Mikel Arteta Lill ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng o'tkazilgan matbuot anjumanida Ken Frayer haqida gapirdi.
Ken Frayer, bizning umrbod prezidentimiz haqida gapirishdan avval bir necha og'iz so'z aytmoqchiman. Bu Arsenal futbol klubini sevuvchi, futbolni sevuvchi va uni tanigan har bir inson uchun juda qayg'uli kun. Men u bilan tanishish, vaqt o'tkazish va undan ko'p narsalarni o'rganish sharafiga muyassar bo'lganman. Futbol klublarida ma'lum lavozimlarni egallab, o'z vazifalarini bajaradigan insonlar bo'ladi. Ammo klub o'ziga xosligini, qadriyatlarini shakllantiradigan, kelajak qanday bo'lishi kerakligini ko'ra oladiganlar ham bor. Ken bizga, klubimizga va unga yaqin bo'lgan har bir insonga qoldirgan meros abadiy qoladi. Men barcha muhabbatimizni uning yaqinlariga va oilasiga yo'llamoqchiman. Ular Ken bizning qalbimizda qanchalik alohida o'rin tutishini bilishlarini istayman.
O'yin davomida amalga oshirilgan o'zgarishlar haqida:
Birinchi bo'limda yaxshi lahzalarimiz bo'ldi. Muayyan epizodlarda juda xavfli pozitsiyalarga chiqdik va ustunlikka ega edik. Ammo bu vaziyatlarni haqiqatan ham xavfli hujumlarga aylantirish uchun texnik sifat yetishmadi. Ayniqsa, o'yin fazalari almashinuvida hujumlarni qo'llab-quvvatlashda kamchiliklar kuzatildi. Tanaffusda o'yinchilar joylashuvini biroz o'zgartirganimizdan so'ng, texnik darajamiz ko'tarildi. Raqibga eng ko'p muammo tug'dirishimiz mumkin bo'lgan zonalarga hujum qila boshladik. Buni kuzatish bir zavq edi. Uchta gol ham aqlbovar qilmas darajada bo'ldi. O'zaro harakatlar, o'z vaqtida qilingan qarorlar, ijro sifati. Uch xil futbolchi gol urdi, ammo bu gollarda ko'pchilik ishtirok etdi. Shuning uchun umuman olganda, men juda va juda mamnunman.
Ikkinchi o'yin ketma-ket jamoa uchta o'zgarish tayyorlayotgan vaqtda gol urayotgani haqida:
Endi buni tez-tez qilaman! O'yin qanday rivojlanayotgani va raqib qanday harakat qilayotganini hisobga olgan holda, muayyan zonalardan foydalanish uchun bizga boshqacha turdagi futbolchilar kerak edi. Ammo bu yerda ham asosiy tarkib, ham zaxiradan maydonga tushib, vaziyatlarni yaratishga yordam bergan futbolchilarga hurmat ko'rsatish kerak. Hammasi o'yin impulsi bilan bog'liq.
Ko'p paslar bilan davom etgan kombinatsiyalardan keyingi gollar haqida:
Avvalo, hammasi raqib qanday harakat qilishiga bog'liq. Agar raqib boshqacha o'ynasa, kombinatsiyalar ancha qisqa bo'ladi va bunday vaziyatlar yuzaga kelmaydi. Biz mashg'ulotlarda buning ustida ko'p ishlaymiz, chunki doimiy ravishda shunday o'yin vaziyatlariga duch kelamiz. Futbolchilarimiz rivojlanmoqda, bir-birini yaxshiroq tushuna boshlashdi. O'zaro hamkorlik yanada mukammallashmoqda. Bizga bu zarur, chunki faqat o'yinning boshqa jihatlariga tayanib qola olmaymiz. Qaysidir jihat ishlamasa, g'alaba qozonishning turli yo'llari borligiga ishonch hosil qilishimiz kerak.
Maylz Lyuis-Skellining chap qanot himoyasiga qaytishi haqida:
U har doim murabbiylar ko'magini his qiladi va katta e'tirofga loyiq. Pozitsiya o'zgarishi nafaqat taktik nuqtai nazardan, balki jismoniy talablar va harakatlar xarakteri bilan ham bog'liq. Mening fikrimcha, u ajoyib o'yin ko'rsatdi. Uning kurashuvchanligi va maydondagi harakatlari tahsinga loyiq. Bir epizodni hisobga olmaganda, u juda barqaror o'ynadi. Aynan bizga kerak bo'lgan narsa shu. Maylz jamoamizga katta ta'sir o'tkazadigan futbolchi.
Maykl Olisening «Bavariya»ga qarshi o'yin oldidan diskvalifikatsiyasi haqida:
O'ylaymanki, biz uchun navbatdagi ajoyib sinov «Nottingem Forest» maydoniga safar bo'ladi. So'nggi bir necha yil ichida bunday o'yinlar qanchalik qiyin bo'lishini tushunib yetdik. Shuning uchun avvalo aynan shu uchrashuvga to'liq tayyor ekanligimizga ishonch hosil qilishimiz kerak.
Bukayo Sakaning zaxiradan maydonga tushib, gol urishi haqida:
Agar hammasi shunday kechsa, juda xursandman. Kecha va bugun u o'zini biroz noxush his qilayotgan edi. U asosiy tarkibda chiqishga tayyor emasdi, lekin imkoniyat tug'ilsa, jamoaga yordam berishni juda xohladi. Maydonga tushdi va haqiqiy sifatni namoyish etib, o'yinga katta ta'sir ko'rsatdi.
UEFA Chempionlar ligasidagi ketma-ket 14 ta g'alaba haqida:
Bu barqarorligimiz darajasini ko'rsatadi. Biz o'z futbolimizni o'ynashda davom etamiz va bu turnirda shunday natijalarni qayd etamiz. Ishonchim komilki, biz bundan ham ko'prog'iga qodirmiz. Ammo bu huquqni munosib tarzda qo'lga kiritish kerak, chunki gap jiddiy yutuq haqida ketmoqda.
Noni Maduekening vaziyatlardan foydalanishi haqida:
Men aytganimdek, futbolchilarni yakunlovchi zarbalarda sovuqqon deb ataganimizda, ba'zan ular yuzta urinishdan beshtasini golga aylantirishi nazarda tutiladi. Hammasi miqdorda. Ko'proq vaziyatlar yaratish, ko'proq hujumkor harakatlar qilish va uni qulay pozitsiyalarga olib chiqish kerak. Chunki u o'yin taqdirini hal qila oladi. Bir necha kun avval u jamoa o'yiniga katta hissa qo'shgan edi. Bugun ham oxirgi pasni amalga oshirib, hujumda qatnashdi. Hammasi shu. Futbolchilarni har bir o'yinda hal qiluvchi rol o'ynay oladigan darajaga olib chiqishimiz kerak.
Bukayo Saka bilan suhbat va uning mentaliteti haqida:
Matbuot anjumanidan so'ng, u massaj stolida yotganida oldiga bordim va: "Bukayo, matbuot anjumanida seni shunchaki "yo'q qilib" tashladim. Ertaga omad!" dedim. U kulib yubordi. U meni yaxshi biladi. U bizda shunday lahzalar bo'lishini tushunadi va buni normal qabul qiladi, chunki o'zining eng yaxshi versiyasi bo'lishni xohlaydi. Buning uchun esa oldiga katta maqsadlar va jiddiy vazifalar qo'yish, doimiy ravishda darajani oshirish, ko'p ishlash va barqarorlik ko'rsatish kerak. Unda bunga erishish uchun barcha qobiliyatlar mavjud.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!