Mikel Arteta: «Nottingem Forestga qarshi o'yinda g'alaba qozonish oson bo'lmadi»
We Are The Arsenal ↗ ●●●●● Matbuot 👁 31

Mikel Arteta: «Nottingem Forestga qarshi o'yinda g'alaba qozonish oson bo'lmadi»

Mikel Arteta «Nottingem Forest» ustidan qozonilgan g'alabadan (1:0) so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

Noni Madueke haqida:

Noni meni tabassum qilishga majbur qiladi, chunki u o'ziga xos inson. Uni kiyinish xonasida va butun klubda juda yaxshi ko'rishadi. Uning odamlar bilan muloqot qilish va munosabat o'rnatish tarzi uni betakror qiladi. Yaqinda bir intervyuni ko'rib qoldim, unda o'yinchilarimizdan muammoga duch kelishsa, kimga qo'ng'iroq qilishlari so'ralgan. Ba'zilar Noni deb javob berishgan. Bu meni ajablantirdi! Ammo bu uning qanday inson ekanligidan dalolat beradi.

Xalqaro tanaffusdan keyin u yangi qirralarini ko'rsatdi. Uning harakatlarida ko'proq g'azab, qat'iyat va ishonch paydo bo'ldi. Endi u o'yin taqdirini hal qila boshladi, biz futbolchilarimizdan aynan shuni kutamiz.

Maduekening chap qanotdagi o'yini haqida:

U uchun qaysi qanotda o'ynashning katta ahamiyati yo'q. Faoliyatining katta qismini o'ng qanotda o'tkazgan, ammo hozir jamoaga u chapda kerak va u vazifasini a'lo darajada bajaryapti.

Birinchi bo'limdagi gol muammolari haqida:

Tanaffusgacha gol ura olmagan boshqa o'yinlarimiz ham bo'lgan. Ammo biz 11 ta rasmiy uchrashuv o'tkazib, shundan 10 tasida g'alaba qozondik. Bunda turli yo'llar va vaziyatlarda g'alabaga erishdik. Agar dastlabki 20–30 daqiqada gol urmasak, «Forest» o'yinini o'zgartirmasligini tushunib turgandik. Bu juda yaxshi tashkil etilgan jamoa. Ularning tuzilishi «Rojdestvo archasi»ni eslatadi, ular deyarli bo'sh joy qoldirishmaydi. Maksimal darajada aniq harakat qilish yoki jarima maydonchasida tartibsizlik yaratish kerak, xoh u pozitsion hujumlar bo'lsin, xoh standart vaziyatlar. Biz bir nechta vaziyat yaratdik, ammo darvoza nishoniga tegmadik. Farq shunda edi.

O'yin qancha davom etsa, boshqacha o'ynashimiz kerakligi shunchalik ayon bo'lib borardi. Biz tavakkal qilishni boshladik, aslida shunday bo'lishi ham kerak edi, ammo raqib qarshi hujumlarini nazorat qilish uchun to'g'ri pozitsiyani egallash juda muhim edi. Raqib charchagan sari bo'sh zonalar ko'payishiga va samaraliroq bo'lishimizga ishongandim. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o'z vazifalarini uddalashdi. Shu bilan birga, bizga chidashga to'g'ri keldi. Ikki yoki uchta noodatiy epizod bo'ldiki, ularda gol o'tkazib yubormaslik uchun aqlbovar qilmas harakatlar talab etildi.

Sheriklari Maduekeni qanday tabriklagani haqida:

U bu mehrga loyiq. Bir necha kun oldin yigitlar kiyinish xonasida bir vaziyat tufayli uni ancha masxara qilishgandi. U gol urganidan juda xursandman, chunki endi u ularga javob qaytara oladi! Bu jamoada uni qanchalik yaxshi ko'rishlarini ko'rsatadi.

Konsa va Gabrielning o'yini haqida:

Ularsiz bu g'alaba imkonsiz bo'lardi. Ikkalasida ham aqlbovar qilmas jismoniy sifatlar bor. Raqib taxminan 50 ta uzun uzatma amalga oshirishini kutgandik. Aniq raqamni bilmayman, lekin shu atrofda bo'lsa kerak. Gap faqat birinchi havodagi kurashda emas. Undan keyin sodir bo'ladigan barcha narsa muhim. Doimiy ravishda diqqatni jamlash va har bir epizodda g'alaba qozonish juda qiyin.

Eng qiyin vaziyat ortda qoldi deb o'ylaganingizda, Vud va Xadson-Odoi paydo bo'lib, butunlay boshqacha muammolarni keltirib chiqarishadi. Markaziy himoyachilarga birga-bir harakat qilishga to'g'ri keladi. Ammo aynan shu sababli Premyer-liga dunyoning eng yaxshi ligasi hisoblanadi.

Tanaffusda Eze o'rniga Maduekening tushirilishi haqida:

Boshqacha narsani ko'rishni istagandim. Chap qanotda boshqacha sifatlarga ega futbolchi kerak edi. Mening ishim qaror qabul qilishdan iborat. Bir necha kun oldin Eze gol urgandi va «Lill»ga qarshi o'yinda ikki-uchta gol urishi mumkin edi. Uning yaxshi epizodlari ko'p bo'ldi. Ammo bugungi o'yin butunlay boshqacha sifatlarni talab qildi. Biz o'zgarish zarurligini his qildik va tegishli qaror qabul qildik.

Konsaning o'yin oxiridagi qutqaruvchi podkati haqida:

Aqlbovar qilmas! Ezri va Deklanning harakatlari, yana shunga o'xshash epizod bo'lgandi, bizning xarakterimizni va g'alaba qozonishga bo'lgan ulkan istagimizni ko'rsatib berdi.

Qiyin g'alabalarga erishish qobiliyati haqida:

Hammasi aniq bir o'yinga va raqib qanday o'ynashni xohlashiga bog'liq. Bugungi uchrashuv «Lill»ga qarshi o'yindan butunlay farq qildi. Uch kundan keyin esa bizni «Bavariya» kutmoqda va u yerda hammasi butunlay boshqacha bo'ladi. Barcha 96 daqiqa davomida birga-bir kurash kechadi. O'shanda ko'ramiz! Ammo biz moslashishni, saboq olishni va raqiblarimizdan ustunligimizni oshirishga harakat qilamiz.

«Brayton»dan uchralgan mag'lubiyatga jamoaning munosabati haqida:

Munosabatimizdan 100 foiz mamnunman. «Brayton»dan mag'lub bo'lganimizdan so'ng ketma-ket uchta g'alabaga erishdik. Yana takrorlayman, 18 nafar futbolchimiz Jahon chempionatidan qaytganidan so'ng 11 o'yinda 10 ta g'alaba. O'ylaymanki, biz yaxshi holatdamiz. Albatta, o'sadigan jihatlarimiz doim bor. Biz rivojlanishda davom etishimiz, o'zimizning eng yaxshi versiyamizga aylanishga intilishimiz va sodir bo'layotgan voqealardan biroz zavqlanishimiz kerak. Oldinda juda muhim hafta turibdi.

O'tgan mavsumda erishib bo'lmagan «Aston Villa», «Sanderlend» va «Nottingem Forest» ustidan safardagi g'alabalar haqida:

Bu chempion bo'lish qanchalik qiyinligini ko'rsatadi. Har bir o'yin boshqacha kechishiga umid qilib bo'lmaydi. Premyer-liga bunday ishlamaydi va biz buni juda yaxshi tushunamiz. Chempionat darajasi yana o'sdi. O'ylaymanki, oldinda bizni yana ko'plab kutilmagan natijalar kutmoqda.
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!