Bugun, 1-noyabr kuni ayollar klublari o'rtasidagi Osiyo Chempionlar ligasining 2026/27-yilgi mavsumi guruh bosqichi start oladi. Qarshi shahrida o'tkaziladigan «C» guruhi bellashuvlarida O'zbekistonning «Nasaf» jamoasi ham ishtirok etadi.
Qarshiliklar dastlabki turda Avstraliyaning «Melburn Siti» klubiga qarshi maydonga chiqadi. 2015-yilda tashkil etilgan mazkur jamoa Avstraliya ayollar futbolining eng kuchli vakillaridan biri hisoblanadi. Klub mamlakat chempionatining muntazam mavsumida besh bor birinchi o'rinni egallagan. Shuningdek, «Melburn Siti» 2024/25-yilgi Osiyo Chempionlar ligasida finalga qadar yetib borgan bo'lsa, o'tgan mavsum yarim finalda ishtirok etgan.
Avstraliya klubiga Maykl Matrichchiani bosh murabbiylik qilmoqda. Uning qo'l ostidagi jamoa o'tgan mavsum mamlakat chempionatining muntazam bosqichida ketma-ket uchinchi bor g'oliblikni qo'lga kiritdi. Tarkibda Avstraliya terma jamoasi futbolchisi Kortni Vayn, Melina Ayers va Eydin Kin kabi hujumkor o'yinchilar mavjud. «Melburn Siti» yangi mavsumni ham muvaffaqiyatli boshlab, dastlabki ikki uchrashuvda g'alaba qozondi.
Qayd etish joiz, bu ikki jamoa 2026-yilning mart oyida ham o'zaro to'qnash kelgan. Osiyo Chempionlar ligasi chorak finalida o'tkazilgan uchrashuvda Avstraliya klubi 2:1 hisobida g'alaba qozongan edi. O'shanda «Nasaf» raqibiga munosib qarshilik ko'rsatgan, biroq 90-daqiqada o'tkazib yuborilgan gol sabab musobaqani tark etgan. Bugungi bahs qarshiliklar uchun o'sha mag'lubiyat revanshini olish imkoniyati hamdir.
«Nasaf» va «Melburn Siti» o'rtasidagi uchrashuv Qarshi shahridagi «Markaziy» stadionida o'tkaziladi. Guruhdan, shuningdek, Xitoyning «Pekin Jingtan» hamda Filippinning «Kaya-Iloilo» klublari joy olgan. Reglamentga ko'ra, har bir guruhda dastlabki ikki o'rinni egallagan jamoalar, shuningdek, uchinchi o'rin sohiblari orasidan eng yaxshi natijaga ega ikki klub chorak finalga yo'llanma oladi.