UEFA «Lion»ga nisbatan jarima chorasini qo'lladi
UEFA muxlislarning kamsituvchi xatti-harakatlari uchun «Lion» klubini jarimaga tortdi va stadion sektorlarini qisman yopish bo'yicha shartli jazo tayinladi.
UEFA «Lion»ni Yevropa ligasidagi muxlislarining kamsituvchi xatti-harakatlari uchun jazoladi: gap «sent-etyenliklar» manziliga aytilgan hayqiriqlar haqida bormoqda.
«Olimpik Lion» jarima to'lashiga to'g'ri keladi. Pyer Saj shogirdlarining Yevropa ligasida «Kristal Pelas» ustidan qozongan g'alabasidan (3:2) bir hafta o'tib, UEFA intizom qo'mitasi klubga 20 000 yevro miqdorida jarima soldi, shuningdek, ikki yil muddatga Shimoliy tribunaning qisman yopilishi ko'rinishidagi shartli jazo tayinladi. Gap 002, 003 va 004-sektorlar haqida ketmoqda.
Bunga «Lion»ning ayrim muxlislari tomonidan tribunada kuzatilgan «kamsituvchi xatti-harakatlar» sabab bo'ldi.
O'z hisobotida UEFA o'yinning 42-daqiqasida, «to'quvchilar» «burgutlar»ga qarshi bahsda 1:0 hisobida oldinda borayotgan paytda Shimoliy tribunada yangragan gomofob xarakterdagi kamsituvchi hayqiriqlarni qayd etdi.
Ushbu hayqiriqlar «Sent-Etyen»ga qarshi qaratilgan edi: 42 raqami — bu Sent-Etyen joylashgan Luara departamentining raqami hisoblanadi.
Ko'rsatilgan sektorlarning qisman yopilishi «Lion»ning Yevropa ligasidagi navbatdagi uy uchrashuvidayoq kuchga kiradi. 26-noyabr kuni lionliklar Norvegiyaning «Lillestryom» klubini qabul qilishadi.