O'zbekiston kubogi 1/8 finalida «So'g'diyona» «Jayxun»ni mag'lub etib, keyingi bosqichga yo'l oldi. Uchrashuvdan so'ng Ulug'bek Baqoyev matbuot anjumanida qatnashdi.
O'zbekiston kubogi 1/8 final bosqichi doirasida «So'g'diyona» va «Jayxun» jamoalari o'rtasidagi uchrashuv yakunlandi. O'yin jizzaxliklarning 2:0 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvdagi gollarga Filip Ivanovich (33-daqiqada) va Abdulaziz Abdurashidov (89-daqiqada) mualliflik qilishdi.
Uchrashuvdan so'ng «So'g'diyona» bosh murabbiyi Ulug'bek Baqoyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
So'g'diyona bosh murabbiyi Jayxun ustidan qozonilgan g'alaba va jamoaning o'yini haqida fikr bildirdi.
So'g'diyona matbuot xizmati xabariga ko'ra:
O'yindan oldin yigitlarga har qanday raqibga hurmat bilan munosabatda bo'lish kerakligini aytgan edik. Kim bilan o'ynashimizdan qat'i nazar — Pro liga bo'ladimi yoki Superliga — barchaga hurmat bilan qarash lozim. Birinchi bo'limning dastlabki qismi biroz zerikarli o'tdi: to'p nazorati bo'ldi, ammo darvoza tomon xavfli hujumlar bo'lmadi. Birinchi bo'limning ikkinchi yarmida esa zarbalar berila boshladi, gol urdik. Ikkinchi bo'lim ham xuddi shu ssenariy bo'yicha davom etdi. 2:0 hisobida g'alaba qozonib, keyingi bosqichga yo'l oldik. Yigitlarga g'alaba uchun minnatdorchilik bildiraman. Endi O'zbekiston superligasining navbatdagi turiga tayyorgarlik ko'ramiz.
Jayxun jamoasi haqida ikki og'iz so'z... Yosh, istiqbolli yigitlar. Harakat qilishyapti, murabbiyning ko'rsatmalarini bajarayotgani ko'rinib turdi. Tartibli o'yin ko'rsatishdi. Ayrim vaziyatlarda, ayniqsa, uzoqdan berilgan xavfli zarbalar orqali gol urishlari ham mumkin edi. Umuman olganda, jamoa intiluvchan va umidli. O'ylaymanki, yaqin kelajakda ularning orasidan Superligada to'p suradigan futbolchilar yetishib chiqadi.