❓Bugungi o'yinda hakamning ishini qanday baholaysiz? Hakam o'yin borishiga ta'sir o'tkazgandek taassurot qoldirmoqda.
🗣 Manuel Pellegrini: «Rostini aytsam, o'yin futbol hissiyotidan butunlay mahrum deb hisoblayman. Mening nazarimda, u o'yin natijasini hal qilgan muhim vaziyatlarga ta'sir o'tkazdi.
Birinchi bo'limdan boshlaymiz. «Barselona» 1:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Maydonda faqat futbol o'ynashni istagan, qo'pollik ishlatmagan va provokatsiya qilmagan ikki jamoa bor edi. Lamin Yamal ajoyib gol urdi, keyin biz hisobni tenglashtirdik, Ektor Belyerin esa bizni oldinga olib chiqish imkoniyatiga ega bo'ldi, hisob 2:1 bo'lishi mumkin edi. O'xshamadi.
Keyin bizning golimiz qo'l bilan o'ynalgani uchun bekor qilindi. Ha, Kucho to'pga qo'li bilan tegdi, lekin faqat «Barselona» o'yinchisi uni orqadan itargani uchun. Bu hujum yakunlangan joydan taxminan 30 metr uzoqlikda sodir bo'lgan tasodifiy epizod edi va u urilgan golga hech qanday ta'sir qilmadi. Roziman, to'p uning qo'liga tekkan, lekin raqib uni itarmaganida, bu kontakt umuman sodir bo'lmasdi. Aynan o'sha turtki qo'l bilan o'ynashga olib keldi.
Keyin «Barselona» yana bir gol urdi. Bu vaziyatlarni keyinroq o'zingiz ko'rib olishingiz mumkin. «Barselona» o'yinchisi oyog'ini futbolchimizning boshi darajasigacha ko'tardi, gol urildi, ammo xavfli qoida buzilishi qayd etilmadi. Shuningdek, VAR aralashuvi ham bo'lmadi.
Nihoyat, o'yin natijasini uzil-kesil hal qilgan vaziyat — qizil kartochka. Siz bu epizodni ko'rdingiz. Lamin Yamal o'yinchimizni itardi, uni provokatsiya qildi, haqiqatan ham qattiq itardi, Fakundo esa javob qaytardi. Albatta, u bunday munosabat bildirib, noto'g'ri ish qildi. Ammo futbol hissiyotiga ega bo'lgan har qanday hakam, shunchaki futbol o'ynashni istagan, qo'pollik va turtkilarga boy bo'lmagan ikki jamoani ko'rib, ikkala o'yinchini ham yoniga chaqirib, ular bilan gaplashib, har biriga sariq kartochka ko'rsatgan bo'lardi. Agressiyaga javob qaytargani uchun faqat bitta futbolchini jazolash mumkin emas. Agressiya sodir bo'ldi, u bunga javob qaytardi va juda yomon ish qildi, lekin hammasi boshqa o'yinchining xatti-harakatidan boshlandi. Shu lahzada o'yin tugadi.
Mening nazarimda, biz kutganimizga mos keladigan juda yaxshi o'yin o'tkazdik va yakuniy natija maydonda sodir bo'lgan voqealarni mutlaqo aks ettirmaydi. Men uchta hal qiluvchi vaziyatni ajratib ko'rsataman. Ularni keyinroq ko'rib, o'zingiz baho berishingiz mumkin, men haqmanmi yoki adashyapmanmi».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!