizda qanday sinovlar turganini aniqlash va ularni ambitsiya hamda motivatsiya bilan kutib olish. Men murabbiylar shtabi va o'yinchilar o'rtasidagi munosabatlarni tushunishim kerak. O'ylayman-ki, ular bitta narsani tushunib yetishdi: men bu yerga ularga yordam berish uchun kelganman. Biz barchamiz bitta klubning bir qismimiz va har birimiz «Olimpik Lion» uchun eng yaxshisini istaymiz».
Qishki transfer oynasi haqida:
«Matyo bilan bu masalani muhokama qildik. Biz ba'zi pozitsiyalarda o'yinchilarning yo'qligini, xususan, uzoq muddatli jarohatlarni hisobga olishga majburmiz. Lekin men uchun avvalo futbolchilarni haqiqiy musobaqa sharoitida ko'rish muhim. Shoshilishni istamayman. Bir nechta o'yinni ko'rib, o'yinchilarning maydondagi xatti-harakatlarini baholashim kerak, shundan so'ng qishki transfer oynasi bo'yicha qaror qabul qilamiz».
Murabbiy o'z falsafasini joriy etish uchun qancha vaqt kerakligi haqida:
«G'oyalarimni maydonda ko'rish uchun vaqt kerakligi aniq. Men o'zim uchun aniq muddat belgilamaganman. Biz asta-sekin o'yinchilarga ma'lumot beryapmiz. Avval tushunish bosqichi, keyin g'oyalarimizni amalga oshirish bosqichi bo'ladi. Men o'yinlar davomida ko'rganlarimga qarab, ba'zi jihatlarni to'g'rilab boraman. Mening fikrimcha, asta-sekin harakat qilish kerak. Bizda qancha vaqt borligi haqida ko'p gaplashdik, lekin nima bo'lishidan qat'iy nazar, taqvim oldinga siljiyapti va biz tayyor bo'lishimiz kerak».
Taqvim va «Lill»ga safar haqida:
«Taqvim oson bo'lmasligini bilamiz, lekin men faqat shanba kungi o'yinga e'tibor qaratmoqchiman. Bu uchrashuv yakunlangach, keyingi o'yinga — «Lillestrom»ga qarshi tayyorgarlikni boshlaymiz. Turnir jadvalidagi o'rinlarga chempionat yakunida baho beramiz. Vazifamiz — mavsumni imkon qadar yuqori o'rinda yakunlash. Angliyada bunday uchrashuvlarni «olti ochkolik o'yin» deb atashadi. Biz «Lill»ga safar aynan shunday o'yin ekanligini tushunamiz, chunki har ikki jamoa turnir jadvalida o'zlari istagan pozitsiyalar uchun kurashmoqda».
«Lill»ga qarshi o'yinda qanday kayfiyatni ko'rishni istaydi:
«Men g'alabaga chanqoq jamoani, g'alaba uchun kurashadigan jamoani ko'rishni istayman. Ayniqsa, jasoratli jamoani ko'rishni xohlayman, chunki raqibimiz bizdan katta jasorat talab qiladi. Biz juda qiyin jamoaga qarshi turamiz va ularga o'z o'yin uslubimizni singdirmoqchimiz. Maqsadimiz — to'p bilan ham, to'psiz ham o'yinda ustunlik qilish, lekin shu bilan birga qiyin pallalarda bosimni ko'tara olish. Agar o'yinimizni o'tkaza olmasak, jipslashib harakat qilishimiz, birga chidashimiz va g'alaba uchun borimizni berishimiz kerak».
O'yinchilarning holati haqida:
«Klintonda kichik mushak noqulayligi bor va u shanba kungi o'yin qaydnomasiga kiritilmaydi. Lois tiklanishning yakuniy bosqichida. Biz tibbiy shtab bilan ishlayapmiz va holatning dinamikasiga qarab, kundan-kunga qaror qabul qilamiz. Uzoq vaqtdan beri yo'q bo'lgan o'yinchilarga kelsak, hozir ularning hech biri qaytishga tayyor emas. Niko bo'yicha esa ko'ramiz. Ertaga kim safarga borishi va kim asosiy tarkibda maydonga tushishi bo'yicha qaror qabul qilamiz».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!