«Barselona» Messi bilan hamdardlik bildirmoqda: «Kuchli bo'l, Leo» ❤️
Dada, seni yo'qligingga hamon ishona olmayapman. Buni anglash qiyin, to'g'risi, anglashni ham istamayman. Seni boshqa ko'rmasligimni, suhbatlashmasligimizni tasavvur qilish juda og'ir. Azob chekkaningni va shunday bo'lgani ma'qulligini bilaman, lekin sen juda erta ketding. Biz hali birga ko'p narsalarni boshdan kechirishimiz kerak edi.
Sen mendan oxirgi Jahon chempionatida o'ynashimni juda so'raganding, turnir boshlanishiga bir necha kun qolganda esa ahvoling yomonlashdi. Bu sen turnirda bo'lmagan ilk holat edi, lekin onam senga yaxshi bo'lishingni va bora olishingni aytgandi. Men senga finalga qadar yetib borishimizni, shunda sen ham kela olishingni aytgandim.
Har bir o'yin tugaganida xabaringni kutardim va sog'inardim. O'shanda ahvoling haqiqatan ham yomonligini tushundim. Shunga qaramay, senga vaqt qoldirish va hech bo'lmasa bitta o'yinni ko'rishing uchun imkon qadar uzoqroqqa borish haqida o'ylashdan to'xtamadim. Biz finalga yetib keldik, sen esa biz bilan bo'la olmading. Senga bu sovrinni sovg'a qilishni va yangisini ko'rsatishni istagandim. Lekin uddalay olmadim — oyoqlarim bo'ysunmay qoldi. Bu safar jismoniy cheklovlarimni yengishga urindim, ammo eplolmadim. O'zimni yaxshi his qila olmadim.
Men yetib kelganimda, sen finalda penaltilar seriyasida mag'lub bo'lganimizni o'ylayotganding. Nima bo'lgani haqida gaplasha olmadik. Sen hech narsadan zavq ololmading. Biz chempion bo'la olmadik, lekin har bir o'yindan qanchalik zavq olganimizni tasavvur ham qila olmaysan. Va yana sen haq eding: men u yerda bo'lishim va o'ynashim kerak edi.
Bularni senga aytib beryapman, chunki bu biz gaplashib ulgurmagan yagona mavzu edi, qolgan hamma narsani o'zing bilasan. Biz har kuni gaplashardik va ishlarim imkon berganida ko'rishardik.
Sensiz nima qilishimni, qanday yashashimni bilmayapman. Men shunchaki futbol o'ynardim, endi esa buni yana uzoq vaqt davom ettira olishimga jiddiy shubhalarim bor. Sen boshidan beri yonimda eding, marraga yetishga oz qolgandi. Nega biz birga yo'lni yakunlashimiz uchun yana ozgina chidamading?
Sen uchun baxt oilang, xotining va farzandlaring yaxshi yashayotganini ko'rish ekanini bilaman, eng muhimi esa, men o'ynayotganimni ko'rgani kelayotganingni boshqalar bilmasligi kerak edi... 😉
Bolaligimdan shunday edi. Ishdan qaytishing bilan meni barcha mashg'ulotlarga o'zing olib borarding. Ko'p mashg'ulotlarga onam olib borardi, chunki sen ishda bo'larding.
Albatta, birorta o'yinni o'tkazib yubormasding. Meni kuzatib qanchalik qiynalishingni va qanchalik xursand bo'lishingni ko'rardim, garchi hech qachon meni maqtamasang ham.
Sen ota, do'st va agent eding. Har bir vaziyatda kerakli inson bo'la olding va hech qachon xato qilmading. Ba'zi tanbeh yoki janjallarga qaramay, sen doim haq eding. Oxir-oqibat hammasi sen aytgandek bo'ldi.
Seni juda sog'inaman, lekin sen doim yonimda bo'lasan, ayniqsa farzandlarimni tarbiyalashda, chunki men ularni sizlar meni tarbiyalaganingizdek o'rgatyapman va tarbiyalayapman.
Oxirating obod bo'lsin va bizni osmondan turib asra, xuddi shu yerda qilganingdek. Hammasi uchun rahmat.
Seni yaxshi ko'raman, dada. ❤️
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!