Bugun Qarshida AFC Ayollar Chempionlar Ligasi 2026/27 mavsumi saralash bosqichining navbatdagi uchrashuvlari bo'lib o'tadi.
C guruhidan joy olgan O'zbekiston chempioni Nasaf BAAning amaldagi chempioni — Banaat klubiga qarshi maydonga tushadi.
Banaat FC — BAA ayollar futbolining tez rivojlanayotgan klublaridan biri. Dubay jamoasi 2023-yilda tashkil etilgan bo'lib, qisqa vaqt ichida mamlakatning yetakchi klublari qatoridan joy oldi. Banaat 2025/26 mavsumida o'z tarixida ilk bor BAA chempionligini qo'lga kiritdi.
Jamoani ayni paytda marokashlik mutaxassis Wafa Nacha boshqarib bormoqda. Marokash terma jamoasining sobiq futbolchisi bo'lgan Nacha yozda Banaat FC bosh murabbiyi lavozimini egalladi va jamoani AFC Ayollar Chempionlar Ligasi saralash bosqichiga tayyorladi.
Banaat Qarshidagi saralash bosqichini Butanning Royal Thimphu College jamoasi bilan 1:1 hisobidagi durang bilan boshladi. Ikkinchi turda esa Laosning Master klubini 9:0 hisobida mag'lub etib, yirik g'alabaga erishdi.
Qisqa tarixiga qaramay, BAA chempioniga aylanishga ulgurgan Banaat FC bugun mezbon Nasafga qarshi muhim bahsda maydonga tushadi. O'zbekiston sharafini himoya qilayotgan Nasaf jamoasiga muhim uchrashuvda omad tilaymiz!
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!