Los-Anjeles—2028: O'zbekiston ayollar milliy terma jamoasining Olimpiada saralash bosqichidagi raqiblari aniq bo'ldi
Bugun, 12-noyabr kuni Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida 2028-yilgi Olimpiada o'yinlarining ayollar futboli bo'yicha Osiyo mintaqasi saralash bosqichiga qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tdi.
Qur'a natijalariga ko'ra, O'zbekiston ayollar milliy terma jamoasi «A» guruhidan joy oldi. Hamyurtlarimiz Olimpiada yo'llanmasi uchun Yaponiya, Avstraliya va Xitoy Taypeyi terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi.
Saralash bosqichi 2027-yilning 19-aprel kuni boshlanib, 4-dekabrga qadar davom etadi. Guruhdagi har bir terma jamoa 6 tadan o'yin o'tkazadi. Shundan 3 tasi o'z maydonida, qolgan 3 tasi esa safarda tashkil etiladi.
Reglamentga ko'ra, har ikki guruh g'olibi Los-Anjeles—2028 Olimpiada o'yinlariga to'g'ridan to'g'ri yo'llanmani qo'lga kiritadi. Ikkinchi o'rinni egallagan terma jamoalar esa 2028-yilning 28-fevral va 4-mart kunlari pley-off bosqichida o'zaro bellashadi. Ushbu qarama-qarshilik g'olibi Argentina terma jamoasiga qarshi qit'alararo saralash o'yinida ishtirok etadi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!