Jamoamiz bosh murabbiyi Ulugʻbek Baqoyev «Bunyodkor» - «Soʻgʻdiyona» 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlangan uchrashuvdan soʻng matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Birinchi bo‘limda «Bunyodkor» o‘yinni ko‘proq nazorat qildi va vaziyatlar yaratdi. Haqiqiy yuz foizlik imkoniyatlar bo‘lmagan bo‘lsa-da, yarim vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi. Zarba berishdi, to‘pni nazorat qilishdi va hokazo. Futbolda shunday holatlar bo‘lib turadi. Shuning uchun 1:1 hisobidagi durang, albatta, biz uchun yaxshi natija emas. Jamoamizda bir g‘alati holat kuzatilyapti: gohida ketma-ket uch-to‘rtta o‘yinda g‘alaba qozonamiz, ba’zida esa shuncha o‘yin davomida g‘alaba qozona olmaymiz. Shunga qaramay, futbolchilarga maydondagi fidoyiligi uchun rahmat aytaman. Endi keyingi uchrashuvga tayyorlanamiz. Oldinda Kubok o‘yini bor. Tiklanib olishimiz, puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz va maydonga g‘alaba uchun chiqishimiz kerak.
Doriyevning o‘yini haqida so‘ralganda, murabbiy uning samaradorligi oshganini ta’kidladi: «Avval u ko‘p vaziyatlar yaratardi, ammo ularni golga aylantirishda jamoada muammolar kuzatilardi. Hozir esa ikkita vaziyat bo‘lsa, ikkita gol uradi, bitta vaziyat bo‘lsa, bitta gol uradi».
Taktik o‘zgarishlar borasidagi savolga javoban Baqoyev sxema o‘zgarmaganini, faqat futbolchilarning maydondagi harakatlari va joylashuvida xatoliklar bo‘layotganini aytdi. Shuningdek, uchrashuv oxirida jismoniy holat biroz pasayganini qo‘shimcha qildi.
Lyupchega qarshi raqiblarning o‘yiniga to‘xtalar ekan, murabbiy shunday dedi: «Doriev to‘pni qabul qilishi bilanoq unga ikki-uch nafar himoyachi tashlanadi, qolaversa, boshqa futbolchilar ham ularni sug‘urtalab turadi. Shu sababli unga qiyin. Bir tomondan esa bu yaxshi holat: demak, raqiblar uni kuchli futbolchi sifatida tan olishyapti va undan xavfsirashyapti».
Yosh futbolchilarning individual mahorati haqida gapirar ekan, Baqoyev ba’zi yoshlar agressiv o‘ynashdan qo‘rqishini va xavfsizroq yo‘lni tanlashini, ammo zamonaviy futbolda individual mahorat juda muhim ekanligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, «Bunyodkor» va «So‘g‘diyona» o‘rtasidagi bahs 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.