Luis Enrike kechagi matbuot anjumanida «Barselona»ga qarshi bo'lajak bahs haqida fikrlarini bildirdi.
❓PSJ va «Barselona» o'rtasidagi bahsni Chempionlar ligasining «muddatidan avvalgi finali» deb atash mumkinmi?
🗣 Luis Enrike: «Yo'q. Turnirning go'zalligi ham shunda — u bizga shunday o'yinlar o'tkazish imkonini beradi. Bizda turlicha taqvim bor, ammo musobaqaning keyingi bosqichlariga nazar tashlasak, albatta, biz favoritlardan birimiz. Biroq, bu turnirda g'alaba qozonishi mumkin bo'lgan boshqa jamoalar ham borligini unutmaslik kerak».
❓Jamoani bunday o'yinlarga tayyorlayotganda ma'lum bir taktik rejangiz bor, ammo raqib siz kutmagan narsani taklif qilishi mumkin. O'yinchilardan maydondagi vaziyatga mustaqil moslashishni qanchalik kutyapsiz? Taktik rejalarga o'zgartirish kiritish uchun javobgar bo'lgan aniq futbolchilar bormi?
🗣 Luis Enrike: «Biz bunday o'yinlarga taxminan bir xil tayyorgarlik ko'ramiz. Chempionlar ligasi — bu raqobatlashish mumkin bo'lgan eng yuqori daraja va, albatta, har bir o'yinning o'ziga xos jihatlari bor.«Barselona»ga kelsak, men ularning o'yinlarini tomosha qilishni yaxshi ko'raman. Nafaqat raqib murabbiyi sifatida, balki muxlis sifatida ham. Ularning qanday o'ynayotgani menga juda yoqadi. Bunday ambitsiya, yorqin individuallik va shunday futbolchilarni ko'rish ajoyib. O'ylaymanki, «Barselona» ko'p jihatdan biz intilayotgan narsani eslatadi. Bizni juda teng va murakkab o'yin kutayotganini bilamiz, chunki «Barsa»da katta individual mahoratga ega futbolchilar ko'p, ammo u jamoa sifatida ham juda kuchli. Bu darajada natijani mayda detallar hal qilishi mumkin.
Biz o'zimiz ta'sir o'tkaza oladigan narsalarga e'tibor qaratganmiz. Men o'yinchilardan odatdagidan boshqa narsani kutmayapman, chunki o'yin davomida yuzaga keladigan barcha muammolarni birgalikda hal qilishimiz kerak. Albatta, bizda individual tarzda aqlbovar qilmas ishlarni amalga oshirishga qodir futbolchilar bor, lekin biz o'yinimizni faqat shunga qurmoqchi emasmiz. Biz uchun o'yin borishini nazorat qilish va bunday bahslarda odatiy darajamizni saqlab qolish muhim».
❓Fransiyadagi vaziyat tarang. O'yin o'tkazilishi xavf ostida emas, lekin bu voqealar jamoangiz tayyorgarligiga ta'sir qilishi mumkinmi?
🗣 Luis Enrike: «Men bu mavzuda gapirishi kerak bo'lgan odam emasman. Men bu yerda futbol haqida gapirish uchun turibman. Albatta, bizga bunday zo'ravonlik yoqmaydi, ammo bu butun jamiyatga tegishli savollar. Menga kelsak, men futbol o'yiniga e'tibor qaratishim kerak.Mening bu borada juda aniq va oddiy fikrim bor va, albatta, barcha muammolarni hal qilishning mukammal yechimiga egaman (kuladi), lekin men bu haqda gapirishi kerak bo'lgan odam emasman. Men futbol murabbiyiman».
❓Nuno Mendeshga tayanolmaysiz. Bu himoyadagi rejalaringizni, ayniqsa Lamin bilan qarama-qarshilik kontekstida qanchalik o'zgartiradi? Portugaliyaliksiz uni to'xtatish uchun PSJning rejasi qanday?
🗣 Luis Enrike: «Bu juda oddiy. Lamin Yamalga qarshi himoyalanishning eng yaxshi yo'li — to'pni nazorat qilish. Agar to'p doimo sizda bo'lsa, Lamin uni qabul qila olmaydi va hamma narsa xotirjam, nazorat ostida bo'ladi. Bu bizning idealimiz. Albatta, o'yin davomida hammasi bunday bo'lmaydi, chunki biz «Barselona»ga, ayniqsa Lamin Yamalga qarshi o'ynash qanchalik qiyinligini juda yaxshi tushunamiz. Biroq, biz o'zimiz qila oladigan ishlarga e'tibor qaratganmiz.Shunchalik katta salohiyatga ega jamoani to'xtatish uchun juda diqqatli va hamjihatlikda harakat qilish kerak. Gap Laminga qarshi himoyalanishi kerak bo'lgan bir futbolchi haqida ketmayapti. Axir «Barselona»da yana Rafinya, Pedri, Kubarsi, Joan Garsiya va boshqa ko'plab ajoyib futbolchilar bor. Biz jamoa bo'lib himoyalanishimiz kerak».
❓«Barselona» bu mavsumdagi barcha 11 o'yinda g'alaba qozondi. Sizni bu jamoada nima ko'proq hayratlantiradi? Ularning o'yinida biron bir zaif tomonni ko'ryapsizmi?
🗣 Luis Enrike: «Mukammal jamoalar bo'lmaydi. Biz «Barselona»ga qarshi o'yinga katta ishonch bilan yondashamiz, ammo ular hozir ajoyib natijalar ko'rsatayotganini va doimiy ravishda rivojlanayotganini tushunamiz. Biz uchun bu qo'shimcha motivatsiya. O'yin ajoyib bo'lishi kutilmoqda».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!