Navbahor Paxtakorning Muhammadqodir Hamraliyevga nisbatan munosabatiga javob qaytardi
FC NAVBAHOR ↗ ●●●●● Umumiy 👁 28

Navbahor Paxtakorning Muhammadqodir Hamraliyevga nisbatan munosabatiga javob qaytardi

Bu “Paxtakor” jamoasining Instagramdagi rasmiy sahifasidagi bitiklar. Futbolchimiz Muhammadqodir Hamraliyevni belgilab, “Sen bir gol urmagin ekan”, deya kinoyali so'zlar bilan futbolchimizni ochiqdan-ochiq qoralashga urinilgan. Ko'p yillik qadriyatlarga, mamlakatimiz futbolida o'ziga xos obro'ga ega bo'lgan jamoaning rasmiy sahifasida bu kabi noprofessional tarzda, boshqa jamoaning futbolchisining sha’ni va qadr-qimmatini yerga urishga urinishi qanchalik to'g'ri? Odatda professional futbolchilar amaldagi jamoasi uchun o'ynashi va g'alabasiga hissa qo'shishi kerak emasmi? Qarshisida 22 000 dan ortiq muxlislari turibdi, o'yin harorati yuqori bo'lib turgan vaqtda, jamoasi uchun muhim golni urayotgan futbolchi nimaga golni nishonlamasligi kerak? Yoki, bu borada FIFA, AFC yoki PFL reglamentida sobiq jamoasi darvozasiga urilgan golni nishonlash uchun taqiq qo'yilganmi? Bilishimizcha, sobiq jamoasi darvozasiga urilgan golni nishonlashni taqiqlaydigan biror-bir rasmiy qoida mavjud emas.

Bu kabi (sobiq futbolchilarimiz jamoamiz darvozasini ishg'ol qilib, golni nishonlashgan) holatlar juda ko'p uchragan. Ammo, biz na futbolchini gol urganini va na uning nishonlaganini qoralab, hech qanday post qoldirmaganmiz. Hozir ham qaysi o'yinda kimlar jamoamiz darvozasini ishg'ol qilib, nishonlaganini nomlar bilan keltirmaymiz. O'sha futbolchilar hamda ular to'p tepayotgan jamoaga hurmat saqlagan holda, buni normal holat sifatida qabul qilamiz hamda ularni muxlislarimiz oldida qoralashni o'zimizga ep ko'rmaymiz.

“Navbahor” PFK amaldagi har bir futbolchi, murabbiy va xodimlarini qadrlaydi hamda ularning sha’ni va qadriyatini himoya qiladi. PFL ushbu vaziyatni ochiq qoldirmasligini talab qilib qolamiz. Zero, rasmiy sahifa orqali ulashilayotgan har qanday post hamda munosabatlar klubning pozitsiyani ifodalaydi. Shu o'rinda, Muhammadqodirga murojaatimiz shunday:

Muhammadqodir, sen kechagi urgan goling hamda uni nishonlashing bilan ranjitgan muxlislaringdan yuz barobar ko'proq ishqibozni xursand etding. Zero, stadionda 227 nafar emas, 22 751 nafar tomoshabin bor edi. Senga ularni har bir o'yinda shunday xursand qilish nasib etsin. Otangga balli, topganing halol bo'lsin!

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!