«2:1 hisobida Milinkovich-Savich ajoyib seyv amalga oshirdi. Bu oson o'yin emasdi, lekin hozir muvozanatni saqlash kerak. Bayonotlar berishdan ma'no yo'q. Xotirjamlikni saqlab, ishlash kerak, har qanday holatda ham xotirjamlik muhim, ammo hozir bu ayniqsa zarur, chunki biz turnir jadvalida ortda qolyapmiz. Turnir jadvalida tartib o'rnatishimiz kerak. Bu oson bo'lmaydi, chunki ertaga biz kuchli to'rtlik uchun kurashishga shay bo'lgan jamoa bilan to'qnash kelamiz. Ular, albatta, bizga o'xshaydi, ochkolari ham biznikidek, lekin biz yarador, g'azablangan jamoaga qarshi o'ynaymiz. Bizga sportcha g'azab va texnika kerak bo'ladi.»
🔘 Rraxmanining ahvoli qanday?
«Rraxmani gripp bilan og'ridi. Kecha u mashg'ulot o'tkazdi, lekin bugun o'zini qanday his qilishini ko'ramiz, chunki chorshanba kuni ham o'yinimiz bor. Agar u yetarlicha sog'lom bo'lsa, maydonga tushadi, aks holda Marianuchchi yoki Byokemadan biri o'ynaydi. Hozir gripp virusi yuribdi, vaqti-vaqti bilan kimlargadir yuqib qoladi, lekin agar futbolchi sog'lom bo'lsa, u o'ynaydi, bo'lmasa boshqasi maydonga tushadi. Kecha uning ahvoli yaxshiroq edi, bugun ko'ramiz.»
🔘 Xoylund progressga erishmoqdami?
«U har doim yaxshi o'yinlar o'tkazgan, har doim imkoniyatlarga ega bo'lgan, afsuski, ular har doim ham golga aylanmagan.»
🔘 Oxirgi paytlarda sizda ajoyib o'yinlar bo'ldi, ayniqsa «Roma»ga qarshi, lekin g'alaba uchun nimadir yetishmadi...
«Aytish qiyin. Ba'zida himoya oqsamoqda deyish mumkin. «Roma»ga qarshi 3:2 hisobida oldinda bo'lib, keyin 3:3 hisobini qayd etganimizda, Milandagi kabi yaxshiroq o'ynashimiz mumkin edi. Ishni davom ettirib, o'yinning har ikkala fazasini ham yaxshilashimiz kerak. Jamoa ajoyib texnik mahoratga ega va hisobda oldinda bo'lgan paytda to'pga egalik qilishni yaxshilashi lozim.»
🔘 «Yuventus» murabbiyi sifatida siz ko'plab «Yuventus» — «Napoli» o'yinlarini o'tkazgansiz. Bu o'yinning neapolliklar uchun, shuningdek, muammolarini unutishlari uchun qanchalik muhimligini his qildingizmi?
«Ha, buni sezdim. Shahar bo'ylab yurar ekanman, muxlislarni tushunaman. Ammo menimcha, 15 yildan beri kuchli to'rtlikda bo'lib kelayotgan «Napoli» kabi klub uchun hamma narsani bitta o'yinga bog'lash — bu juda soddalashtirilgan qarash. Maqsad — kuchli to'rtlikka kirish, bu oson bo'lmaydi, chunki yaxshi tayyorgarlik ko'rgan bir nechta jamoalar bor; Chempionlar ligasining keyingi bosqichiga chiqish va Italiya Kubogini yutish. Shunda biz yaxshi mavsum o'tkazdik deb ayta olamiz, lekin agar biz bitta o'yindagi g'alaba bilan kifoyalanib, xursand bo'lsak, unda oldinga siljimaymiz, deb o'ylayman. Muxlislar ham, klub ham faqat shu bilan cheklanib qolmasligi kerak.»
🔘 De Bryuyne yoki Gilmorni tanlash mezonlari qanday?
«Biz Lobotkani yo'qotdik, u muhim futbolchi. U olti haftadan keyin qaytishi kerak. Yaxshiyamki, oyog'i sinmagan, aks holda bu falokat bo'lardi. Keyin tanaffusdan so'ng Spinassola, Neres va Favazuli qaytishadi, Alisson esa balki biroz kechroq bo'lar. De Bryuyne bu pozitsiyada o'ynay oladi va Gilmor ham tabiiy o'rinbosar, lekin ikki yarim himoyachi bilan o'ynaydigan o'yinlarimiz ham bo'ladi. Ko'ramiz. Endi esa ertangi kuchli jamoaga qarshi o'yinga diqqatimizni qarataylik.»
🔘 «Yuventus» hozir qiyin damlarni boshdan kechirmoqda. Bu jiddiy xavf tug'diradimi?
«OAVda «Yuventus»ni hisobdan chiqarishayotganini eshitdim, lekin «Yuventus» kamdan-kam hollarda taslim bo'ladi. Bu kuchli jamoa, yaxshi murabbiyga ega va bunday paytlarda ular birlashishadi, shuning uchun bizga juda qiyin bo'ladi. Bizga ajoyib texnik va jismoniy chidamlilik hamda biroz omad kerak bo'ladi.»
🔘 Hozir hatto Italiyada ham ko'p gol urishyapti. 0:0 hisobidagi duranglar yoki kichik ustunlikdagi g'alabalar kamyob.
«Ko'plab omillar bor, samarali o'yin daqiqalari ko'proq, eng charchagan paytingizda esa yo to'p bilan, yo to'psiz himoyalanasiz. Yana bir jihat: biz hali boshlang'ich bosqichdamiz, ochkolar muhim, lekin... mart oyida Chempionlar ligasiga yo'llanma olish yoki quyi ligaga tushib ketmaslik uchun bu ochkolar kerak bo'lganda nima bo'lishini ko'rish qiziq. U yerda hatto psixologik darajada ham hamma narsa o'zgaradi. Albatta, o'yin uslubi va futbolchilarning xususiyatlarida farq bo'ladi, lekin menimcha, raqamlar yana muvozanatlashadi.»
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!