❓Hozirgi "Barselona" va uning o'yin uslubi haqida nima deb o'ylaysiz? Oldingi matbuot anjumanlaridan birida siz jamoangizda "Barselona" DNKsi "Barselona"ning o'zidan ko'ra ko'proq ekanini aytgandingiz. Hali ham jamoangiz Xansi Flik jamoasiga qaraganda ko'proq "Barsa" DNKsiga ega deb hisoblaysizmi?
🗣 Luis Enrike: "(kuladi) Avvalo, oldin aytgan gapimga qaytmoqchiman. Gap kimda "Barselona" DNKsi ko'proqligi haqida ketmoqda, to'g'rimi? Men o'shanda to'g'ri javob berganmidim yoki noto'g'ri? Bilmaysizmi? Bilmas ekansiz, men ham nima deb javob berishni bilmayman (kuladi)".
❓Sizning jamoangiz barcha yillar davomida futbol bo'yicha dunyodagi eng yaxshilaridan biri ekanini ko'rsatib kelayotgandek. Bu esa juda kuchli "Barselona" DNKsini anglatadi.
🗣 Luis Enrike: "Demak, mening gapim to'g'ri bo'lgan ekan-da? Javob berish senga qanchalik qiyin... Mayli, hechqisi yo'q, buni qo'ya turaylik. Men haqiqatga e'tibor qarataman. Men "Barselona" a'zosiman. Men uning futbolchisi bo'lganman va olti yil davomida murabbiy sifatida ishlaganman: uch yil asosiy jamoani, uch yil esa o'rinbosarlarni boshqarganman. Kataloniya bilan juda yaqin aloqadaman. Xotinim va farzandlarim kataloniyaliklar. "Barselona" bilan juda yaqin bog'langanman, lekin hozir PSJ murabbiyiyman. Shunga qaramay, "Barsa"ning barcha o'yinlarini murabbiy sifatida emas, muxlis sifatida kuzataman. Shunday bo'lib qoldiki, deyarli har yili biz raqobatlashishga majburmiz. Avvaliga menga qiyin edi, lekin endi ko'nikib qoldim. Bunday ajoyib jamoa bilan raqobatlashish imkoniyatidan iloji boricha ko'proq zavq olishga harakat qilaman. Bu biznikiga juda o'xshash uslubda futbol o'ynaydigan va tarkibida yuqori saviyali futbolchilari bor jamoa. Bu halol o'ynaydigan, raqiblariga nisbatan qo'pollik qilmaydigan va menga juda yaqin bo'lgan qadriyatlarni himoya qiladigan jamoa. Menimcha, barcha jamoalar ichida aynan "Barselona" hozirgi PSJga eng ko'p o'xshaydi. Yuqorida aytganlarimning barchasiga qaramay, ertaga g'alaba qozonishni juda istardim. Menda ulkan raqobat ruhi bor. Faoliyatim davomida men uchun eng ko'p narsani anglatgan va o'zimni eng muhim his qilgan klub bilan to'qnash kelish imkoniyati men uchun alohida motivatsiya. Hozir PSJni ifodalayman va bu tajribaning har bir lahzasidan zavqlanishga harakat qilaman. Umid qilamanki, ertaga biz g'alaba qozonamiz".
❓"Barselona"da murabbiy sifatida muvaffaqiyatlarga erishganingizda, uning DNKsiga yanada vertikalroq o'yin uslubini olib kirgandingiz. Hozirgi Xansi Flik jamoasi ham juda to'g'ridan-to'g'ri va hujumkor o'ynamoqda. U va sizning "Barselona"ngiz o'rtasida o'xshashliklarni ko'ryapsizmi? Flik ham shunday muvaffaqiyatlarga erisha oladi deb hisoblaysizmi?
🗣 Luis Enrike: "Xansi Flik avvalgi murabbiylar erishgan natijalarni yaxshilayotganiga shubha yo'q. Bu juda ajoyib mutaxassis. U buni Myunxenda isbotlagan. Men uning xarakteri, futbolga bo'lgan qarashlarini futbolchilarga yetkazish usuli va hatto matbuot anjumanlarida gapiradigan gaplari "Barselona" DNKsiga mukammal mos tushadi deb hisoblayman. Albatta, bu DNK ko'plab elementlardan iborat, lekin eng muhimi — bu jasorat. Jasur bo'lish, hujumkor futbol o'ynash va doimo g'alabaga intilish kerak. Flik buni a'lo darajada amalga oshirmoqda, natijalar esa o'z so'zini aytib turibdi".
🔚 Luis Enrikening matbuot anjumani yakunlandi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!