Pedro o'z faoliyati va «Barselona» yoshlari haqida
Barca Family News ↗ ●●●●○ Matbuot 👁 35

Pedro o'z faoliyati va «Barselona» yoshlari haqida

❓Qanday maslahat bergan bo'lardingiz, o'z tajribangizdan kelib chiqib?

🗣 Pedro: «Futbol olamida biroz omad va seni qo'llab-quvvatlaydigan insonlar bo'lishi kerak. Agar yoshlarga maslahat berishim kerak bo'lsa, bu shunday bo'lardi: hech qachon taslim bo'lma. Karyerada millionlab turli xil narsalar yuz berishi mumkin. Men, hatto jahon chempioni bo'lsam ham, jamoadoshlarimdan chetlatilgan paytlarim bo'lgan. Qiyin damlar bo'ladi, ularni qabul qilish va tinmay ishlash kerak. Bularning barchasi — ishimizning bir qismi».

❓Karyerangizda nima yetishmadi?

🗣 Pedro: «Italiyada hech narsa yuta olmaganimdan afsusdaman. U yerda chempionlikni qo'lga kiritib, karyeramni yakunlashni istardim. Shuningdek, birga o'ynashni istagan futbolchilar ham bor, lekin o'zimdan juda faxrlanaman. Ba'zida mag'lubiyat yoki murakkab davr seni kuchliroq qiladi va bu karyeramga ijobiy ta'sir ko'rsatdi».

❓«Barsa» tarbiyalanuvchilariga qanday maslahat bergan bo'lardingiz?

🗣 Pedro: «O'ylashimcha, ularga qandaydir aniq maslahat berishim shart emas, chunki ular haqiqatan ham ajoyib ishlamoqda. Lamin, Fermin, Espart kabi futbolchilar… — bular juda yosh o'yinchilar, ular bu yerda 10–15 yil to'p surishlari mumkin va ularning yuqori saviyada o'yinini kuzatish — haqiqiy zavq. Shuningdek, rahbariyat va prezidentni amalga oshirilgan ishlar bilan tabriklamoqchiman va tez orada ular Chempionlar ligasi kabi sovrinlarni qo'lga kiritishini ko'rishimizga umid qilaman».

❓Sizni qadrlashganini his qilganmisiz?

🗣 Pedro: «O'ylayman-ki, ha. Odamlar meni juda yaxshi ko'rishdi. Balki, OAVda bu haqda juda baland ovozda gapirilmagandir, lekin umuman olganda, erishgan yutuqlarimdan juda mamnunman va odamlar tomonidan bo'lgan bu mehr hamda e'tirofni chin dildan his qilganman».

❓«Barsa»dagi davringizdan qaysi golni tanlagan bo'lardingiz?

🗣 Pedro: «Chempionlar ligasi finalidagi golni. Men uchun o'sha finalda o'ynash va hisobni ochish juda muhim edi. Chempionlar ligasi finalida bunday gol urish — bu aqlbovar qilmas narsa. Men ko'plab chiroyli va muhim gollar urganman, lekin bu men uchun eng o'zgachasi edi».

❓Karyerani xotirjam muhitda yakunlash yana bir g'alabami?

🗣 Pedro: «O'ylashimcha, bu mukammal lahza edi. Bilaman, «Tenerife» bilan bog'liq vaziyat haqida so'rayapsiz. Bunday variant mavjud edi, lekin men psixologik jihatdan musobaqalarga tayyor emasman deb hisobladim va o'z o'rnimni bo'shatib berish eng to'g'ri qaror edi. Men karyeramni yakunladim, o'z ishimni bajardim. Men Italiyada menga uyushtirilgan o'sha ajoyib xayrlashuvni xotiramda saqlab qolishni va karyeramni o'z uyim deb biladigan joyda yakunlashni istadim».

❓Futbol bilan bog'liq qolish niyatidamisiz?

🗣 Pedro: «Ha. Hozircha qaysi sohada ekanligini bilmayman, lekin bu haqda o'ylab, to'g'ri yo'lni tanlash uchun vaqtim bor. Hozir menga dam olish, oilamga e'tibor qaratish va ular bilan vaqt o'tkazishdan zavqlanish kerak».

❓Pedri haqida nimalar deya olasiz?

🗣 Pedro: «Shaxsan menga u juda yoqadi. Bunday futbolchini ko'rish hayratlanarli. Uning karyerasining oxirigacha shu yerda qolishiga umid qilaman. U g'ayratga to'la, unda energiya dengizdek va uning «Barsa»da ajoyib karyera kutishiga juda umid qilaman».

❓Qaysi murabbiy karyerangizga eng katta ta'sir ko'rsatdi?

🗣 Pedro: «Gvardioladan o'yin haqida, maydonda qanday to'g'ri joylashish kerakligi haqida juda ko'p narsalarni o'rgandim va shuning uchun har doim intervyularda buni ta'kidlayman. Del Boske ham menga katta ta'sir o'tkazdi; u har doim biz — futbolchilarga kerak bo'lgan xotirjamlik va o'ziga bo'lgan ishonchni bera olgan. Karyera davomida juda yaxshi, unchalik yaxshi bo'lmagan murabbiy uchraydi… lekin har biridan nimadir o'rganish mumkin. Garchi, bittasini tanlashim kerak bo'lsa, bu Pep bo'lardi».

❓Ota-onangiz hayotingizda qanchalik muhim rol o'ynagan?

🗣 Pedro: «Ular men uchun — haqiqiy xazina. Ular menga mehnat va tirishqoqlik bilan bog'liq qadriyatlarni singdirishgan va men ularni farzandlarimga o'rgatishga harakat qilaman. Ular har doim men uchun katta tayanch bo'lishgan va ularga nafaqat karyeramda, balki shaxsiy hayotimda hamrohlik qilganlari uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman».
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!